Odamlarning daromadini oshirish, yangi ish o'rinlari yaratish, investitsiyalar jalb qilishni sanoatsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishda esa, tarmoq kooperatsiyasining o'rni juda katta.

Bundan ikki yil muqadam mazkur sohani zamon talablari asosida yo'lga qo'yish masalasi ilgari surilganda, avvalo, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida to'liq ma'lumotlar bazasini shakllantirish vazifasi kun tartibida turardi. Bu vaqtga qadar ushbu vazifani yiliga bir marta o'tkaziladigan respublika tarmoqlararo ko'rgazmalari va sohalar bo'yicha tashkil etiladigan ana shunday tadbirlar baholiqudrat bajarib kelgan. Biroq, zamon shiddati va ro'y berayotgan keng qamrovli o'zgarishlar yangicha hamda tezkor vositani yo'lga qo'yishni taqozo eta boshladi. Sodda qilib aytganda, sanoat ishlab chiqarishida xomashyo, butlovchi qism yoki uskunaga ehtiyoj tug'ilsa, shu pallada ta'minlashga kamarbasta bo'ladigan elektron tizim kerak edi.

Elektron kooperatsiya portali

Prezidentimiz tomonidan 2019-yilning 24-avgust kuni imzolangan “Davlat va xo'jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo'yicha mas'uliyatini yanada oshirish to'g'risida”gi qaror asosida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni kamaytirish vazirligi huzurida elektron kooperatsiya portalini ishga tushirish vazifasi qo'yildi. Ana shu yilning 15-noyabrida portal o'z faoliyatini boshladi.

Qaror o'z vaqtida va istiqbolni o'ylab qabul qilinganligi, ayniqsa, pandemiya va global inqiroz sharoitida o'zini yaqqol namoyon etdi. YA'ni, Portal ishga tushanidan keyin oradan roppa-rosa to'rt oy o'tib, koronavirus sababli joriy qilingan karantin tadbirlari barcha sohalar singari ishlab chiqaruvchilar faoliyatini ham cheklab qo'ydi. Mazkur sharoitda mahalliy mahsulotlar oldi-sotdi jarayonini masofaviy amalga oshishida ushbu platforma juda qo'l keldi va kelyapti.

Elektron koorepatsiya portali Internet tarmog'ida www.cooperation.uz domenida ish yuritmoqda.

—  Uning asosiy afzalligi shundaki, savdo maydoni nafaqat mahalliy korxonalarga ta'minot zanjiri aloqalarini muvaffaqiyatli o'rnatishda yordam beradi, balki mahalliy mahsulotlarning xilma-xilligini ko'paytirilishiga ham xizmat qiladi, — deydi korxona direktori Farrux Xo'jamqulov. — Dastur shunday yaratilganki, ishlab chiqaruvchining mahsuloti sertifikatlashtirilmagan bo'lsa, elektron kooperatsiya portal uni qabul qilmaydi. Tuzilgan shartnoma muddati buzilsa, kelishuv bo'yicha belgilangan ustama haq to'lanadi. Platformada ro'yxatdan o'tish, mahsulotlarni  joylashtirish va savdolarda ishtirok etish mutlaqo bepul.

Buyurtmani o'z vaqtida bajarishdan birinchi galda ishlab chiqaruvchilarning o'zi manfaatdor. Iste'molchi mahsulotini qabul qilib olganligi haqida xabar elektron ma'lumot Portalimizga kelib tushgan zahoti uning “banki”dagi shartnomaviy summa hisobvaraqasiga o'tadi. To'lov kafolotiga keladigan bo'lsak, buyurtmachining tuzilgan shartnoma bo'yicha kelishilgan summa Portalga tushmaguncha, elektron tizim mahsulotni etkazib berishga yo'l bermaydi.

