Hozirgi shiddat bilan rivojlanayotgan dunyoda yoshlarni turli diniy, maʼnaviy va kiber tahdidlardan himoya qilish, oʻzligimizni saqlab qolish va milliyligimizni avloddan avlodga vorisiylik tamoyili asosida yetkazib berish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Navqiron avlod vakillari har bir davlatning kelajagini, salohiyatini belgilovchi muhim qatlam hisoblanadi. Bugungi kunda yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar boʻlib ulgʻayishi yoʻlida yurtimizda barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Ularning orzu-maqsadlarini roʻyobga chiqarish, ilgʻor tashabbus va gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu bois, yurtimizda jamiyatning faol qatlami sifatida eʼtirof etiladigan yoshlarga yurt ravnaqini taʼminlovchi katta kuch, davlatning strategik resursi sifatida ishonch bildirilmoqda. Natijada yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qatʼiy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda. Yoshlarning bandligini taʼminlash, biznes loyihalarini amalga oshirish natijasida ularning turmush tarzi yaxshilanmoqda, istiqbolli tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini yana-da rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturida oʻz iqtidori va salohiyatini kamol toptirish, kelajakda qiziqqan sohasining yetuk mutaxassisi boʻlib yetishishi uchun yoshlar davrasida motivatsion tadbirlar oʻtkazish belgilangan. Soʻnggi yillarda navqiron avlod vakillarini turli darajadagi lavozimlarga tayinlash keng yoʻlga qoʻyildi. Viloyatlar, tuman va shahar hokimlariga yoshlar tomonidan oʻrinbosarlar tayinlandi.
Siyosiy yetuk va faol yoshlarni parlamentga, mahalliy kengashlarga yana-da keng jalb etib, ularni Oliy Majlis deputatlari va senatorlariga biriktirilishi yoshlarga yangi imkoniyatlar eshiklarini ochib beradi. Ularga mamlakatimizning eng yuqori minbarlaridan oʻz gʻoyalari, tashabbuslarini ilgari surish, huquq va manfaatlarini bayon etish imkoniyatlari yanada oshadi.
Mamlakatimizda “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashning huquqiy mexanizmlarini yaratish sohasidagi yangilik boʻldi. Toʻrt bob, oʻttiz uch moddadan iborat mazkur qonunda yoshlar huquq va erkinliklari tom maʼnoda taʼminlanganligi ham ularga boʻlgan eʼtibordan dalolatdir.
Yangi Oʻzbekiston yoshlari kelajagimiz va istiqbolimiz poydevoridir. Bugungi kunda yurtimizda boʻlayotgan koʻplab islohotlar natijasi oʻlaroq hayotimiz kundan-kunga yaxshilanib bormoqda. Ayniqsa, oliy taʼlim sohasidagi islohotlar va imkoniyatlar yigit-qizlarning malakali mutaxassis boʻlib hayotga kirib kelishida muhim omil boʻlmoqda.
Soʻnggi yillarda bu borada qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildiki, ular yoshlarning intilish va iqtidorini qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirishda, rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyatini yuksaltirishda yangi tizimni shakllantirdi. Xususan, 2021-2022-oʻquv yilida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar va yoshlar uchun oliy taʼlim muassasasiga ajratiladigan davlat grantlari soni hududlar kesimida tasdiqlandi.
Muhim oʻzgarishlardan yana biri oʻqishga kirishda imkoniyati cheklangan yoshlar uchun grantlar ajratilganidir. Eng muhimi, oʻtgan yildan boshlab davlatimiz xalqaro va nodavlat oliy taʼlim muassasalariga grant berishni boshladi. Bilimi bor, ammo moddiy taraflama qiynalgan yoshlar uchun bu katta imkoniyat eshigidir. Eʼtiborlisi, tizimda qabul va taʼlim jarayoni raqamlashtirilgan. Oʻz oʻrnida aytish joizki, bundan 3-4 yil oldin abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish uchun har xil tashkilotlardan turli maʼlumotnomalar soʻralar edi. Hozirda mazkur jarayonning barchasi raqamlashtirildi.
Albatta, bunday islohotlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar, berilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil yozish mumkin. Biroq bunday islohotlarga kamarbasta boʻlish uchun yigit-qizlarga avvalo zamonaviy tafakkur kerak.
Shu oʻrinda tafakkurni ham ikki turga boʻlgan boʻlar edik:
- Zamonaviy tafakkur
- Milliy tafakkur
Aksariyat yoshlarning milliy tafakkuri rivojlangan boʻlsada, zamonaviy bilimlar yetishmovchiligini kuzatish mumkin. Milliy tafakkur bu — oʻz yurtidagi har qanday ilm, olimning ishlanmalarini oʻrganishi, bilishiga asoslangan tizimni yarata oladigan tafakkurni nazarda tutsak, zamonaviy tafakkurda esa jahon standartlariga javob bera oladigan tizimni yaratish hamda uni anglashga qodir bilimga ega boʻlgan tizimni bildiradi. Shunday ekan, barchamiz Yangi Oʻzbekistonning yuksalishi uchun bir tan-u, bir jon boʻlib harakat qilaylik.
Dilafruz ISMATOVA,
Buxoro davlat universiteti
dotsenti, psixologiya
fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)