Yangi Oʻzbekistonda yangi tibbiyot tizimini rivojlantirish – asosiy vazifa

    Fikr 11 Noyabr 2025 579

    Mamlakatimizda bugun boshqa sohalar qatorida tibbiyotda ham keng koʻlamli va izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

    Prezidentimiz kuni kecha Toshkent davlat tibbiyot universitetida tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan boʻlgan uchrashuvda Yangi Oʻzbekistonni boshqa sohalar qatorida tibbiyoti ham rivojlangan davlatga aylantiramiz, deb soha xodimlari oldiga bir qancha dolzarb va muhim vazifalarni qoʻydi.

    Davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan Oʻzbekiston sogʻlikni saqlash xodimlariga yoʻllagan tabrigi, bir guruh tibbiyot xodimlarining davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangani hamda “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilingani sohaga boʻlgan eʼtiborning yana bir dalilidir.

    Darhaqiqat soʻnggi yillarda sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, eng avvalo, inson manfaatlariga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar va “inson qadrini ulugʻlash” tamoyili aynan sogʻliqni saqlash sohasidagi aniq ishlarda oʻz ifodasini topmoqda. Sogʻlom avlodni tarbiyalash uchun, avvalo, fidokor tibbiyot xodimlarining mehnatini qadrlash, ularning bilim va tajribasini zamon talablariga mos ravishda rivojlantirish, ish haqi va ijtimoiy himoyasini izchil oshirib borish zarur. Shu bois Prezident qarori nafaqat tibbiyot sohasidagi moddiy ragʻbatni, balki tibbiyot xodimlarining ijtimoiy obroʻ-eʼtibori va masʼuliyatini ham oshiradi. Eng muhimi, ushbu tashabbuslar tibbiyot tizimida inson omilining ustuvorligini yana bir bor namoyon etib, shifokor va hamshiralar kasbiga boʻlgan ishonch va faxr tuygʻusini kuchaytiradi. Bemorlar esa sifatli, zamonaviy va insonparvar tibbiy xizmatdan bahramand boʻlish imkoniyatiga ega boʻladilar.

    Soʻnggi yillarda tibbiyot sohasiga qariyb 230 trillion soʻm yoʻnaltirilgani, joylarda 187 ta yangi poliklinika va shifoxona ishga tushirilgani, 1 ming 244 ta muassasa rekonstruksiya qilinib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangani natijasida birlamchi tibbiyot tizimi quvvati 60 foizga oshdi. Ilgari faqat poytaxt darajasida amalga oshirilgan yuqori texnologik diagnostika va murakkab operatsiyalar bugun viloyat markazlari va, hatto, tuman shifoxonalarida ham qilinayotgani real voqelikka aylandi. Masalan, birinchi marta 45 ta tumanda buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyotining yoʻlga qoʻyilgani soha rivojining yaqqol dalilidir.

    Yangi qaror va tashabbuslar tibbiyot xodimlarining mehnatini munosib ragʻbatlantirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega. Qaror asosida tibbiyot xodimlarining oylik ish haqlarini bosqichma-bosqich oshirish, ularning moddiy manfaatdorligini kuchaytirish, fidoyi shifokor va hamshiralar uchun qoʻshimcha ragʻbatlantirish choralarini joriy etish belgilandi. Uzoq va chekka hududlarda ishlayotgan tibbiyot mutaxassislari uchun alohida imtiyozlar, qoʻshimcha toʻlovlar va ijtimoiy kafolatlar nazarda tutilayotgani esa tizimning eng ogʻir boʻgʻinida mehnat qilayotgan kadrlar uchun muhim dalda boʻladi.

    Bular bilan bir qatorda, malaka oshirish va qayta tayyorlash dasturlarini kengaytirish, tibbiy taʼlim sifatini oshirish, Toshkent davlat tibbiyot universiteti va boshqa tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida zamonaviy infratuzilma yaratish ishlari ham izchil davom ettirilmoqda. Uchta oliy taʼlim muassasasi negizida Toshkent davlat tibbiyot universitetining tashkil etilishi, Urganch davlat tibbiyot institutining yoʻlga qoʻyilishi, sakkizta tibbiyot OTMining xalqaro akkreditatsiyadan oʻtishi sohada yangi avlod malakali kadrlarini tayyorlash uchun mustahkam zamin yaratdi. Bugun faqat Toshkent davlat tibbiyot universitetining oʻzida 29 mingdan ortiq talaba tahsil olayotgani, simulyatsion laboratoriyalar va sunʼiy intellekt asosida ishlovchi oʻquv xonalari tashkil etilgani ham buning yaqqol tasdigʻidir.

    Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish ham tibbiyot xodimlarining mehnatini yengillashtiradigan va samaradorligini oshiradigan muhim yoʻnalishga aylandi. DMED yagona elektron axborot tizimi orqali 36 milliondan ziyod fuqarolarning tibbiy maʼlumotlari yagona bazada jamlanib, tez tibbiy yordam xizmatida elektron boshqaruv joriy etildi. Natijada chaqiriqlarga yetib borish vaqti 25–30 daqiqadan 10–15 daqiqagacha qisqardi. “Elektron retsept” tizimi ortiqcha dori yozish holatlarini 40 foizga kamaytirib, dori vositalari aylanmasini yanada shaffoflashtirdi. Yaqin kelajakda “Onlayn-shifokor” xizmatining yoʻlga qoʻyilishi esa aholiga masofadan turib sifatli tibbiy maslahat olish imkonini yaratadi.

