Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.
Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolar yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovi natijalari boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan berilgan qoʻshimcha axborot muhokama qilindi. Unda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 804-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan joriy yil boshidan bugungi kungacha suv taʼminoti korxonalari tomonidan xorijiy kreditlar boʻyicha 139,3 milliard soʻmlik majburiyatlar bajarilgan. Jami 1 729 ta obyektlarda qurilish ishlari olib borilib, 20 363,6 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurilgan hamda rekonstruksiya qilingan.
Ichimlik suvi taʼminoti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishni nazoratga olish maqsadida Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan “Smart qurilish” elektron platformasi orqali “onlayn” rejimda nazorat ishlari olib borilmoqda hamda sohada korrupsiyaning oldini olish va tender savdolari jarayonida shaffoflikni taʼminlash maqsadida komplayens tizimi joriy etilgan.
2021-yil yanvar-may oylarida 97,6 ming abonent (yoki 258,2 ming nafar aholi) va 342 ta yuridik korxonalar bilan ikki tomonlama shartnomalar tuzilgan boʻlib, ular “Watercontrol” billing dasturiga kiritilgan.
Joriy yilning yanvar-may oylarida hududiy suv taʼminoti korxonalari tomonidan ichimlik suv tarmoqlariga 367 ta noqonuniy ulanish holatlari aniqlanib, jami 1,4 milliard soʻmlik zarar undirilgan.
Maʼlumotlar shaffofligini taʼminlash maqsadida isteʼmolchilar shaxsiy kabineti (cabinet.uzst.uz) sahifasi yaratilgan.
Shuningdek, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Qonunda isteʼmolchi va sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ish va xizmat koʻrsatuvchi) oʻrtasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning yangicha mexanizmlari, shartnomaviy munosabatlarda isteʼmolchiga oʻzining qonunchilikda belgilangan talablarini qanoatlantirishda ustuvor huquq berilishi, ishlab chiqaruvchi haqidagi, savdo va xizmat koʻrsatish qoidalari va umuman, tovar toʻgʻrisidagi axborotni isteʼmolchilarga davlat tilida yetkazilishi va shartnomaga isteʼmolchining qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini kamsitadigan shartlarni kiritishga yoʻl qoʻyilmasligi kabi yangi talablar kiritilgani toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Koʻrilgan masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.