Aholisi 38 milliondan ziyod boʻlgan mamlakatda demografik jarayonlarning faolligi, har yili oʻrtacha 1 milliondan ortiq yigit-qizning katta hayotga qadam bosayotgani jamiyat oldiga mutlaqo yangi masʼuliyat va vazifalarni qoʻymoqda.
Shu maʼnoda, yoshlarga oid davlat siyosati ijtimoiy rivojlanishning alohida yoʻnalishi sifatida baholanishi tabiiy. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida yoshlarga yuksak baho va ishonch bildirilib, taʼlim, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, sport va boshqa sohalarda erishayotgan yutuqlari yangi Oʻzbekiston taraqqiyotida muhim omil sifatida eʼtirof etilgani ham shundan dalolat.
Ortda qolgan yil ham yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish jarayoni mazmunan yangi bosqichga koʻtarilgani bilan yodda qolarli boʻldi. Bu davrda yoshlar bilan ishlash umumiy chaqiriqlar, samarasi kam, eskicha yondashuvlardan voz kechilib, asosiy eʼtibor tizimlilikka, manzillilikka va ijro uchun aniq masʼuliyat belgilashga qaratildi. Yoshlar masalasi ijtimoiy muammo emas, balki boshqariladigan va natijasi baholanadigan siyosiy yoʻnalish sifatida koʻrila boshladi. Shu sabab yoshlar siyosatining institutsional asoslari mustahkamlandi, amaliy mexanizmlar esa hayotga yaqinlashtirildi.
2025-yil 14-fevral kuni boʻlib oʻtgan Prezidentimizning yoshlar bilan ochiq muloqoti bu boradagi yillik “yoʻl xaritasi”ni belgilab olishda dasturilamal boʻldi. Uchrashuv umumiy ruhida yoshlarni ijtimoiy- iqtisodiy taraqqiyotning faol subyekti sifatida koʻrish, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda salohiyatini toʻliq namoyon etish uchun tizimli sharoit yaratish gʻoyasi ustuvorlik kasb etdi. Jumladan, yoshlarning bilim olish yoʻli faqat diplom bilan yakunlanib qolmasligi, ularning zamonaviy kasblarni egallashi, raqamli koʻnikmalarni puxta oʻzlashtirishi va mehnat bozoridagi real ehtiyojlarga moslashuvi zarurligi taʼkidlandi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan fikrlarda maktab, kollej, texnikum va oliy taʼlim tizimi oʻrtasidagi uzviylik, shuningdek, taʼlim natijasini aniq iqtisodiy samaradorlik bilan bogʻlash masalasi muhim yoʻnalish sifatida qayd etildi.
Davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqotda ularning jamiyatdagi oʻrnini chuqur anglash, qonunlarga hurmat, halollik va tashabbuskorlikni hayot mezoniga aylantirish zarurligini taʼkidladi. Bu esa yoshlar siyosatida faqat iqtisodiy koʻrsatkichlarga tayanish yetarli boʻlmasligini, insoniy va axloqiy qadriyatlar bilan uygʻunlik muhim ahamiyat kasb etishini koʻrsatadi.
Qishloq va chekka hududlarda yashovchi yoshlar bilan megapolislarda istiqomat qiluvchi tengdoshlari oʻrtasidagi imkoniyatlar tafovutini qisqartirish, taʼlim, bandlik va madaniy rivojlanish xizmatlarini joylarda kengaytirish masalalari ustuvor vazifa sifatida qayd etildi. Bu yondashuv yoshlarning qayerda tugʻilganidan qatʼi nazar, oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun teng sharoit yaratishga qaratilgan umumiy siyosiy irodaning ifodasi boʻlib xizmat qildi.
Shu nuqtayi nazardan, davlat va yoshlar oʻrtasidagi munosabat bir tomonlama murojaat shaklidan tizimli hamkorlik darajasiga koʻtarilayotgan, kelajak avlod masalasi strategik rejalashtirish markazida turgan, har bir tashabbus uzoq muddatli taraqqiyot manzarasi bilan bogʻlanayotgan hozirgi sharoitda mamlakatimizdagi yoshlarga oid siyosatning bugungi holatini umumlashtiruvchi va kelgusi yoʻnalishlarini belgilab beruvchi eng muhim jihatlarga toʻxtalib oʻtish, oʻtgan yil sarhisobiga bir qur nazar tashlash, oʻylaymizki, oʻrinli boʻladi.
