Mahalla faollari va ota-onalar ishtirok etgan tadbirda tuman hokimi SHerali Salomov barchani ana shunday zamonaviy inshoot bilan tabriklab, bolalar uchun yaratilgan shart-sharoit xususida to'xtaldi va xususiy tadbirkor Feruzbek Samadovning keyingi faoliyatiga omad tiladi.
100 nafar bola tarbiyalanadigan nodavlat xususiy bog'chani qurish va jihozlash maqsadida tijorat bankining qo'llab-quvvatlashi bilan 2 milliard so'm mablag' sarflanib, qurilish-ta'mirlash ishlari “Timurbek-Stroy servis” MCHJ bunyodkorlari tomonidan amalga oshirildi. Kichkintoylarning bolalik zavqu-shavqini surishlari, ma'lum bilim va ko'nikmalarga ega bo'lishlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etildi.
Natijada inshootda faoliyat yuritadigan 4 ta yosh guruhidagi bolalar uchun mashg'ulot va o'yin xonalari, oshxona, musiqa zali, uslubxona, ruhshunos, jismoniy tarbiya yo'riqchisi xonalari alohida jihozlandi. SHuningdek, ushbu ta'lim muasasasida 22 nafar pedagog xodim faoliyat yuritmoqda. Kundalik mashg'ulotlardan tashqari rus, ingliz tili, shaxmat, shashka, rasm chizish, badiiy gimnastika to'garaklari ham faoliyat ko'rsatmoqda.
-Tarbiyalanuvchilarga belgilangan standartlarga muvofiq, sifatli dars mashg'ulotlari, to'yimli hamda foydali taom va eguliklar tayyorlab berilmoqda. eng muhimi, bu erdagi sharoitlar — bolalarning o'yin maydonchalari, ovqatlanish, yuvinish, dam olish xonalari ota-onalarimizning talablariga mos. Bu farzandlarimizning sifatli boshlang'ich bilim olishlari, har tomonlama sog'lom o'sib-ulg'ayishiga xizmat qiladi – , deydi tuman Maktabgacha ta'lim bo'limi mudiri o'rinbosari Go'zal Tangrieva.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 5 apreldagi “Maktabgacha ta'lim tizimini yanada rag'batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida belgilangan imtiyozlar mazkur sohada tadbirkorlik faoliyatini yuritishni maqsad qilgan ishbilarmonlar safi kengayishini ta'minlamoqda. Natijada sohada sog'lom raqobat muhiti shakllanib, ta'lim-tarbiya sifati oshishiga zamin yaratilmoqda.
Ma'lumot o'rniga shuni aytish joizki, Qorako'l tumanida 31 ta davlat, 9 ta davlat xususiy-sherikchiligi va 55 ta oilaviy shakldagi maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Tumanda 3-7 yoshdagi bolalar 13 201 nafar bo'lsa, bugungi kunda ularning 5676 nafari maktabgacha ta'lim tashkilotlariga qamrab olingan.
Rabbonqul MUXTOROV,
Qorako'l tumani hokimligi matbuot xizmati rahbari