Portal orqali mahalliy mahsulotlarning tasniflari, sifat ko'rsatkichlari, bozordagi hajmi, shuningdek, import qilinayotgan va eksportga yo'naltirilayotgan tovarlar xususida onlaynda axborotga ega bo'lish ham tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Binobarin, ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar yaxshi eslashadi. Avvallari biron bir mahsulot yoki xomashyoni yirik korxonalardan olishda o'rtada “vositachi” turmasa, ish bitirish qiyin edi. Elektron kooperatsiya portali orqali sifatli mahsulotni ortiqcha xarajatlarsiz, o'z narxida va o'z vaqtida xarid qilish uchun shaffof imkoniyat yaratildi. Unga kirib, biron bir detal yoki xomashyoning nomini kiritishingiz bilan ishlab chiqaruvchilarning o'nlab takliflari paydo bo'ladi. Talab va taklifga asoslangan bunday xizmatni ham elektron xizmat ta'minlaydi va shu asnoda korruptsiyaning oyog'iga bolta uriladi.

— Portal bizga mijozlar bazasida barqarorlikni ta'minladi, natijada uzoq muddatli faoliyatni yanada samarali rejalashtirish va tashkil etish imkoni tug'ildi, — deydi “Aziatskiy Mashinostroitelniy Zavod” MCHJ ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi bosh direktori Habibulla Tolibjanov. — Xarajatlarni kamaytirish va korxona faoliyatini kengaytirish uchun mablag'larni yo'naltirishga sharoit yaratilgani bois, 25 ta yangi ish o'rni vujudga keldi.

Qo'shimcha rag'bat va imtiyozlar

So'nggi yillarda mamlakatimizda faol investitsiya va tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda iqtisodiyot tarmoqlarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirib kelinyapti. Agar 2017 — 2019-yillarda iqtisodiyotda o'zlashtirilgan investitsiyalar hajmiga e'tibor qaratsak, u 2,1 barobarga, shu jumladan, markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga 2,8 barobarga ortganligi kuzatiladi. YAlpi ichki mahsulot tarkibidagi investitsiyalar ulushi 2016-yildagi 21 foizdan 2019-yil yakuniga ko'ra, 38 foizdan ko'proqqa o'sdi. Ushbu davrda tashqi savdo aylanmasi hajmi 1,7 barobarga oshgan.

Lekin koronavirus pandemiyasi tufayli kooperatsiya aloqalarining buzilishi, mahsulotga talab va sotuv bozorlarining qisqarishi iqtisodiyotning qator tarmoq hamda sohalaridagi korxonalarning ishlab chiqarish faolligiga cheklovchi ta'sir o'tkazib keldi. Natijada 2020 yilning ikkinchi yarmiga kelib, mamlakatimiz sanoatida lokalizatsiyalashgan mahsulotlar hajmi atiga 4 foizni tashkil etdi. Masalan, avtomobil` sanoatida import qilinayotgan 1 ming 712 turdagi butlovchi qismni yurtimizda ishlab chiqarilib, valyuta xarajatlarini kamida 150 million dollarga kamaytirish imkoniyati mavjud edi. Ushbu mahsulotlarning hududiy korxonalarda ishlab chiqarilishi esa, atomobillar tannarxini kamaytirib, bozorda raqobatbardoshligini oshirishga zamin yaratgan bo'lardi.

Qishloq xo'jaligi uchun kichik mexanizatsiya, uskuna va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish uchun talab etarli bo'lishiga qaramay, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Farg'ona viloyatlaridagi to'la quvvatda ishlamayotgan korxonalar va servis bazalarida 120 dan ortiq turdagi mahsulotlar  tayyorlash imkoniyati boy berib kelinardi.

Prezidentimiz 2020-yil 22-avgustda Bektemir tumanidagi “Cooperation LAB” markazida hududlarda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni kengaytirish masalasi bo'yicha o'tkazilgan yig'ilishda shu kabi mavjud muammo va imkoniyatlarni tahlil qilar ekan, tarmoqlar va hududlar o'rtasida o'zaro kooperatsiya bo'lmas ekan, qo'shilgan qiymat zanjirini va yangi industrial taraqqiyotni tasavvur ham qilib bo'lmasligini ta'kidladi.