Taʼlim
2025-yilda yoshlarga oid davlat siyosatida taʼlim masalasi alohida ustuvor yoʻnalish sifatida shakllandi va u boshqa barcha yoʻnalishlar uchun asos boʻlib xizmat qildi. Taʼlim yoshlarga oʻz salohiyatini anglash, jamiyatda munosib oʻrin egallash, mustaqil fikrlash va kelajakka ishonch bilan qadam qoʻyish imkonini beradigan asosiy ijtimoiy institutdir. Shu bois, 2025-yilda taʼlim bilan bogʻliq ishlar miqyosi ancha kengaydi, mazmunan chuqurlashdi.
Jumladan, 21-aprel kuni davlatimiz rahbari maktab taʼlimi sifatini oshirish va pedagoglar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishar ekan, yoshlar siyosatida miqdoriy qamrovdan mazmuniy natijaga oʻtish zaruratini aniq ifodalab berdi. Ushbu taqdimotda taʼlim infratuzilmasini yangilash bilan bir qatorda oʻqituvchining kasbiy tayyorgarligi, metodik saviyasi, zamonaviy kompetensiyalarni egallashi taʼlim sifatini belgilovchi hal qiluvchi omil ekani koʻrsatib oʻtildi. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar bilan uygʻun holda maktab taʼlimini real hayot, kasb tanlovi va mehnat bozori ehtiyojlariga yaqinlashtirish, oʻquvchi shaxsini mustaqil fikrlashga, masʼuliyatli qaror qabul qilishga tayyorlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi.
Yil davomida taʼlimdan chetda qolish xavfi mavjud boʻlgan yoshlar bilan ishlash masalasi diqqat markazida boʻldi. Bu yoʻnalishda manzilli va tizimli choralar koʻrildi. Xususan, mahalla raislari bilan hamkorlikda dars qoldirgan 4504 nafar oʻquvchi yana taʼlim jarayoniga qaytarildi. Bu koʻrsatkich oddiy raqam sifatida qabul qilinmasligi kerak. Uning ortida taʼlimdan uzoqlashish xavfi ostida qolgan minglab yoshlarning taqdiri, ularning kelajakdagi imkoniyatlari bilan bogʻliq muhim masalalar turibdi. Aynan shu sabab taʼlimga qaytarish jarayoni faqat majburiy choralar bilan emas, balki tushuntirish, ijtimoiy muhitni yaxshilash, oila bilan ishlash orqali amalga oshirildi.
Yana bir muhim jihat, yoshlarni keyingi bosqichda bilim olishga yoʻnaltirish bilan bogʻliq. Maʼlumotlarga koʻra, 2025-yilda 2088 nafar yosh oliy va professional taʼlimga jalb etildi. Bu holat davlatning taʼlim siyosati faqat umumiy savodxonlik bilan cheklanib qolmayotgani, yoshlarni kasbiy va mutaxassislik yoʻnalishlari orqali hayotga tayyorlashga qaratilganini koʻrsatadi.
Taʼlim mazmunini zamonaviy talablar asosida boyitish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xorijiy tillar, zamonaviy kasblar va intellektual rivojlanishga qaratilgan loyihalar yoshlar orasida keng ommalashdi. Xorijiy tillar, zamonaviy kasblar va kitobxonlik loyihalariga jami 7,8 million nafar yosh jalb etildi. Shuningdek, ragʻbatlantirish mexanizmlarining joriy etilishi ham yoshlarning bilimga boʻlgan qiziqishini oshirdi. Xalqaro imtihon topshirish xarajatlarini qoplash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar buning yaqqol misolidir. Jumladan, 17,3 ming nafar yoshga 38,7 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan, umumiy hisobda esa 56,4 ming nafar yosh 111 milliard soʻmlik kompensatsiyadan foydalangan.
