Seminar YUNISEFning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar masʼul xodimlari ishtirok etdi. YuNISEF tadqiqot markazining xalqaro ekspertlari Gvizer Ris (Gwyther Rees) va Аlessandro Karraro (Alessandro Carraro) koʼp oʼlchovli kambagʼallikni oʼlchash boʼyicha xalqaro tajriba va eng yaxshi amaliyotlar boʼyicha maʼlumot berdi, Gruziya, Qozogʼiston va Chernogoriyadan amaliy misollar keltirdi. Seminar ishtirokchilari taqdim etilgan metodlarning Oʼzbekistonda joriy etilishini ham muhokama qildi.
Xalqaro ekspertlar, shuningdek, dunyodagi koʼplab mamlakatlar Bolalar farovonligi indeksini muvaffaqiyatli amalga oshira olmaganini taʼkidlar ekan, bu yoʼnalishda boshlangan ishlar Oʼzbekistonni yuqori darajaga olib chiqilayotganini eʼtirof etdi.
"Oila yoki bolaning farovonligi darajasini oʼlchashga qiziqish 1970-yillarda boshlangan. Bu YIM va mamlakatning farovonligi oshishi bilan bogʼliq. Farovonligini oʼlchash uchun koʼp oʼlchovli yondashuv soʼnggi oʼn yil ichida joriy etildi, – dedi Gvizer Ris.
Inson yoki oilaning farovonligi haqida umumiy eʼtirof etilgan taʼrifning yoʼqligi qayd etildi. Odatda, bu kabi tushuncha bir necha tarkibiy qismlardan iborat: sogʼliqni saqlash, taʼlim, sifatli oziq-ovqat, uy-joy, bandlik va boshqa shunga oʼxshash imkoniyatlar.
Ekspertlarning taʼkidlashicha, Oʼzbekistonda kambagʼallikni oʼlchash va kamaytirish usullaridan keng foydalanish eʼtiborga loyiq.
Tadbir ishtirokchilari amaliy seminar oʼtkazish oila va bolalar farovonligi sohasidagi monitoring vositalari va siyosat boʼyicha xalqaro ekspertlar bilan tajriba va fikr almashish imkoniyati ekanini taʼkidladi.
"Olingan maʼlumotlar, masalan, kelajakda bola nafaqalari miqdorini aniqlashda turli yondashuvlarni modellashtirishga imkon beradi, bu esa ularning zarur miqdorini aniqlashga yordam beradi. Uy-joy sharoitlariga nisbatan deprivatsiyalarni oʼlchash tegishli mahalliy ijro etuvchi organlar tomonidan foydalanish uchun ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash siyosatini oʼzgartirishga imkon beradi", dedi seminar tashkilotchilari.
Seminar koʼp oʼlchovli kambagʼallikni oʼlchash hamda Oila farovonligi indeksini hisoblash boʼyicha milliy metodologiyani ishlab chiqish va amalga oshirish uchun asos boʼlib xizmat qiladi. Ushbu oʼlchovlar Oʼzbekistonda kambagʼallikni kamaytirish va oilalar farovonligini oshirish boʼyicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash uchun foydali maʼlumotlar beradi.