Sirdaryoda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Davlat tibbiyot muassasalari bilan bir vaqtda xususiy tibbiyot muassasalari imkoniyati kengayib, kasallikni barvaqt aniqlash, tashxislash va davolashda yangi, zamonaviy, eng yuqori imkoniyatga ega boʻlgan tibbiy jihoz va apparatlardan foydalanilyapti.

2017-yilda viloyatdagi xususiy tibbiyot muassasalar soni 55 tani tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunga kelib ushbu muassasalar soni 104 taga, ulardagi shifo oʻrinlari soni 1 200 taga yetdi.

Davlat tibbiyot muassasalarini boʻsh turgan obyektlaridan unumli foydalanish, va uning oʻrnida davlat-xususiy sheriklik loyihalari asosida xususiy tibbiyot muassasalarni tashkil etish maqsadida Sirdaryo viloyat perinatal markazining boʻsh turgan eski ginekologiya boʻlimi binosi “Doktor Abdumalik” masʼuliyati cheklangan jamiyatga 23 milliard 295 million soʻm miqdorida investitsiya kiritish va u yerda aholiga namunali tibbiy xizmat koʻrsata oladigan xususiy klinika ochish uchun berilgan boʻlsa, Oqoltin tuman tibbiyot birlashmasi hududida foydalanilmay, boʻsh turgan 5 sotixli yer maydoni “Gold status servis 17” masʼuliyati cheklangan jamiyatga davlat xususiy sheriklik asosida xususiy klinika ochish va unga 10 milliard soʻm miqdoridagi investitsiya kiritish uchun berildi.

Shuningdek, Sirdaryo tumanidagi 23-sonli oilaviy poliklinika hamda shahardagi 1-sonli oilaviy poliklinika namuna sifatida, davlat xususiy sherikchilik asosida faoliyat yuritishi uchun xususiy sherik tanlab olinib, qator majburiyatlar hisobiga tadbirkorga berildi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.