Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, butun xalqimizni qutladi.

Davlatimiz rahbari oʻz tabrigida bu yilgi Navroʻz ayyomi muborak Ramazon hayiti bilan bir pallada nishonlanayotganini alohida taʼkidlab, tabiat uygʻonishi va ruhiy poklanish ramzi boʻlgan ushbu qutlugʻ kunlar barcha yurtdoshlarimiz uchun ezgulik, birdamlik va xayr-baraka bayrami ekanini qayd etdi. Shuningdek, dunyoning olis va yaqin mamlakatlarida mehnat qilayotgan, tahsil olayotgan vatandoshlarimizga samimiy salom va tilaklar yoʻllandi.

Prezidentimiz millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir yurtdoshimizni rozi qilish, xalqimiz farovonligini taʼminlash yoʻlidagi ishlar yangi bosqichga koʻtarilayotganini taʼkidladi. Bu yil bayram “Navroʻzni ulugʻlash – insonni ulugʻlashdir!” degan gʻoya asosida oʻtayotgani ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi ekani qayd etildi.

Marosimda barcha hududlarga, qishloq va ovullar, mahallalarga yangi Oʻzbekiston nafasini olib kirish boʻyicha katta harakat boshlangani taʼkidlandi. Yangi ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida ulkan qadamlar qoʻyilayotgani, yurtimizda zamonaviy korxonalar, kommunikatsiya tarmoqlari, shinam uy-joylar, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va sport obyektlari barpo etilayotgani qayd etildi. Kelgusida bunday bunyodkorlik ishlari koʻlami yanada kengayishi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari ushbu fayzli tongda mirishkor dehqon va fermerlarimizga yuksak hurmat va ehtirom bildirdi. Ularning xalqimiz dasturxonini toʻkin va farovon qilishdek sharafli mehnati eʼtirof etilib, bu borada davlat va jamiyat tomonidan doimiy qoʻllab-quvvatlash davom ettirilishi aytildi.

Prezidentimiz yangi Oʻzbekiston mamlakatimiz yoshlari uchun yuksak parvozlar va katta gʻalabalar maydoniga aylanib borayotganini alohida taʼkidladi. Bugun taʼlim, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va biznes sohalarida yangi nomlar, yangi qahramonlar paydo boʻlayotgani, ana shunday bilimli, joʻshqin hamda izlanuvchan oʻgʻil-qizlar bilan butun xalqimiz haqli ravishda faxrlanishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari yoshlarga murojaat qilib, ularga Uchinchi Renessans bunyodkorlari boʻlishdek yuksak sharaf nasib etayotganini taʼkidladi. Ularni bugungi tinch va osoyishta hayotning, keng imkoniyatlar, ota-ona va ustoz-murabbiylar mehnatining qadriga yetib, tinimsiz oʻqib-oʻrganish, bilim va mahoratni doimiy oshirib borishga chaqirdi. Shu yoʻlda mamlakatimiz yoshlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyorlik bildirildi.

Marosimda mahalla tizimining jamiyat hayotidagi oʻrniga ham alohida eʼtibor qaratildi. “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da katta dastur va rejalar amalga oshirilayotgani, bu ishlarga oila va jamiyatda tinchlik-totuvlikni, mehr-oqibatni mustahkamlash, ijtimoiy muammolarni joyida hal etish, ezgulik va adolatni qaror toptirishda otaxon va onaxonlar, “mahalla yettiligi” va faol fuqarolar yaqindan ishtirok etishlariga ishonch bildirildi.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz ertaga nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan jonkuyar mahalla raislari va faollarini, barcha yurtdoshlarimizni samimiy tabriklab, ularga yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

Taʼkidlanganidek, ming yillar davomida xalqlar oʻrtasida maʼnaviy koʻprik boʻlib kelayotgan Navroʻzning tinchlik, doʻstlik va hamkorlik gʻoyalari bugungi notinch zamonda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yurtimizda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari ushbu bayramni bir boʻlib, shod-u xurramlik bilan nishonlamoqda. Ana shunday ahillik va totuvlik yangi Oʻzbekistonni birgalikda barpo etishning eng ishonchli kafolati ekani taʼkidlandi.

Jamiyatimizda millatlararo va dinlararo hamjihatlikni bundan buyon ham mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilishi qayd etildi. Shuningdek, qoʻshni va qardosh mamlakatlar bilan birga yagona Markaziy Osiyo ovozi boʻlib, mintaqamizning tinchlik, birodarlik va hamkorlik makoni sifatidagi nufuzini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratilishi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari tadbirda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlar elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillarini ham Xalqaro Navroʻz kuni bilan samimiy qutlab, ularning xalqlari va mamlakatlariga ezgu tilaklarini yoʻlladi.

Prezidentimiz butun xalqimizga yana bir bor murojaat qilib, shunday dedi:

“Azaliy anʼanalarimizni davom ettirib, koʻchat ekib, bogʻ yarataylik, uyimiz, mahallamizni obod qilib, hayotimizni yanada goʻzal va farovon etaylik!

Yaxshi qo‘shnichilik, ahilligimiz va ezgu ishlarimiz bilan yuksak marralarga intilayotgan xalq ekanimizni dunyoga namoyon etaylik!

Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot, yangi tarix, yangi kelajak yarataylik!”.

Bayram katta konsert dasturi bilan davom etdi. Folklor-etnografik jamoalar hamda sanʼatkorlarning chiqishlari, milliy oʻyin va askiyalar barchaga zavq-shavq ulashdi.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, parlament va hukumat aʼzolari, turli hududlardan mehmonlar, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.