Chirchiq-Boʻzsuv traktida joylashgan yangi “Kamolot” GESida tashkil etilgan press-turda stansiya faoliyati, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumot berildi.
— Markaziy Osiyoda tajriba sifatida qurilayotgan mazkur GES ning afzalliklaridan biri shundaki, u avtomatik, aqlli, xavfsiz boshqaruv tizimiga ega. Qolaversa, bu yerda “Kapsula” usulidagi gidroagregatlar oʻrnatilgan. Bu odatiy usuldan farqli ravishda bosimsiz suvdan ham quvvat olish imkonini beradi. “Kamolot” GESning quvvati 8,6 MVtni tashkil qilib, bir soatda 8 ming xonadonni elektr toki bilan taʼminlaydi. Avvallari bu yerda suv oʻtkzuvchi qurilma boʻlib, mavsumiy pallalarda sugʻorish ishlarini amalga oshirishda qoʻllanilgan. Boshqa maqsadlarda foydalanilmagan. Hozir suvdan elektroenergiya ishlab chiqarishda foydalanilgach, yana sugʻorish maqsadida Chirchiq daryosiga yetkazib beriladi. — deydi “Chirchiq GESlar kaskadi” UK direktori Abdurasul Shodmonov.
Hozirda GESning asosiy qurilish ishlari yakuniga yetgan boʻlib, oxirgi montaj-sozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Feruza JOʻRAYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muhbiri