Taʼlim jarayonini faollashtirishda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish ham muhim omillardan sanaladi. “TalabaFest — 2025” festivali doirasida 800 ming nafar talabaning qamrab olingani, “Besh tashabbus olimpiadasi”da esa millionlab yoshlarning turli tanlov va musobaqalarda ishtirok etgani taʼlim muhitining faqat rasmiy darslar bilan chegaralanib qolmaganini koʻrsatadi. Shuningdek, Toshkent shahrida tashkil etilgan “Oʻzbekiston oʻquv markazlari forumi”da yuzlab oʻquv markazlari va minglab yoshlarning ishtiroki taʼlim xizmatlari sifatini oshirish, tajriba almashish va yangi imkoniyatlarni muhokama qilish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qildi.
Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishda eng katta qamrov “Besh tashabbus olimpiadasi”da kuzatildi. Ushbu tashabbus doirasida oʻtkazilgan tanlov va musobaqalarda 10,9 million nafar yosh ishtirok etdi. Madaniyat va sanʼat yoʻnalishida 1 million, sport yoʻnalishida 7,2 million, kitobxonlik va intellektual oʻyinlar doirasida 2,7 million nafar yosh qamrab olindi. “Dolzarb 90 kunlik” tadbirlarida esa loyihalar, tanlovlar, musobaqalar va sayohat dasturlari orqali 6,7 million nafar yosh jalb qilingan. Bu tadbirlar yozgi taʼtil davrida yoshlarning boʻsh vaqtini ijtimoiy foydali faoliyat bilan toʻldirish, ularni turli salbiy taʼsirlardan himoyalash, jamoatchilik faolligini oshirishga xizmat qildi.
Alohida loyihalar doirasida ham qamrov yanada oshgan. “Ibrat farzandlari” loyihasida 2,9 million nafar yosh, “Qizlar akademiyasi” loyihasida 620 ming nafar xotin-qiz, “Ustoz AI” loyihasida 831 ming, “Mutolaa” loyihasida esa 3,5 million nafar navqiron avlod vakillari ishtirok etgan. Ushbu loyihalar yoshlarning intellektual, maʼnaviy va texnologik rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashi bilan ham ahamiyatli.
Bandlik
Oʻtgan yil mobaynida yoshlar bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar tizimning turli boʻgʻinlarini bir maqsadga safarbar qilgan amaliy mexanizmlar orqali yuritildi. Ishsiz va shaxsiy biznesini boshlash istagidagi yigit-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Yoshlar bandligi dasturi” ishlab chiqildi va shu yoʻnalishda 414,6 ming nafar yoshning bandligi taʼminlandi. Bu koʻrsatkichning oʻzi bandlik masalasiga yondashuv koʻlami va masʼuliyat darajasini anglatadi, yaʼni keng qatlamdagi yoshlarga yoʻnaltirilgan, bir vaqtning oʻzida ham ish oʻrni, ham tadbirkorlik, ham kasbga yoʻnaltirish imkoniyatlarini jamlagan mexanizm shakllantirilgan.
Prezidentimizning 2025-yil 14-fevraldagi “Yoshlar tadbirkorligini hamda ularning bandligini taʼminlashga qaratilgan biznes loyihalarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yoshlarning mehnat bozoriga kirishini bosqichma-bosqich taʼminlashga qaratilgan tizimli mexanizmni belgilab berdi. Hujjatga koʻra, oʻzini oʻzi band qilish, kasanachilik, kichik biznes va startap tashabbuslarini qoʻllash orqali barqaror daromad manbalarini shakllantirish ustuvor yoʻnalish sifatida koʻrsatildi. Xususan, “Biznesga birinchi qadam” tamoyili asosida yoshlarni kasbga yoʻnaltirish, moliyaviy resurslarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, hududlarda mavjud iqtisodiy salohiyatdan kelib chiqib, loyihalarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari belgilandi. Taʼlim — kasb — daromad zanjiri yagona siyosiy mantiqqa birlashtirildi.
Bandlikni taʼminlashda boshqaruv yondashuvi ham oʻzgacha tus oldi. Maʼlumotlarga qaraganda, davlat idoralarining 4546 nafar rahbari 115 ming 751 nafar ishsiz yoshga biriktirilib, 114 ming 984 nafarining bandligi taʼminlangan, natijadorlik 99,3 foizni tashkil qilgan. Bu orqali masʼuliyatning shaxsiylashgani, “biriktirish” tamoyili bilan har bir holat boʻyicha kuzatuv va yakuniy natija talabi kuchayganini kuzatish mumkin. Bunday tendensiya bir nechta yoʻnalishlar boʻyicha parallel yechimlar ishlab chiqish imkonini berdi. Jumladan, 33 mingdan ziyod yigit-qiz doimiy ishga joylashtirilgan boʻlsa, ulardan 15 ming 186 nafariga tadbirkorlik uchun kredit, 4556 nafariga ekin yer maydoni ajratilgan, 2145 nafariga esa asbob-uskunalar olib berilgan. Shu bilan birga, 6816 nafar yosh tartibli migratsiyaga yoʻnaltirilgan, 2631 nafari muddatli harbiy xizmatga yuborilgan, 48 ming 532 nafari esa oʻzini oʻzi band qilgan. Mazkur raqamlar bandlik siyosati “faqat ish topib berish” shaklidagi tor qarashlar qolipidan chiqib, aksincha, yoshning sharoitiga mos yoʻl tanlashiga imkon beradigan koʻp kanalli model shakllanganini koʻrsatadi.
Oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan koʻrilayotgan choralar ham keng aholi qatlamini qamrab olib, yoshlar bandligini taʼminlashda samarali usul ekani isbotini topib ulgurdi. Shu jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 80 ming 146 nafar yoshga 1 trillion 378,9 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratilgan. Bu borada manzilli koʻmak mexanizmlarining oʻrni alohida. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 26 ming 757 nafar yoshga subsidiya ajratilgani va bandligiga koʻmaklashilgani buni tasdiqlaydi.
Ushbu amaliyot umumiy qoʻllab-quvvatlashdan koʻra aniq ehtiyojga yoʻnaltirilgan mexanizm sifatida qadrlanadi, chunki bunday tartiblar odatda shaffof mezonlar, ariza va koʻrib chiqish jarayonlari orqali yuritiladi, bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlaridan subsidiya hamda grantlar ajratish boʻyicha huquqiy tartiblar rasmiy hujjatlarda belgilangan. Shu bilan birga, davlat dasturlari doirasida bandlik masalasi strategik vazifa sifatida qoʻyilib, “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” konsepsiyasi bilan uygʻun yoʻnalishda davom ettirildi.
Ijtimoiy himoya
Oʻtgan yilda yoshlarga oid davlat siyosatida ijtimoiy himoya masalasi faqat moddiy koʻmak berish doirasi bilan cheklanmay, yosh avlodning hayotdagi barqarorligini taʼminlash, ularning muammolarini erta aniqlash, xavf omillarini kamaytirish, huquqbuzarliklarning oldini olish, muhitni sogʻlomlashtirish singari yoʻnalishlarni bir zanjirga bogʻlagan yondashuv sifatida namoyon boʻldi.
Prezidentimizning 2025-yil 30-yanvardagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni esa yoshlar ijtimoiy himoyasi tizimini mazmunan qayta koʻrib chiqishga qaratilgan muhim hujjat boʻldi. Ushbu farmon orqali “Yoshlar daftari” va boshqa ijtimoiy daftarlar doirasida koʻrsatiladigan yordamlar yagona yondashuv asosida tartibga solinib, moliyaviy koʻmakning manzilliligi, shaffofligi hamda real ehtiyojlarga mosligi asosiy mezon sifatida belgilandi. Yoshlar bilan ishlash faqat roʻyxatga olish va bir martalik yordam berishdangina iborat boʻlmay, ularning hayotiy vaziyatini chuqur tahlil qilish, ijtimoiy xavf omillarini oldindan aniqlash hamda individual rivojlanish yoʻllarini belgilashga yoʻnaltirilgan tizim sifatida shakllantirildi.
Farmonning yana bir muhim jihati shundaki, u ijtimoiy yordamni bandlik, taʼlim va kasbga yoʻnaltirish choralaridan ajratilgan holda emas, balki oʻzaro bogʻliq yagona mexanizm sifatida koʻrishni nazarda tutadi. Grantlar, subsidiyalar, ssudalar va boshqa qoʻllab-quvvatlash instrumentlari yoshlarni mustaqil daromad topishga, kasbiy barqarorlikka erishishga undovchi vosita sifatida qayta talqin qilindi.
Ijtimoiy himoyaning muhim yoʻnalishi sifatida tarbiyasi ogʻir, nazoratga muhtoj, turli xavf omillari taʼsirida qolgan yoshlar bilan manzilli ishlash koʻlami kengaydi. Xususan, tarbiyasi ogʻir 51 ming 455 nafar yosh 6 ta huquq-tartibot va mudofaa organlarining 4155 nafar masʼullari nazoratiga berilib, uchrashuvlar natijasida 48 ming 747 nafar yosh sogʻlomlashtirildi, hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashildi. Mazkur yoʻnalishda eʼtiborga molik natijalardan biri shuki, ulardan xulqi ijobiy tomonga oʻzgargan 22 ming 931 nafari otaliqqa olgan masʼul kafilligi ostida muddatidan oldin probatsiya va profilaktika hisobidan chiqarilgan. Bu yerda probatsiya instituti masalasiga ham eʼtibor qaratish zarur, chunki probatsiya nazorati ostidagi shaxslar bilan ishlashda insonparvarlik, qonuniylik, qayta ijtimoiylashuv tamoyillari davlat siyosatida alohida oʻrin tutadi, bu yondashuvning huquqiy asosi sifatida “Probatsiya toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingani ham tizimning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Profilaktika va ijtimoiy himoya samarasi oʻlaroq, yoshlar jinoyatchiligi oʻtgan yilning 11 oyida 17 foizga kamaygan, 4388 ta hudud “yoshlar jinoyatchiligidan xoli mahalla”ga aylangan. Bu natija koʻp boʻgʻinli mexanizmlarning umumiy samarasi hisoblanadi: otaliqqa olish, probatsiya va profilaktika amaliyoti, mahalla raislari bilan hamkorlik, ijtimoiy muhitni sogʻlomlashtirish, tarbiyaviy tadbirlar, muammoli oilalar bilan ishlash, murakkab toifadagi yoshlarni qayta yoʻnaltirish kabilar bir-birini toʻldirganida shunday koʻrsatkich yuzaga chiqadi.
Taʼkidlash kerakki, yoshlar bilan ishlashda qabul qilinayotgan qarorlar qanchalik puxta boʻlmasin, ular mahallada ijro etilmasa, kutilgan natijani bermaydi. Shu bois, 2025-yilda “mahalla yettiligi”ning muhim boʻgʻini sifatida yoshlar yetakchilari faoliyatini metodik, tashkiliy va kadrlar siyosati jihatidan mustahkamlash ustuvor vazifaga aylandi. Maʼlumotlarga koʻra, ijtimoiy lift dasturi asosida yil davomida 338 nafar yoshlar yetakchisi yuqori lavozimlarga koʻtarildi, bu umumiy yetakchilar sonining qariyb uchdan bir qismini tashkil etadi. Ushbu koʻrsatkich yoshlar yetakchisi lavozimiga vaqtinchalik yoki ikkinchi darajali bosqich sifatida emas, balki davlat boshqaruvi tizimida real kadrlar zaxirasini shakllantiruvchi muhim maktab sifatida qaralayotganini anglatadi. Shu tariqa 2025-yilda yoshlarga oid davlat siyosati nafaqat amaliy natijalari bilan, balki aniq siyosiy qarash, ravshan strategik yoʻnalish va ochiq muloqotga tayangan boshqaruv uslubi bilan ham ajralib turdi. Davlatimiz rahbarining yoshlarga boʻlgan ishonchi va ularni yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining asosiy kuchi sifatida koʻrishi mazkur siyosatning ichki mantigʻini belgilab berdi. Bu yondashuv yoshlarning bugungi imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga mamlakatning ertangi rivoji uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qilmoqda.
Asliddin ABDURAZZOQOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri