Bugun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida yoshlar forumi boʻlib oʻtdi.
Forum universitetning Toshkent va Nukus filiallari, texnikum va akademik litsey talaba-yoshlari ishtirokida katta shodiyona tarzida va koʻtarinki ruhda oʻtkazildi.
Ikkinchi Respublika Yoshlar forumi doirasida “Ranglar sehri”, “Pazanda qizlar”, “Milliy liboslar” kabi “Besh muhim tashabbus” doirasidagi yoshlar ijod namunalari koʻrgazmalari, “Sozanda yoshlar” cholgʻuchilik tanlovi, “Talabalar teatr studiyalari”, “Quvnoqlar va zukkolar” jamoalari chiqishlari, “Stol tennisi” boʻyicha “Universitet rektori kubogi” hamda “Shaxmat” boʻyicha “Qoʻmita raisi kubogi” musobaqalari, “Munozara-debat” va “Zakovat” intellektual oʻyinlari, bitiruvchilarning “Veterinar qasamyodi” marosimi kabi oʻttizga yaqin madaniy-maʼrifiy tadbirlar, tanlovlar tashkil etildi.
Tadbir davlat Madhiyasining yangroq sadolari bilan boshlandi.
Tadbirni universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov ochib berarkan, mazkur forumdan koʻzlangan asosiy maqsad ham Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus mohiyatini yoshlar ongiga yanada singdirish, isteʼdodli yoshlarni ragʻbatlantirish va eng asosiysi uyushmagan yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish ekanligini taʼkidlab, ikkinchi Respublika Yoshlar forumi siz kabi yosh avlodning Vatanimiz taraqqiyoti yoʻlida oʻz maqsad va gʻoyalaringizni bekami-koʻst roʻyobga chiqarishingiz, osoyishta va farovon turmush kechirishingiz hamda yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini yanada oshirishingizda, shubhasiz, muhim omil boʻlib xizmat qiladi, deya taʼkidladi.
Bitiruvchilar marosimda “Veterinar qasamyodi”ni qabul qilishdi. Shundan soʻng, Forum yakunida tanlov va musobaqalar gʻoliblarini turli nominatsiyalar boʻyicha tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Gala - konsertda oʻzbek estrada yulduzlari Otabek Mutalxoʻjayev, Samir hamda shahrimizning xushovoz xonandalari ishtirok etishdi.
Axborot xizmati