 Ana shu jihatlar davlatimiz rahbarining undan bir kun oldin qabul qilingan “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida o'z ifodasini topgan edi. Unga muvofiq, davlat xaridlarida yurtimizda tayyorlangan mahsulotlarga ustuvorlik berilib, ishlab chiqarish yanada rag'batlantirishning amaliy jihatlari belgilab qo'yildi. Xususan, 2020-yil 1-noyabrga qadar cooperation.uz portalida respublikada tayyorlanayotgan barcha maxsulotlar (ishlar, xizmatlar)ning texnik ko'rsatkichlari 10 ta raqamli TIF TN kodi va ishlab chiqaruvchilarga bog'lanish ma'lumotlari bilan birgalikda joylashtirilishi, muntazam ravishda yangilab borilishi, uning Tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimi (TSOYAeAT) va Davlat xaridlarining maxsus elektron portali (xarid.uz) bilan integratsiyasini ta'minlash vazifasi yuklatildi. Bu vazifa o'z vaqtida bajarildi.

Ijro intizomi

Vaqt shiddati, mahsulotlar turining ko'payishi, raqobatning kuchayishi, eng avvalo, raqamlashib borayotgan zamon bilan hamqadam ishlashni taqozo etadi. SHu bois mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo'llab-quvvatlashni kengaytirish, ularni eksport faoliyatiga jalb etishni yanada rag'batlantirish maqsadida portalda yangi xizmat turlari joriy etib borilyapti. Xususan, yaqinda  mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 40 mingdan ziyod hunarmandlar hamda ijtimoiy tadbirkorlik sub'ektlarining mahsulotlarini onlayn tarzda sotish bo'yicha savdo platformasi ishga tushirildi. U milliy va xalqaro to'lov tizimlari bilan integratsiya qilinganligi sababli hech bir  to'siqqa duch kelinmaydi va har qanday masofadan turib savdo-sotiq qilishni kafolatlaydi.

Davlatimiz rahbari 2020-yil 12-13-noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida elektron kooperatsiya portalida sanoatimiz bazaviy tarmoq korxonalarining “Virtual ko'rgazma” maydonini joriy etish bo'yicha topshiriq bergan edi. Bunday ko'rgazma xizmati mahalliy ishlab chiqaruvchilarga mahsulot hajmini mavjud talablar asosida rejalashtirish, yangi import o'rnini bosuvchi tovarlar tayyorlashni yo'lga qo'yishga doir oqilona qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Shu asosda “O'zbekneftegaz” AJ tarkibidagi korxonalarning tayyor mahsuloti, unga talab etiladigan xom-ashyo, butlovchi buyum va materiallar, shuningdek asbob-uskunalarining tez ishdan chiquvchi qismlari (mahsulot chizmasi va texnik ko'rsatkichlari ko'rsatilgan holda) to'g'risidagi “Virtual ko'rgazma”si yaratildi. Bu boradagi ishlar belgilangan jadval asosida davom ettirilib, mamlakatimizdagi barcha sanoat korxonalarining ana shunday elektron xaritasi tayyorlanadi. Virtual formatdagi sahifa dunyoning istalgan nuqtasidan sanoat korxonalariga ko'rgazmalarda ishtirok etish imkonini ham taklif etadi.

An'analarning yangicha taqdimoti

Xarid qiluvchilarga xos azaliy tamoil bor. Mahsulotni o'z ko'zi bilan ko'rib, ishlab chiqaruvchidan ipidan ignasiggacha surishtirib, sotib omasa, ko'ngli to'lmaydi. Joriy yilning 22-24-aprel kunlari Navoiy viloyatida o'tkazilgan yirik tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi yarmarkasi ana shunday sharoitni yaratib berdi. Unda iqtisodiyotning 60 ta yirik tarmoq korxonlari bilan bir qatorda sanoatning turli sohalarida faoliyat yurituvchi 600 dan ziyod xususiy tadbirkorlik sub'ektlari 2000 dan ziyod mahsulotlarining taqdimoti bilan ishtirok etdi. Birgina Navoiy kon-metallurgiya kombinatini oladigan bo'lsak, 2020-yilda umumiy qiymati 352,3 milliard so'm bo'lgan mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilgan,  tarmoqlararo kooperatsiya doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 3,5 trillion so'mlik mahsulot xarid qilingan. 2021-yilda ham kombinatda bu ishlar izchil davom ettirilib, 154 ta loyiha bo'yicha 432,9 milliard so'mlik mahalliylashtirilgan mahsulot, shu jumladan, 82,0 milliard so'mlik 70 dan ortiq yangi turdagi uskuna va butlovchi buyumlar ishlab chiqarish mo'ljallanmoqda. Sanoat kooperatsiya doirasida 3,8 trillion so'mlik import o'rnini bosuvchi mahsulotlar xarid qilinishi ko'zda tutilgan.

YArmarka doirasida elektron kooperatsiya portali orqali umumiy qiymati 421 milliard so'mdan ortiqroq 1336 ta o'zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Prezidentimiz raisligida shu yil 30 aprel` kuni hududlarda mahalliy sanoatni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo'yicha videoselektor yig'ilishida Navoiy shahrida o'tkazilgan sanoat yarmarkasining ijobiy jihatlari e'tirof etilar ekan, bunday tadbirlarni Qoraqalpog'iston Respublikasi va har bir viloyatda o'tkazish zarurligi ta'kidlandi. Mahalliy mahsulotlar sifatining bozor talablariga mos kelishi ularning xaridorgirliginini, korxonalarning barqarligini oshirishiga urg'u berildi.

Qamrov 95 foiz, o'sish to'rt barbobardan ortiq

elektron koorepatsiya portali Internet tarmog'ida www.cooperation.uz domenida o'z faoliyatini davom ettirmoqda. Uning ma'lumotlariga qaraganda, bugungi kunda portalda 72 413 ta sanoat korxonasi ro'yxatdan o'tgan bo'lib,    shundan 69 152 tasining 173 577 ta mahsuloti joylashtirilgan. Bu qamrov 95 foizga etganidan dalolat beradi. 2021-yil 1-yanvar holatiga qadar bu ko'rsatkich 156 796 taga teng bo'lsa, ish boshlangan paytlardagi joylashtirilgan mahsulotlar miqdori 42 205 tani tashkil etgan. Ko'rinib turibdiki, o'tgan qisqa vaqt mobaynida to'rt barobardan ortiqroq o'sishga erishilgan.

Portal orqali bugungi kungacha umumiy qiymati 7 657,5 milliard so'mlik 55 264 ta o'zaro hamkorlik shartnomalari tuzilgan. Bunda mahsulot sotib olish bo'yicha yirik tarmoq korxonalarining ulushi 78 foizni, mahsulot sotish bo'yicha hududlardagi kichik biznes sub'eklarining ulushi 76    foizni tashkil etmoqda.

Ushbu raqamlar elektron kooperatsiya portaliga ishonch va ehtiyoj ortib borayotganidan dalolat beradi. Uning yana bir qulay jihati, iqtisodiyotda talab yuqori bo'lgan va o'zlashtirilishi tavsiya etilayotgan mahsulotlari ro'yxati ham e'lon qilib borilmoqda. Bugungi kunda ular soni 900 dan ziyod. Bu, o'z navbatida, tadbirkorlar uchun biznes reja degani. Ma'qulini o'zlashtirish talab yuqori mahsulotga kafolat vazifasini o'taydi.

Yangi tizimning bir yarim yil mobaynidagi faoliyati tarmoqlar va hududlar o'rtasida o'zaro kooperatsiya bo'lmas ekan, qo'shilgan qiymat zanjirini va yangi industrial taraqqiyotni tasavvur ham qilib bo'lmasligini yana bir karra ko'rsatib turibdi.

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi