Global mediamaydonda kuzatilayotgan axborot tengsizligi, xalqaro medimonopoliyalar toʻqnashuvi, boz ustiga raqobatchi mamlakat va mintaqalar oʻrtasida sodir boʻlayotgan uzluksiz axborot xuruji, qaramaqarshilik, mafkuraviy toʻqnashuvlar avj olayotgan, siyosiy-iqtisodiy munosabatlar chigallashayotgan davrda imijni qasddan buzish holatlarini payqash qiyin boʻlmay qoldi.

Qizigʻi, turli davlatlarning muayyan bir mamlakat haqidagi OAVda tarqatadigan axborotlari bir-biriga umuman oʻxshamasligi ham oddiy holga aylandi. Shunday sabablarga koʻra ham davlat imijini baholashda uning barqarorligiga, aniqligi, ijobiy va salbiy bahoning naqadar xolisligi va mutanosibligiga alohida eʼtibor berishga toʻgʻri keladi. Global munosabatlar chuqurlashar ekan, mavjud siyosiy va iqtisodiy raqobat sharoitida imij orqali doʻst qiyofasidan dushman qiyofasini yasash yoki aksincha boʻlishi holatlari tez-tez uchrashi ham tabiiylik kasb etmoqda.

Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonida media sohasini tizimli isloh qilish barobarida jahon hamjamiyatida mamlakatimiz imijini yuksaktirishga qaratilgan axborot yetkazish samaradorligini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Hujjatda 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirish boʻyicha davlat dasturiga muvofiq qator muhim maqsad va vazifalar belgilab berildi.

Soʻnggi yillarda keng koʻlamli demokratik islohotlar, axborot globallashuvi jarayoniga mos ravishda yangi Oʻzbekistonning oʻz mukammal qiyofasi, yangicha media imijini yaratish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bu jarayonda mediamakonda Oʻzbekiston mavzusining alohida mavqe va miqyosga koʻtarilgani, mamlakatimizning ichki va tashqi imijini yaxshilash bilan bogʻliq vaziyat ilmiy-amaliy va ijodiy masala sifatida mutaxassislar tomonidan tadqiq etilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq bu borada bajarilgan ishlardan koʻra, qilinishi kutilayotgan ishlar koʻproq, nazarimizda.

Kuzatishlar shuni koʻrsatadiki, MDH va Sharq mamlakatlari, xususan, Rossiya, Qozogʻiston, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Malayziya, Hindiston, Turkiya, Misr, BAA kabi davlatlarning ommaviy axborot vositalarida Oʻzbekistonga doir xabarlar va maqolalar tez-tez eʼlon qilib borilmoqda. Biroq Gʻarb davlatlari, xususan, AQSH va Buyuk Britaniya mediamakonida Oʻzbekistonga oid salmoqli tahliliy chiqishlar yetarli darajada emas.

Joriy asrning intellektual asr ekani, har qanday zamonaviy taraqqiyot va yuksalish zamirida ilm-fan yutuqlari qatori intellektual salohiyat yotishi isbot talab qilmaydigan aksioma. Xususan, ijtimoiy-gumanitar sohadagi ilmiy salohiyat mavjud ziyoli qatlamning jamiyatda kechayotgan islohotlarga, voqea-hodisalarga munosabatida aks etadi. Bunday munosabatlar maydoni esa ommaviy axborot vositalaridir.

Matbuot voqea-hodisalar haqida axborot, maʼlumot yetkazish bilan cheklanmaydi, balki mavjud holatni tahlil, tadqiq qiladi, xulosalar chiqaradi, taklif-mulohazalarni keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etadi. Jamoatchilik vakillarini bahs-munozaraga undaydi. Tom maʼnodagi ommaviy kommunikatsiya shu tariqa shakllanadi. Milliy intellektual salohiyat shaxsning, millatning, xalqning, jamiyatning va albatta, davlatning eng katta boyligi hisoblanadi.

Siyosiy yetakchi imijining mamlakat imiji bilan bogʻliqligi

Suveren Oʻzbekiston oʻzini dunyo hamjamiyatining teng huquqli va teng ovozli subyekti sifatida taqdim etish barobarida, rivojlanishning oʻziga xos, betakror yoʻlini tanladi. Demokratik jamiyat qurish milliy taraqqiyot strategiyasining asosini tashkil etdi va bu jarayonda bosh islohotchi vazifasini davlat rahbari oʻz zimmasiga oldi.

Har qanday mustaqil davlatning jahonga yuz tutishi, xalqaro mediamakonda tilga olinishi muqarrar ravishda davlat rahbarining nomi bilan bogʻliq. Siyosiy yetakchilik nasib etgan shaxsning hayotiy maslagi, nuqtayi nazari, tajribasi, bilimi, vatanparvarligi va hokazo fazilatlari davlat mustaqilligining dastlabki pallasida jiddiy sinovdan oʻtadi.

Oʻzbekiston rahbari haqida, xususan, uning favqulodda omilkorligi, dovyurak, tavakkalchi iqtisodiy reformatorligi, murakkab siyosiy vaziyatlardagi ustomonligi nafaqat jurnalistlar, balki taniqli olimlar, xalqaro tahlilchilar tomonidan yuqori baholanmoqda.

Osiyo jurnalistlari assotsiatsiyasi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni “2018-yil odami” deb eʼlon qildi. Mamlakatimiz rahbari siyosiy yoʻnalish boʻyicha gʻolib deb eʼtirof etildi. Assotsiatsiya vakillari eʼtiroficha, davlatimiz rahbari 2016-yil dekabrda Oʻzbekiston Prezidenti lavozimiga kirishganidan to hozirgi vaqtgacha inson huquqlarini taʼminlash, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, ochiq siyosat yuritish, shu jumladan, siyosiy mahbuslarni ozod etishda yuksak natija koʻrsatib kelmoqda. Shu bilan birga, Oʻzbekiston rahbari qoʻshni davlatlar bilan faol hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan holda, Markaziy Osiyoda tinchlik-totuvlikni asrashga katta hissa qoʻshmoqda.

Oʻzbekiston ulkan islohotlar davrini boshdan kechiryapti. Yangi rahbariyat bozor iqtisodiyotini ragʻbatlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, qoʻshni mamlakatlar bilan aloqalarni qayta tiklash, rahbarlik lavozimlariga yosh texnokratlarni tayinlash kabi qator islohotlarni amalga oshirdi.

Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatidagi faoliyatini ichki resurslar (intellektual, texnologik, energetik va boshqalar)dan oqilona foydalanishga asoslangan yangi dasturlar taklifi bilan boshlagani uning siyosiy imijini yanada mustahkamladi. U mustaqil Oʻzbekistonning keyingi oʻn yillarga moʻljallangan iqtisodiy va siyosiy taraqqiyoti strategiyasini belgilab berdi. Eng muhimi, olib borayotgan ana shu faoliyati barobarida davlatimiz rahbari milliy yetakchining yangicha qiyofasini yaratdi. Oʻzining turfa fikrlarga ochiqligi, hokimiyat boshqaruvining barcha boʻgʻini faoliyatini professional jihatdan yaxshi bilishi, ruhiy va maʼnaviy liderlik qobiliyatini keng namoyish etish barobarida jahon mediamakonida Oʻzbekistonning zamonaviy imijini shakllantirdi va uni bir necha pogʻonaga koʻtarishga erishdi.

Davlat yetakchisida kuchli rahbarlik, tashkilotchilik qobiliyati bilan birga xalq eʼtiborini tortish, mavjud reallikni xolis baholash, tegishli qarorlarni oʻz vaqtida qabul qilish, voqealar rivojini oldindan koʻra bilish, odamlarga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatish, notiqlik mahorati va betakror xarizma kabi muhim jihatlar mavjud boʻlmogʻi kerak.

