“Yangi O‘zbekiston” bog‘i va Mustaqillik monumenti ochildi

    Hukumat 31 Avgust 2021 24465

    2021-yil 31-avgust kuni istiqlolimizning oʻttiz yilligiga bagʻishlab bunyod etilgan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi va Mustaqillik monumentining tantanali ochilish marosimi boʻldi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

    - Bugun barchamiz, koʻpmillatli butun xalqimiz jonajon Vatanimiz mustaqilligining oʻttiz yillik qutlugʻ bayramining quvonchi va shukuhi bilan yashamoqdamiz. Azal-azaldan obod shahar va qishloqlar, bogʻu rogʻlar, betakror madaniy obidalar bunyodkori sifatida shuhrat qozongan mehnatkash va olijanob xalqimiz pandemiya va global iqtisodiy inqiroz taʼsiriga qaramasdan, ushbu tarixiy sanani munosib mehnat zafarlari, ulkan yutuq va gʻalabalar bilan kutib olmoqda, - dedi davlatimiz rahbari.

    Ushbu boqqa joriy yil 1-may kuni ilk koʻchatlar ekilgan edi. Tarixchi olimlar, ijodkor ziyolilar, nuroniylar va yoshlar bilan maslahatlashib, “Yangi Oʻzbekiston” majmuasining gʻoyaviy va meʼmoriy yechimlariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Agar yuqoridan nazar tashlansa, bogʻning shakli ulkan daraxtning beshta shoxiga oʻxshaydi. Bu Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yoʻnalishini ramziy maʼnoda ifoda etadi.

    Bu goʻzal bogʻda poytaxtimiz aholisi, barcha hududlarimiz va xorijdan keladigan mehmonlar yayrab dam olishi, oilasi, farzandlari bilan birga mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Sunʼiy koʻl, sport maydonchalari, bolalar oʻyingohlari, amfiteatr, favvoralar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, hunarmandchilik doʻkonlari tashkil etilmoqda.

    Bogʻning markaziy qismida muhtasham badiiy obida – Mustaqillik monumenti barpo etildi.

    - Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik bayramini keng nishonlayapmiz. Lekin aslida, Oʻzbekiston hududidagi milliy davlatchilik tarixi 3 ming yildan ziyod davrni tashkil etadi. Bu jahon fanida eʼtirof etilgan ilmiy haqiqatdir. Ushbu monumentni yaratishda mana shu konseptual gʻoyani yorqin ifoda etishga harakat qildik, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Maʼlumki, el-yurtimiz oʻzining qadimiy oʻtmishi davomida shonli voqealarni, turli sinov va qiyinchiliklarni, zafarli davrlar bilan birga, fojiali kunlarni ham boshidan kechirgan. Mustaqillik monumentida bular badiiy aks ettirilgan.

    - Oʻtmishdagi yutuq va gʻalabalaridan kuch-quvvat olib, xato va magʻlubiyatlaridan xulosa va saboq chiqarib yashaydigan xalq oʻzining taraqqiyot yoʻli va kelajagini toʻgʻri belgilay oladi. Shu sababli, biz ushbu yodgorlik timsolida Oʻzbekistonimizning qadimgi tarixidan boshlab to bugungi kunga qadar yuz bergan eng muhim voqealarni muhrlashga qaror qildik, - dedi Prezidentimiz.

    Majmuada buyuk sarkarda va jahongirlar, alloma va mutafakkirlar, jadid bobolarimizning oʻlmas siymolari aks ettirilgan. Oʻzbekistonning sobiq mustabid tuzum davridagi ogʻir va mashaqqatli hayoti, qatagʻon siyosati, xalqimizning Ikkinchi jahon urushida koʻrsatgan jasorat va matonati taʼsirchan lavhalarda ifodalangan.

    Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov rahbarligida xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yoʻlini aks ettirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Yodgorlik yurtimizda yangi Oʻzbekistonni – uchinchi Renessans poydevorini yaratish gʻoyasi bilan uygʻun holda barpo qilingani ayniqsa ahamiyatlidir. Unda milliy davlatchiligimizning ramzi boʻlgan Sohibqiron Amir Temur saltanatining moviy gumbazi, yulduzlar olamiga qarab yuksalgan Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi, dunyo ilm-fani va sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ mutafakkir bobolarimizning eng nodir ilmiy kashfiyotlari oʻzining bor mahobati va shukuhi bilan koʻz oldimizda yaqqol namoyon boʻlib turibdi.

    Tinchlik va erkinlik, ezgulik va farovonlik timsoli boʻlgan, koʻkda magʻrur parvoz qilayotgan Humo qushi tasviri monumentning eng yuqori qismida – bamisoli uning gultoji boʻlib oʻrin egallagan.

    - Mustaqillik monumenti ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon xalqimiz sharafiga bunyod etilgan buyuk obida sifatida qad rostladi. Monument poyiga bitilgan: “Xalqimiz tarixida ezgu iz qoldirgan barcha ajdodlarimiz doimo qalbimizda”, degan chuqur maʼnoli soʻzlar ota-bobolarimiz xotirasiga bugungi avlodlarning yuksak hurmat va ehtiromini anglatadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Marosimda nuroniylar, fan va madaniyat namoyandalari soʻzga chiqib, barchani ushbu voqea bilan tabrikladi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birga Mustaqillik monumentini ochdi. Majmua poyiga gular qoʻyildi.