Yangi farmon: sun’iy intellekt huquq tizimini qanday o‘zgartiradi?

    Raqamlashtirish 22 Dekabr 2025 41

    Bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyalari dunyo bo‘ylab davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va huquqiy tizimning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.

    Sifatli xizmat, tezkor jarayonlar, shaffof boshqaruv — bularning barchasi texnologiya yordamida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘zbekiston ham ushbu global jarayondan chetda qolmayapti. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 22.10.2025 yildagi PF-189-son “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni, mamlakatda sun’iy intellekt tizimini shakllantirish va uni huquqiy jihatdan tartibga solishning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi.

    Farmon nima uchun qabul qilindi?

    Hozirgi raqamli davrda sun’iy intellekt texnologiyalari davlat xizmatlari, elektron tijorat, moliya bozori, huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda qo‘llanilmoqda. Shunga qaramay, sun’iy intellekt bilan bog‘liq jarayonlar uchun aniq huquqiy talablar, ekspertiza tizimi, xavfsizlik standartlari va mas’uliyat mexanizmlarini belgilash zarurati mavjud edi. Farmon aynan shu ehtiyojlardan kelib chiqib qabul qilindi. U mamlakatda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha yagona yondashuvni shakllantirish, davlat boshqaruvida sun’iy intellektdan foydalanishda aniqlik va tartib yaratish, yoshlar hamda startaplar uchun keng imkoniyat ochish, eng muhimi — raqamli transformatsiyani tizimli asosda davom ettirishga qaratilgan.

    2026-yildan kuchga kiradigan muhim tartiblar

    Farmonning eng ahamiyatli jihatlaridan biri — 2026-yil 1-yanvardan boshlab joriy etiladigan yangi huquqiy tartibotlarning belgilanishidir. Ushbu tartiblar sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish jarayonini yanada izchil va nazorat ostida olib borishga xizmat qiladi.

    Endi:

    • Sun’iy intellektni joriy etishni nazarda tutuvchi har qanday normativ-huquqiy hujjatlar va texnik topshiriqlar majburiy ravishda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan kelishiladi. Bu sun’iy intellektning xavfsiz, standartlarga mos va to‘g‘ri joriy etilishini ta’minlaydi.
    • Sun’iy intellekt ni kriptoaktivlar aylanmasi, elektron tijorat, sug‘urta, qimmatli qog‘ozlar bozori va blokcheyn asosidagi tizimlarga tatbiq etish tartiblari ham aynan shu agentlik tomonidan belgilanadi. Bu yuqori xavfli sohalarda huquqiy aniqlik yaratadi.
    • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap” tanlovi o‘tkaziladi. Bu yoshlarni ushbu yo‘nalishiga jalb qilish va motivatsiya berishga qaratilgan.
    • Davlat organlari va davlat ulushi 50% dan ortiq bo‘lgan kompaniyalarning raqamli transformatsiya darajasi endi sun’iy intellekt joriy etish ko‘rsatkichlari orqali baholanadi.
    • 2026-yil 1-martdan boshlab yiliga ikki marta vazirlik va idoralar o‘rtasida “Eng yaxshi sun’iy intellekt loyihasi” tanlovi o‘tkaziladi.

    Bu tadbirlarning barchasi sun’iy intellekt sohasida sog‘lom raqobat va innovatsion yondashuvni kuchaytirishga xizmat qiladi.

    Sun’iy intellektning sud-huquq tizimidagi roli qanday?

    Sun’iy intellektning sud-huquq tizimidagi o‘rni tobora kengayib bormoqda. Sun’iy intellekt yordamida hujjatlarni qayta ishlash, ariza topshirish jarayonlarini avtomatlashtirish, takroriy va oddiy jarayonlarni tezlashtirish, statistik tahlillar olib borish, fuqarolarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish mumkin. Bu, o‘z navbatida, davlat organlarining yuklamasini kamaytiradi va murakkab huquqiy masalalarga ko‘proq vaqt ajratish imkonini yaratadi. Lekin, huquqiy mas’uliyat doimo mutaxassis zimmasida qolishi kerak. Sun’iy intellekt — huquq tizimiga yordam beruvchi texnologiya, lekin qaror chiqaruvchi subyekt emas. Shu sababli, inson omili ustuvorligi amaliy jihatdan saqlanib qolishi mantiqan to‘g’ri hisoblanadi.

    Xalqaro tajribalar nimani ko‘rsatmoqda?

    Dunyo tajribasi sun’iy intellektni tartibga solishda ehtiyotkor yondashuv zarurligini ko‘rsatmoqda. Masalan, yaqinda Albaniya davlatida vazir sifatida tanilgan Diella suniy intellekti korrupsiya — xususan, kriptovalyuta orqali pora olish bilan bog‘liq holatda hibsga olindi. Bu holat texnologiya emas, uni boshqaradigan inson omilining naqadar muhimligini yaqqol namoyon etdi. Yevropa Ittifoqining sun’iy intellektga oid AI Akti, AQSHning “Responsible AI” siyosati, Janubiy Koreya va Singapurning qat’iy standartlari shundan dalolat beradi: sun’iy intellekt muvaffaqiyatli ishlashi uchun avvalo puxta huquqiy mexanizmlar bo‘lishi kerak. O‘zbekistonning yangi farmoni aynan shu global tamoyillarga mos, tartibli yondashuvni yaratmoqda.

    Yangi farmon O‘zbekistonning raqamli kelajak sari dadil qadam tashlayotganini ko‘rsatadi. sun’iy intellekt texnologiyalarini tartibga solish, nazorat qilish, xavfsiz joriy etish va yoshlar uchun keng imkoniyat yaratish — bularning barchasi mamlakatning huquqiy va texnologik taraqqiyotiga xizmat qiladi. Eng muhimi, sun’iy intellekt inson o‘rnini bosuvchi emas, balki tizimni yengillashtiruvchi va samarali qiluvchi vosita sifatida joriy etilishi lozim. Bu esa O‘zbekistonning raqamli davlat sari olib borilayotgan izchil harakatlarining muhim qismi hisoblanadi.

    Muzaffar Jumaqulov,
    Toshkent davlat yuridik universiteti
    Fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual kafedrasi o’qituvchisi