Har qanday davlat oʻzining mustaqil taraqqiyot yoʻlini belgilab olish, islohotlar strategiyasini boshlash, belgilangan rejalarni amalga oshirish, mamlakatda zamonaviy demokratik jamiyat barpo etishdek ulkan maqsadlarni oʻz oldiga qoʻyadi. Biroq keng omma boshlanayotgan ijtimoiy-siyosiy va boshqa oʻzgarishlarga birdan tayyor boʻlmaydi. Mustaqillikning dastlabki oʻtish davri yana koʻplab murakkabliklarni keltirib chiqaradi. Mana shunday holatda jamiyat, davlat tom maʼnodagi liderga, yetakchi kuchga zarurat, ehtiyoj sezadi.

Jahon mediamakonida Oʻzbekiston tutgan yoʻlning oʻziga xosligi, uning afzalliklari hamda yutuqlari toʻgʻrisida koʻplab materiallar eʼlon qilindi. Oʻsha matbuot materiallari oʻtgan tarixan qisqa davrda Vatanimizning ichki imiji shakl lanishida katta ahamiyat kasb etdi. Ichki imij negizida tashqi imij barpo etildi. Taʼkidlamoq zarurki, mamlakatimizda taraqqiyotning oʻziga xos milliy modelini muvaffaqiyatli amalga oshirish barobarida davlat, davlat rahbari va xalq imiji yaxlit bir jarayon, voqelik sifatida shakllandi, rivojlandi va dunyo jamoatchiligi tomonidan tan olindi. Oʻzbekistonning oʻzigagina xos boʻlgan taraqqiyot modelining hayotga joriy etilishi natijasida maʼmuriy buyruqbozlikka asoslangan sovet tizimi oʻrniga milliy davlatchilik asoslari bilan bogʻliq mustahkam huquqiy baza yaratildi.

Xalqaro aloqalarning axborot taʼminoti qanday?

Hozirgi davrda Oʻzbekiston Respublikasining dunyoning qirqdan ziyod davlatida faoliyat olib borayotgan elchixonalari tomonidan ana shu mamlakatlardagi mahalliy OAV vakillari uchun matbuot anjumanlari, brifinglar, press-turlar tashkil qilib kelinmoqda.

Shuningdek, turli mahalliy tillarda Oʻzbekiston hayotiga doir press-relizlar, anonslar, byulletenlar va boshqa shakllardagi axborotlar tayyorlanib, ular muntazam ravishda ommaviy axborot vositalariga tarqatilmoqda. Bulardan tashqari, barcha diplomatik vakolatxonalarning rasmiy saytlari faoliyat koʻrsatayotir. Ular sayt foydalanuvchilarini mamlakatimiz rahbari olib borayotgan siyosat, islohotlar samarasi va boshqa faoliyat qirralari bilan muntazam tanishtiradi.

Hozir mavjud imkoniyatlar sharoitida milliy axborot vositalarimiz, shu jumladan, tashqi axborot-kommunikatsiya vositalarimiz xalqaro mediamonopoliyalarga raqobatchi kuchga aylanish darajasida emas. Shu bois, xalqimiz, mamlakatimiz, davlatimiz va albatta, Prezidentimiz shaʼniga qarata tarqatiladigan axborotlarning nechogʻliq xolis ekaniga hushyor boʻlmogʻimiz, zarur vaqtda mamlakatimizda xorijiy axborotlarga maʼrifatli axborot bilan javob qaytarish tizimi yoʻlga qoʻyilmogʻi kerak.

Prezidentimizning xorijiy mamlakatlarga rasmiy va davlat tashriflari chogʻida ana shu davlatda faoliyat olib borayotgan markaziy OAVda Oʻzbekiston haqida qator materiallar beriladi. Bular, birinchidan, ana shu tashrif uchun informatsion fon hisoblansa, ikkinchidan, mazkur materiallar orqali mamlakatimiz hayoti bilan bogʻliq turli yangiliklar, xususan, erishilayotgan olamshumul yutuqlarimiz toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar tarqatiladi. Bu esa, oʻz navbatida, Oʻzbekistonni xorijiy mamlakatlar jamoatchiligiga yaqindan tanishtiradi. Qolaversa, davlatimizning xalqaro mediamakondagi nufuzini oshiradi.

Xalqaro aloqalar doirasidagi munosabatlarni yoritish barobarida mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini mustahkamlash, aholining turmush darajasini oshirish, hayotning iqtisodiy, gumanitar omillariga katta eʼtibor qaratilishi tufayli Oʻzbekiston Respublikasining jahon mediamakonidagi imiji ijobiy tomon oʻzgarib borishi toʻliq taʼminlanishi kerak.

Axborot sohasidagi islohotlar qanday davom etadi?

Prezidentimiz farmonida yurtimizda keyingi 5-6 yilda demokratlashuv jarayonini chuqurlashtirish, qonunchilik bazasini yangi darajaga olib chiqish, xususan, axborot ochiqligini kengaytirishga xizmat qiluvchi yagona axborot kodeskini ishlab chiqish barobarida aholining axborot isteʼmoli madaniyatini oshirish, umuman, yurtimizda zamonaviy mediamuhitni takomillashtirish borasida olib borilayotgan tizimli islohotlarni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Xususan, “taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish” masalasi 12-maqsadda koʻrsatilgan. Uni sifatli bajarish uchun mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasini yanada kuchaytirish kerakligi taʼkidlanadi.

Bu jarayonda, birinchidan, fuqarolarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlarning samaradorligini oʻrganishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish tartibini joriy qilish;

ikkinchidan, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va toʻsqinlik qilganlik, shu jumladan, mansabdor shaxslar tomonidan senzura oʻrnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq oʻtkazish, materiallar va texnik vositalarni gʻayriqonuniy ravishda olib qoʻyish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish koʻzda tutiladi.

Jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash haqidagi 74-maqsadda esa xorijiy tillarda faoliyat yuritayotgan va millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosatini yoritayotgan ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish lozimligi belgilangan.

Fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlash uchun qanday ishlar amalga oshirilishi kerakligi 89-maqsadda atroflicha ochib berilgan. Nafaqat axborot retsipiyentlari, yaʼni qabul qiluvchilar, balki uni yaratuvchi jurnalistlar hamda blogerlar uchun ham muhim ahamiyatga ega boʻlgan axborot sohasini tartibga soluvchi yagona tizimlashtirilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish, albatta, koʻpchiligimiz uchun sohaga doir muhim tarixiy yangilik boʻlishi kerak.

Unda, xususan, zamon talablari asosida axborot sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, aniqroq aytganda, axborot sohasini tartibga solishga qaratilgan mavjud qonunlarni Oʻzbekiston Respublikasi Axborot kodeksi shaklida unifikatsiya qilish nazarda tutilmoqda. Bu hujjat, tabiiyki, milliy media qonunchiligini jahon standartlariga yaqinlashtirish barobarida, mavjud ayrim hujjatlarning nooʻrin talqin qilinishiga chek qoʻyadi.

Dunyo mamlakatlaridagi kabi Oʻzbekistonda ham tom maʼnodagi axborot erkinligiga erishilayotgani isbot talab qilinmaydigan holat. Biroq ana shu erkinlikka barcha barobar tayyormi? Yoʻq, albatta. Bundan 10-15 yil oldin media va axborot savodxonligi haqida gap ketganda, koʻpchilik “ha, bu jurnalistikaning muammosi ekanda”, degan edi. Ammo axborot madaniyati nafaqat OAVning, balki butun bir jamiyatning muammosi ekanligini bugun hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi. Yaʼni jamiyatdagi kattayu-kichik sohada yaratilayotgan erkinlikdan oqilona foydalana olmayapti. Ochiqchasiga aytganda, axborot makonidagi oqni qoradan, yaʼni rost xabarni feykdan ajratishga qiynalayotgani rost.

Shu sabab ushbu farmonda fuqarolarning axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanish madaniyatini oshirish masalasi qoʻyilgani ayni muddao boʻldi. Unda, jumladan, turli yosh toifasi uchun moʻljallangan oʻquv kurslari hamda onlayn dasturlarni ommalashtirish, xalq taʼlimi va professional taʼlim tizimining tegishli darsliklariga mediasavodxonlik boʻyicha mavzularni joriy qilish kerakligi taʼkidlangan.

Axborotni erkinlashtirish jarayonida yuzaga kelayotgan yana bir masala borki, u ham boʻlsa fuqarolar haqidagi shaxsiy maʼlumotlar ularning ixtiyorisiz tarqalib ketishi xavfiga oiddir. Shu sababdan davlat dasturida shaxsiy va sir saqlanishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni internet tarmogʻida oshkor qilish bilan bogʻliq daxlsizlik huquqi buzilishining oldini olish masalasi koʻndalang qoʻyilgan. Bunda, jinoyat va maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarning daxlsizlik huquqlari bilan bogʻliq moddalariga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini tayyorlash nazarda tutilmoqda.

Mamlakat imiji yanada mustahkamlanishi kerak

Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq soʻzlar ekan, “Biz ajdodlarimizning donishmandlik anʼanalariga amal qilib, teran anglagan holda, qatʼiy islohotlarni amalga oshirmoqdamiz, mamlakatimizning yangi qiyofasini shakllantirish yoʻlidan bormoqdamiz”, dedi.

Mazkur gʻoyaning mantiqiy davomi sifatida yillar davomida oʻz yechimini kutayotgan ishlar boʻyicha konstruktiv rejalar ishlab chiqilmoqda. Xususan, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining 98-maqsadi aynan ushbu yoʻnalishga qaratilgan boʻlib, unda jahon hamjamiyatida yurtimiz imijini oshirishga qaratilgan axborot yetkazish samaradorligini oshirish masalasi muhim topshiriq sifatida ilgari surilgan.

Bu jarayonda respublikamizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, uning boy tarixi va madaniyatidan soʻzlovchi sifatli media kontentlarni tayyorlash, ularni mavjud barcha kommunikatsiya kanallari orqali jahon auditoriyasiga muntazam tarqatish yaxshi samara beradi. Ana shu maqsadda Oʻzbekiston imijini jahon maydonida ilgari surishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar majmuini tayyorlash va amalga oshirish, mamlakatimizdagi islohotlar haqida xolis axborot tarqatishni samarali davom ettirish masalasiga alohida urgʻu berilgan.

Darvoqe, har qanday mamlakat imijining oʻlchov mezonlari qatorida turizm sohasi alohida oʻrin tutadi. Bunda xususan, xorijliklarning mamlakatni borib koʻrishga boʻlgan qiziqishlari, mahalliy shart-sharoitlar, tabiatning goʻzalligi va inson qoʻli bilan yaratilgan diqqatga sazovor joylarning mavjudligi eʼtiborga olinadi.

Shu maʼnoda, davlat dasturida Oʻzbekiston tarixi, madaniyati, sanʼati va sayyohlik salohiyatining xorijda oʻtkazilayotgan koʻrgazma va ekspozitsiyalari sonini oshirish masalasi koʻtarilgan. Ayni maqsadda xorijiy ommaviy axborot vositalari va turistik nashrlar vakillari uchun muntazam mediaturlar tashkil etish ham kutilgan samarani berishiga urgʻu qaratilgan. Bundan tashqari, Oʻzbekistonning sayyohlik brendini xorijda targʻib qilish boʻyicha keng reklama kampaniyasini oʻtkazish boʻyicha ham topshiriqlar berilgan.

