Sharqda, xususan, Oʻzbekistonda azal-azaldan jamoa boʻlib yashash anʼanalari qadrlab kelingan. Mahalla jamoaviylikning eng yorqin koʻrinishi boʻlib, manbalarning guvohlik berishicha, ildizlari juda qadim tarixga ega.
Buyuk Amir Temur oʻzining “Temur tuzuklari”da “...har mulk va mamlakat-ning beklari, ulugʻlari, boshliq oqsoqollarini hurmatladim, ularga sovgʻa-salomlar berib, xizmatlaridan foydalandim", deb ularga oʻz hurmat-ehtiromini bildirgan. Sohibqiron tomonidan berilgan bunday eʼtibor va eʼtirof natijasida Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muhammad Bobur ham hudud oqsoqollariga alohida hurmat koʻrsatishgan.
Mustaqillik yillarida davlatimiz tomonidan mahallaga boʻlgan eʼtibor kuchaytirildi, mahalla hamjihatlik maskani sifatida yanada faollashdi. Mahallaning jamiyatdagi ijtimoiy mavqei qayta tiklandi, uni faol jamoaviy tuzilma sifatida shakllantirish boʻyicha aniq choralar ishlab chiqildi. Tizimni yanada rivojlantirish, mahallaning fuqarolarga chinakam koʻmakchi tuzilma sifatida shakllantirishda mustaqil Oʻzbekistonning mavjud qonunchilik bazasi ham takomillashtirildi. Jumladan, oʻzini oʻzi boshqarish organi sifatida mahallaning vakolatlari kengaytirilib, jamiyat boshqaruvidagi oʻrni va maqomi mustahkamlandi.
Aytish lozimki, Oʻzbekistonda “Uchinchi Renessans davri"ning boshlanishi mahalla institutlarining ijtimoiy-siyosiy jihatdan sayqal topa boshlagan davri bilan baholanadi. Ayniqsa, dunyo pandemiya tufayli “begonalashuv", yaʼni insonlarning bir-biridan uzoqlashuvi, egotsentrizm xavfi ostida turgan bir vaqtda, mahallada istiqomat qiluvchi insonlarda hamfikrlilik, birdamlik, bagʻrikenglik kabi jamiyatning eng oliy qadriyatlari saqlanib qoldi. Mahalla boshqaruv tizimida yangi lavozimlar, jumladan, fuqarolar yigʻini raisining huquq-tartibot masalalari, oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar, obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosar lavozimlari joriy etildi. Bu oʻziga xos yoʻl boʻlib, mahalla tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar yigʻinlariga yaqindan koʻmaklashish, unga davlat yordamini koʻrsatish boʻyicha sohadagi yangi davrni boshlab berdi. Bir soʻz bilan aytganda, yangi Oʻzbekistonda mahallaning yangicha qiyofasi yaratildi. “Mahalla raisi - islohotchi" tamoyili asosida aholining ijtimoiy masalalarini hal qilish yuzasidan yangi tizimni samarali joriy etish bosh mezon sifatida belgilab olindi. Bu “Yangi Oʻzbekiston"ning davlat va jamiyat boshqaruvi sohasiga oid xalqchil, zaruriy va yangicha yondashuvi boʻldi. Endilikda mahalla raislari hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi muammolarini bartaraf etish, yangi ish oʻrinlari yaratish, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash borasida davlat organlari va mutasaddi tashkilotlar oldiga aniq vazifalarni qoʻyish, ularning ijrosini qatʼiy talab qilish vakolatiga ega boʻldi.
Bugungi kunda yangi Oʻzbekistonning yangi qiyofadagi mahallasi muhim ijtimoiy institut sifatida shakllanib bormoqda. Yaʼni mahalla xalq bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ish olib boruvchi, oila, xotin-qizlar va keksalarni qoʻllab-quvvatlovchi tashkilotga aylandi. Bundan tashqari, bugungi kun mahallalari ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda muhim tashkilot sifatida faoliyat yuritmoqda.
2025 yilning 26 dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining davlat rahbari Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnoma yoʻlladi. Ushbu murojaatnomada yurtboshimiz 2026 yilda davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, taʼlim, iqtisodiyot, sport, ilm-fan, madaniyat va ekologiya kabi ustuvor sohalarni rivojlantirish boʻyicha qator chora-tadbirlarning amalga oshirilishini taʼkidlab oʻtdi. Murojaatnomada quyidagi ustuvor yoʻnalishlar alohida tilga olindi va ularning har biri boʻyicha qator vazifalar belgilab berildi:
1.Mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish.
2. Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish.
3. Ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish.
4. Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish.
5.Ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish.
6.Zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni davom ettirish.
“Bugungi murakkab zamonda yoshlarimizni turli sinovlarga chidamli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash, xalqimizni yanada birlashtirish va jipslashtirishda, hech shubhasiz, oʻzini oʻzi boshqarishning noyob tizimi boʻlgan mahallaning oʻrni va ahamiyati katta. Barchamiz uchun ham ota, ham ona boʻlgan mahallaga, shu asosda Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusining yuqoriligi ushbu institut avvalo ijtimoiy birdamlik manbai ekanini koʻrsatadi. Tarix davomida qanday ogʻir sinovlarga duch kelmaylik, mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh boʻlib qiyinchiliklarni yenggan. Oila – oilaga, qoʻshni – qoʻshniga koʻmak berib yashagan. Biz mana shunday oʻta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak. Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining oʻrni va taʼsiri beqiyos. Chunki, mahalla tinch va ahil boʻlsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat boʻladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi.”
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb eʼlon qilindi. Yangi yilning bunday nomlanishi, yil nomiga mos ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun alohida davlat dasturining qabul qilinishi xalqimiz, ayniqsa, mahalla instituti tizimi zimmasiga katta masʼuliyat yukladi. Ushbu dasturda yurtimizdagi mahallalarni mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar oʻz ifodasini topishini yurtboshimiz alohida taʼkidladilar. Shuningdek, barcha chora-tadbirlar katta hayotiy tajribaga ega mahalla raislari va faollari, hurmatli nuroniylar, sergʻayrat yoshlar, ziyolilar, ishbilarmon tadbirkorlar, Vatan posbonlari, umuman, butun xalqimiz bilan birgalikda amalga oshirilishi lozimligini uqtirdilar.
Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yoʻl, suv, elektr va transport taʼminoti, bogʻcha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab odamlar islohotlarimizga baho beradi. Shu bois mahalla tizimini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib qolaveradi. Shuningdek, “yashil hudud”, “yashil bogʻ” yaratish boʻyicha alohida mablagʻ ajratilishi va bunday yondashuv orqali 2030-yilgacha barcha tumanlardagi mahallalarga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kiramiz, degan fikrlar murojaatnomadan joy oldi. Bundan tashqari, 2026-yilda “mahallada sanoat va xizmat” loyihasi orqali ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalarini ishga tushirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, mahallalardagi aholini, xususan, xotin-qizlarni sportga keng jalb etish, mahalla yoshlarining kitobxonlikka boʻlgan qiziqishini yanada oshirish, oilalarni kambagʻallikdan chiqarish kabi dolzarb ustuvor vazifalarning belgilanishi Yangi Oʻzbekistonning yangi mahallasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Murojaatnomada mahallalarni obod qilish va uning infratuzilmasini tubdan yaxshilash uchun, avvalo, mahallalardagi suv, elektr, transport va yoʻl taʼminotini izga qoʻyish kerakligi aytib oʻtildi. Ayniqsa, bogʻcha, maktab, oilaviy poliklinikalarning shart-sharoitlarini yaxshilash lozimligi ham eʼtibordan chetda qolmadi. Mahallalar qiyofasini yanada goʻzal va obod qilish uchun kompleks yondashuvning joriy etilishi, ushbu maqsadlar uchun alohida mablagʻlarning ajratilishi murojaatnomada alohida taʼkidlandi. “Bu pullar umuman qaysidir tuman uchun emas, balki mahallada ish oʻrinlari yaratadigan, aholini daromadli qiladigan aniq loyihalarga yoʻnaltiriladi. Marhamat, qaysi mahalla raisi, hokim yordamchisi va mahalla bankiri loyiha qilib, uni asoslab bersa, zarur mablagʻni olsin. Shunda adolatdan boʻladi,” - deya taʼkidladilar yurtboshimiz.
Murojaatnomani oʻqib chiqish yoki tinglash, unda belgilangan vazifalarni yil davomida qabul qilingan dastur asosida sidqidildan bajarish har bir yurtdoshimizning fuqarolik burchidir. Birgalikda, hamjihatlikda, bamaslahat qilingan har bir ishda xayr bor, deydi dono xalqimiz. Shunday ekan, yangi Oʻzbekistonning yangi mahallasini yanada obod qilish barchamizning birdek vazifamizdir!
Durdona RASULMUHAMEDOVA,
filologiya fanlari nomzodi,
TDYUU dotsenti