Bu esa, o‘z navbatida, biznes yuritishda yuqori malakali, zamonaviy qarorlar qabul qila oladigan yuridik kadrlarga talabni oshirmoqda. Xususiy sektor sharoitida yuristlar faqat qonunlarni biluvchi emas, balki huquqiy xavflarni tahlil qila oladigan, investorlar bilan ishlaydigan, raqamli va xalqaro huquqni puxta egallagan mutaxassis bo‘lishi zarur, degan g‘oyani ilgari suradi.
Qolaversa, huquqiy kadrlarni tayyorlash tizimi ham bu ehtiyojga mos ravishda yangilanmoqda. Tashkent davlat yuridik universitetida “Xususiy huquq” fakulteti tashkil etilgan bo‘lib, fuqarolik huquqi, biznes huquqi, intellektual mulk huquqi, mehnat huquqi kabi sohalarga oid fanlar chuqur o‘rgatilmoqda. 2020-yil
29-apreldagi PQ-5987-sonli qaror bilan universitet negizida yuridik ta’lim klasteri joriy etildi, bu esa ta’lim, ilmiy izlanish va amaliyotni integratsiyalash orqali yuqori malakali yuristlar tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, innovatsion yondashuvlar haqida so‘z borganda, huquqiy sohada LegalTech yo‘nalishlari alohida e’tiborga loyiqligini ham unutmaslik lozim. Misol uchun, “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali” (my.gov.uz), “Elektron sud” (e-sud), “e-Notarius” tizimi va “Lex.uz” kabi platformalar orqali hujjatlar rasmiylashtirish, shartnomalar tuzish, ariza va shikoyatlarni onlayn berish imkoniyatlari kengaymoqda. Bu tizimlar bilan ishlay oladigan, raqamli savodxonligi yuqori bo‘lgan yuridik mutaxassislar bozorning talabiga aylandi. Shu sababli universitetda elektron hujjat aylanishi, shartnomalarning avtomatlashtirilgan shakllari, ma’lumotlar xavfsizligi, elektron tijorat kabi zamonaviy bilimlarni o‘qitish joriy etilmoqda.
Bilamizki, yuridik firma va konsalting kompaniyalarining faoliyati kengaymoqda, xorijiy investorlar va startaplar sonining ortishi esa xorijiy tilda yuridik maslahat bera oladigan kadrlarni tayyorlashni dolzarb qiladi. Shu nuqtayi nazardan, “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi”da aynan xususiy sektorni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, yuridik xizmatlar sifatini oshirish va ularni raqamlashtirish belgilangan.
Xulosa qilib aytganda, bugun xususiy sektor uchun yuridik kadrlar tayyorlash faqat o‘qitish bilan chegaralanmaydi. Bu jarayonni innovatsion, amaliy va global talablar asosida tashkil etish zarur. O‘zbekistonda boshlangan islohotlar natijasida bu borada sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Endilikda asosiy vazifa davlat, oliy ta’lim va xususiy sektor o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, yuridik ta’limni real iqtisodiy jarayonlarga yaqinlashtirish va xalqaro standartlarga mos yuristlar safini kengaytirishdan iboratdir, desak adashmagan bo‘lamiz.
E.Rahmatov,
F.Mamatmurodov,
J.Qarshiboyev,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xususiy huquq fakulteti xodimlari