Xorijiy davlatlarda oʻzbek tili, madaniyati va milliy anʼanalarimizni keng ommalashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat boʻlgan Alisher Navoiy xalqaro institutini tashkil etishni tezlashtirish masalasi oʻrtaga qoʻyilgani ayni muddao. Xususan, xorijiy davlatlarda oʻzbek tili, madaniyati va milliy anʼanalarimizni keng ommalashtirishga qaratilgan, shu jumladan, Alisher Navoiy xalqaro institutini tashkil etish boʻyicha aniq takliflar tayyorlash boʻyicha topshiriq berilgani eʼtiborga molik.

Chet ellarda Alisher Navoiy ijodiga bagʻishlab ijodiy kechalar tashkil etish barobarida xorijlik yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va Alisher Navoiy ijodiga bagʻishlab tashkil etiladigan uchrashuv va anjumanlarga ularni faol jalb etish maqsadga muvofiq ekanligi aytilmoqda.

Jumladan, xorijiy mamlakatlarda axborot kampaniyalari oʻtkazish, xususan, jahonning nufuzli ommaviy axborot vositalarida va mediamakonida Oʻzbekiston haqidagi materiallarni eʼlon qilishni tashkil etish uchun diplomatik vakolatxonalarimizga moliyaviy resurslar ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Haqiqatan ham ekspertlar doirasidagi oʻzaro aloqalarni rivojlantirish, turli soha vakillariga tegishliligicha maʼlumotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazish zarurati mavjud. Jumladan, Yevropa mamlakatlarining siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, ishbilarmon, madaniy-gumanitar va tahliliy doiralari vakillari bilan doimiy muzokaralar olib borish, ularga Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar toʻgʻrisida xolis axborot yetkazish ham kutilgan samarani berishi muqarrar.

Buning uchun davlat dasturida turli formatlardagi davra suhbatlari, brifinglar va boshqa tadbirlarni tashkil etish, yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan jadal va koʻlamdor islohotlar toʻgʻrisida turkum maqolalar tayyorlash, keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish lozimligi qayd etilgan.

Xorijda maqsadli targʻibot tadbirlarini tashkil etish masalasi ham eʼtibordan chetda qolmagan. Xususan, “Oʻzbekiston madaniyat kunlari”, davra suhbatlari, koʻrgazmalar va festivallar oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy ishlarga alohida etibor qaratilgan. Oʻzbekistonning barcha sohalardagi yutuqlari haqida xorijiy ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda videofilmlar namoyishlarini tashkillashtirish zarurati qayd etilgan.

Davlat dasturida chet ellarda Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlash va islohotlarni ragʻbatlantirish uchun vatandoshlar resurslarini jalb qilish masalasiga ham alohida oʻrin berilgan boʻlib, unda xorijiy davlatlarda vatandoshlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi imijini oshirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Ayni paytda hanuzgacha ishlatilmagan zaxiralar va qator dolzarb masalalar borki, ulardan foydalanish yoki hal etish orqali mamlakat imijini shakllantirish koʻpchilikning yagona maqsad yoʻlida birlashuviga bogʻliq. Chunki ayovsiz raqobat davrida mamlakatning ijobiy imiji va brendini kuchaytirishga yoʻnaltirilgan navbatdagi sifat bosqichiga chiqish uchun davlat, fuqarolar, ishbilarmon doiralar bir yoqadan bosh chiqarishlari shart.

Avvalambor, ijobiy imijni shakllantirishga tizimli va kompleks yondashuv talab etilmoqda. Bu sohada tushunchalarni umumlashtirish, ustuvor yoʻnalishlar, maqsad va vazifalarni belgilab olish, amalga oshirish uslublari va shakllarini ishlab chiqish va ularni soʻzsiz bajarishimiz kerak.

Ana shu ishlarni amaliyotga tatbiq etish uchun nafaqat davlat mablagʻlari, balki mamlakatdagi yetakchi ekspertlar hamda biznes doiralar imkoniyatlaridan ham keng foydalanish mumkin. Bundan tashqari, fuqarolik jamiyatining barcha qatlami “imij siyosati”ni amalga oshirishda faol ishtirok etishi maqsadga muvofiq.