Endi ana shu imkoniyatlar yanada kengayib, mahallaning iqtisodiy, ijtimoiy salohiyati oshirilmoqda. Sodda aytganda, barcha mahalla har bir jabha va yoʻnalishda yangi Oʻzbekistonga munosib qiyofa kasb etyapti. Mazkur ishlarda Prezidentimizning “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora- tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilyapti.
Xususan, Fargʻona viloyati Rishton tumanidagi “Boʻston” mahalla fuqarolar yigʻiniga “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomi berildi. Yangi loyiha qishloq meʼmoriy qiyofasi, odamlar hayot tarziga yangicha ruh, koʻtarinkilik olib kirdi. Tashabbus doirasida mahalla aholini shu joyning oʻzida ish bilan band boʻlishini taʼminlaydigan namunali maskanga aylantiriladi.
“Boʻston” mahalla fuqarolar yigʻini Fargʻona — Qoʻqon katta avtomobil yoʻli yoqasida joylashgan. Olti mingdan ortiq aholi umrguzaronlik qilayotgan mahallada yechimini kutayotgan masalalar bor. Hozirga qadar mahallaning mavjud infratuzilmasini yaxshilash bilan bogʻliq ehtiyojlar oʻrganilib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha loyiha va dasturlar ishlab chiqildi.
Aholi va transport harakatlariga xalaqit beradigan binolar, qoʻlbola savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari oʻrniga zamonaviy meʼmoriy yechimga ega bino-inshootlar qurilmoqda.
— Mahallamiz yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi manzil sifatida tanlanib, 5 milliard soʻm ajratilmoqda. Shu orqali aholi bandligi taʼminlanib, kambagʻallikdan chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratiladi, — deydi “Boʻston” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Saminjon Roʻziboyev. — Mahallada 40 ta mikroloyiha ishga tushiriladi. Xususan, kichik ishlab chiqarish tarmogʻi kengayadi, savdo va xizmat koʻrsatish koʻpayib, turizm, tomorqachilik, chorvachilik ishlari jadallashadi. Natijada reestrdagi 23 ta oila kambagʻallikdan chiqariladi. Zamonaviy poliklinika, yoshlar sport-sogʻlomlashtirish majmualari quriladi. Markaziy koʻchalarga oʻrindiqlar oʻrnatilib, 4 kilometr yoʻl asfalt qilinadi. Fargʻona koʻchasining 2 kilometriga toʻsiqlar oʻrnatish, ariqlarga lotok yotqizish, yoʻl yoqasida yashil maydon yaratish ishlari bajarilmoqda. Isteʼmol yuqori boʻlgan 15 ta uy-joyga energiya tejovchi muqobil qurilmalar oʻrnatilyapti. Mahalladagi ijtimoiy soha obyektlari DXSH asosida taʼmirlanib, zamonaviy isitish tizimlari quriladi.
Mahalla ahli tomorqasiga “Rishton agro logistik” MCHJ, “Sherakhun” xususiy korxonasi bilan hamkorlikda eksportbop gulkaram, qizil va oqkaram ekilib, keyin eskport qilinadi. Tadbirkorlik dasturi doirasida “Biznesga birinchi qadam”, “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” hamda “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab- quvvatlash” kompleks dasturlari asosida jami 850 million soʻm imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish rivojlantiriladi. Xususan, “Boʻston mebellari” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 2 milliard soʻm boʻlgan “Yogʻochga qayta ishlov berish” loyihasi start oladi. “Tillaboyev Zafarjon” oilaviy korxonasi tashabbusi bilan zamonaviy savdo va turizm tarmogʻi faoliyat boshlaydi.
— Uy sharoitida trikotaj ishlab chiqarish bilan shugʻullanib kelyapmiz, — deydi tadbirkor Hayitxon Nuriddinova. — “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” loyihasi doirasida ishimizni kengaytirishga joy ajratib berildi. Bu yerga 500 million soʻm sarmoya kiritmoqchimiz. Natijada 10 dan ziyod ish oʻrni yaratiladi.
“Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” konsepsiyasi doirasida qamrab olingan masalalar keng va rang-barang. Asosiy maqsad — aholi farovonligini oshirish orqali ularga munosib shart-sharoit yaratish. Bu ishlarda aholi tashabbuskorligi, hamjihatligi ham ortib bormoqda. Xususan, Umidjon Rahimov savdo markazi qurish tashabbusi bilan chiqdi. Bahromjon Sharofiddinov esa oʻquv markazi tashkil etyapti.
— Prezidentimiz qarori asosida Boʻston va Zohidon mahallalarida “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” konsepsiyasi amalga oshirilmoqda, — deydi Rishton tumani hokimining birinchi oʻrinbosari Doniyor Rahmonqulov. — Hududlarni “taraqqiyot va yetakchilik maskani”ga aylantirish loyihalari ishlab chiqildi.
Loyihada savdo, servis va kichik ishlab chiqarish obyektlari, boʻsh yer maydonlari, davlat mulki inshootlari, hunarmandlik, xizmat koʻrsatish va mikrosanoat markazlarini tashkil etish imkoniyatlari hisobga olingan. Loyiha asosida nafaqat tanlangan mahallalar, balki ularga qoʻshni hududlar aholisi ham ish bilan taʼminlanib, tadbirkorlik kengayadi.
Bir soʻz bilan aytganda, bunday hayotbaxsh loyihalar natijasida hududlar har jihatdan obod boʻlib, aholining tadbirkorlik salohiyati oshmoqda, koʻplab ish oʻrinlari yaratilib, zamonaviy va qulay xizmat koʻrsatish ishlari yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
Surxondaryo viloyatida “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi doirasida 30 ta mahalla “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” sifatida tanlab olingan. Loyiha doirasida har bir mahallaga 5 milliard soʻmdan mablagʻ ajratish belgilangan.
Termiz tumanida “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” loyihasi uchun 2 ta — Qoʻngʻirot va Qahramon mahallalari tanlab olingan. Xususan, Qahramon mahallasida keng koʻlamli obodonlashtirish va infratuzilmani yangilash jadal surʼatda davom etayotir. Hududdagi 5,4 kilometr yoʻl taʼmirlandi. Endi 1 kilometr ichimlik suv quvuri yangilanadi. Ikkita zamonaviy transformator, 50 ta beton ustun oʻrnatilmoqda. Muhimi, loyiha doirasida 20 ga yaqin tadbirkorlik tashabbusi amalga oshirilib, 70 ta yangi ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan. Bu esa Qahramon mahallasida ishsizlikni keskin kamaytirib, aholi turmush darajasini yaxshilaydi.
Sherobod tumanining qariyb 6 ming aholi yashaydigan Dehqonariq mahallasi davlat ahamiyatidagi yoʻl boʻyida joylashgan. Hozir u Novbir, Hakimobod va Gulchinor mahallalari uchun ham markaz vazifasini oʻtaydi.
Ushbu hududga ham “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomi berilib, infratuzilma yaxshilanib, tadbirkorlik rivoj topadi. Aholi bandligi taʼminlanadi.
Loyiha doirasida mahallada maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi, dam olish maskanlari, bolalar va sport maydonchalari, piyodalar hamda salomatlik yoʻlakchalari barpo etiladi. Hozir bu borada ishlar boshlangan. Shuningdek, yaqin kelajakda mahalla hududida kichik bozor, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, hunarmandlik ustaxonalari ochish rejalashtirilgan.
— Bir-birini toʻldirgan dasturlar, loyihalar sabab koʻz oʻngimizda mahallamiz obod boʻlib boryapti. Har kunimiz yangi bir tashabbus bilan boshlanmoqda, — deydi “Dehqonariq” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Ulfat Bozorov.
Shu kunlarda Dehqonariqda 10 kilometr ichki yoʻl asfaltlanmoqda, 3,5 kilometr elektr tarmogʻi tortilmoqda. Yaqin vaqt ichida ichimlik va sugʻorish suv taʼminotini yaxshilash uchun 2 ta nasos hamda 3 ta zamonaviy transformator punkti oʻrnatilishi koʻzda tutilgan.
— Mahallamizda yoʻl deysizmi, maktab yoki bogʻchami, poliklinika, elektr, suv, gaz deysizmi, hammasida oʻzgarish qilish uchun birdek harakat ketyapti. Turli tashkilotlar vakillari bugun jips boʻlib ishlayapti. Bundan kim ruhlanadi, albatta, shu yerdagi odamlar- da! Darvozadan hatlashimiz bilan obodlikka duch kelib, shukrona qilyapmiz. Kayfiyatimiz togʻdek koʻtarilib, hashar va obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etyapmiz, — deydi mehnat faxriysi Abdulhamid Ziyodullayev.
Qisqa vaqt ichida Dehqonariq mahallasiga ham shahar muhiti kirib boradi, u kambagʻallik va ishsizlikdan xoli, obod va namunali maskanga aylanadi.
— Endi hududlarimizda tadbirkorlik yanada rivojlanadi. Taʼlim va ijtimoiy soha uchun keng sharoit yaratiladi. Viloyatdagi “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” sifatida belgilangan hududlardagi ishlarni tajriba va seminarlar bahonasida ham borib, kuzatib kelyapmiz. Ishlar qizgʻin. Har bir mahalla oʻz salohiyati, tashabbuskorligi va birdamligi bilan oʻziga xos taraqqiyot yoʻliga qadam qoʻymoqda, — deydi Denov tumanidagi “Bogʻi Eram” MFY raisi Jasur Turdiyev. — “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” gʻoyasi faqat yoʻl yoki infratuzilma yangilanishi bilan cheklanib qolmaydi. Masalan, bizning mahalla katta yoʻl yoqasida joylashmagan. Rivojlanish esa shaharlardagidan qolishmaydi.
Qiziriq tumanidagi Takiya va Kunchiqish mahallalarida ham “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” konsepsiyalari joriy etilmoqda. Xususan, besh mingdan ortiq aholi yashaydigan Kunchiqish mahallasida loyiha asosidagi ishlar bosqichma-bosqich davom etmoqda.
— Keyingi yillardagi tashabbuslar sabab mahallalar faqatgina maʼmuriy tuzilma emas, balki hudud aholisini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlaydigan, odamlar muammosini joyida hal etishga qodir, bandlikni taʼminlash va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgan muhim manzilga aylanmoqda. Bunday katta bunyodkorlik ishlari mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasidir, — deydi Kunchiqish mahallasi raisi Shokir Jumayev.
Joriy yilning Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili deb nomlanishi ham tizimdagi ishlar yangi bosqichga koʻtarilishiga zamin yaratmoqda. Shu bois, mahalla asliyatiga qaytib, odamlarni birlashtirgan, ularning hayoti, orzu- umidlari, quvonch va tashvishlarini oʻzida mujassam etgan muqaddas maskanga aylanib boryapti.
Rasuljon KAMOLOV,
Sarvar TOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbirlari