Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda IFC oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq, IFC “Fargʻonaazot” AJni xususiylashtirish jarayonida strategik maslahatchi sifatida jalb etiladi. “Deloitte TCF LLP” xalqaro konsalting kompaniyasi mazkur savdo jarayonida yetakchi konsultant hisoblanadi, deb xabar beradi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati.
“Oʻzbekiston kimyo sanoatining raqobatbardoshligini oshirish uchun malakali strategik xususiy sarmoyadorlarni jalb etish katta ahamiyatga ega. “Fargʻonaazot” AJning xususiylashtirilishi Oʻzbekiston hukumatining bu borada amalga oshirayotgan eng muhim chora-tadbirlaridan biridir”, — deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortikov.
“Oʻzbekiston kimyo sanoatini rivojlantirish uchun juda katta imkoniyat va salohiyatga ega. Jadallik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar hamda zamonaviy texnologiyalarga kiritilayotgan sarmoyalar evaziga kimyo sanoati mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotida katalizator vazifasini bajarishi mumkin. Biz sohani modernizatsiyalash hamda mamlakatda barqaror kimyo sanoatini yoʻlga qoʻyish uchun zarur boʻlgan ilgʻor tajriba va yangi gʻoyalarni joriy etish maqsadida xalqaro kompaniyalarni jalb etish jarayonida ishtirok etishdan mamnunmiz”, — deydi IFCning Turkiya va Markaziy Osiyo boʻyicha direktori Vibke Shlyomer.