    Bu jarayonlar tibbiyot xodimlari zimmasidagi byurokratik yukni kamaytirib, ularning asosiy eʼtiborini bemor bilan ishlash, tashxis va davolash sifatini oshirishga qaratishga xizmat qilmoqda. Prezident taʼkidlaganidek, zamonaviy tibbiyot muassasalarini barpo etish, ilgʻor texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etishning asl maqsadi – eng quyi boʻgʻingacha sifatli xizmatni yetkazish, har bir tibbiyot xodimining malakasini oshirishdir. Demak, raqamlashtirish bemor uchun qulaylik, shifokor uchun samaradorlik, davlat uchun esa shaffoflik va tejamkorlikni taʼminlaydigan kuchli vositaga aylanmoqda.

    Shu bilan birga, Prezident qarori tibbiyot xodimlarining ilmiy-ijodiy salohiyatini ragʻbatlantirishga ham xizmat qiladi. Xalqaro ilmiy jurnallarda chop etiladigan maqolalar bilan bogʻliq xarajatlarning davlat tomonidan qoplab berilishi, yetakchi shifokor va olimlarning xorijdagi nufuzli taʼlim va ilmiy markazlarda malaka oshirishi uchun imkoniyatlar kengaytirilishi milliy tibbiyot ilm-fanining xalqaro maydondagi nufuzini oshiruvchi muhim omildir. Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlar mamlakatning sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan keng qamrovli dasturlar doirasida davom etmoqda.

    Prezident qarori asosida kelgusi yildan tibbiy uskuna, jihoz va tez tibbiy yordam mashinalarini olib kirish boʻyicha imtiyoz 3-yilga uzaytirilgani, zamonaviy koʻp tarmoqli klinikalarni tashkil qilish va ularni jihozlash uchun tadbirkorlarga 200 milliard dollarlik imtiyozli resurs ajratilishi biz ishlab chiqaruvchilarni nihoyatda quvontirdi. Chunki Oʻzbekiston Tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uyushmasi bu jarayonga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. 2017-yilda tashkil etilgan uyushma mamlakatda yuqori sifatli tibbiy texnika ishlab chiqarish va sohada innovatsiyalarni joriy etishda oʻz oʻrniga ega boʻlib bormoqda.

    Uyushma oʻz faoliyati davomida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, soha uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ayniqsa, yuqori texnologiyali tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni birlashtirishga katta eʼtibor qaratyapti. Hozirgi kunda uyushma tarkibida 25 dan ortiq mahalliy va 6 ta xorijiy qoʻshma kompaniya faoliyat yuritmoqda va ular innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish boʻyicha faol ishlamoqda.

    Shuningdek Uyushma, oʻz navbatida, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga ham intilmoqda. Masalan, “XIRANA AZIYA” va “TSMT” kabi qoʻshma korxonalar bilan hamkorlikda oʻzbek tibbiyot texnikasining sifatini oshirish, eksport salohiyatini kuchaytirish va tibbiy xizmatlarni zamonaviylashtirish borasida katta yutuqlarga erishildi. Bu loyihalar nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro bozorda ham katta qiziqish uygʻotdi va importni kamaytirishga, ichki bozorda mahalliy ishlab chiqarishni oshirishga xizmat qildi.

    “XIRANA AZIYA” qoʻshma korxonasi Slovakiyaning “ XIRANA” brendi bilan hamkorlikda tashkil etilgan, tibbiy ventilatsiya, anesteziya va reanimatologiya sohasida zamonaviy asbob-uskunalar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan. Bu loyiha orqali, mamlakatda yuqori sifatli tibbiy uskunalar ishlab chiqarish bazasi yaratildi va Oʻzbekistonning tibbiyot texnikasi bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga katta hissa qoʻshildi. Shu bilan birga, “TSMT” qoʻshma korxonasi Oʻzbekiston, AQSH va Rossiya bilan hamkorlikda rentgen va fliorografik asbob-uskunalarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyib, mamlakatimizda tibbiy diagnostika sohasida yangi imkoniyatlarni yaratdi.

    Uyushma, shuningdek, xalqaro bozorda oʻz mahsulotlarini tanitishga, sifatni oshirishga va yangi texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan koʻplab xalqaro sertifikatlash tizimlarini joriy etdi. Bu tizimlar yordamida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xalqaro sifat standarti boʻyicha tasdiqlanadi va bozorda tan olinadi. Uyushmaning bu boradagi faoliyati, nafaqat mahsulotlarning sifati, balki mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini ham oshiradi.

    Tibbiyot sohasidagi islohotlarning ushbu yangi bosqichi yurtimizda sogʻlom jamiyatni shakllantirish, xalq farovonligini taʼminlash, tibbiyot tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish hamda raqamli, innovatsion tibbiyot sari dadil qadam tashlash yoʻlida muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.

    Otabek Jiyanbayev,

    Oʻzbekiston Tibbiyot asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilar

    va yetkazib beruvchilar uyushmasi raisi,

    xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati