Yangi Oʻzbekistonning bosh maqsadi – xalqni rozi qilish

    Yurtimiz tarixida xalqparvar davlatchilik ham boʻlgan. Lekin 126-yil qaramlik davrida davlat xalq yaxshi yashashi uchun qaygʻurmadi, uning ishonchi va mehrini qozonishga harakat qilmadi.

    1865-yildan davlat bilan xalq orasida chuqur jarlik paydo boʻldi. Mustamlaka boʻlgan davrimizda hamma masala va hamma vaqtda qarorlar bir tomon manfaatidan kelib chiqib qabul qilingan, xalqimiz orzu-umidlari, tashvishlari, muammolari oʻylanmagan. Iqtisodiyotimiz ular uchun xizmat qilgan, u bir tomonlama rivojlantirilib, biz faqat arzon xomashyo yetishtirib beruvchi oʻlkaga aylanganmiz.

    Afsuski, uzoq yillar Navoiy, Forobiy bobolarimiz asarlarida yozgan, xalqimiz orzu qilgan jamiyatni yarata olmadik.

    Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz Prezidenti lavozimiga saylangan paytda Oʻzbekiston oldida turgan eng murakkab muammolardan biri xalqning davlatga nisbatan yoʻqotilgan ishonchini tiklash edi. Mazkur maqolada mamlakatimizda xalqni rozi qilish borasida olib borilayotgan ulkan tadbirlarning ayrimlari haqida fikr yuritiladi.

    Harakatlar va Taraqqiyot strategiyasi – xalq ishonchini tiklash yoʻlida tashlangan ulkan qadamlar

    Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida dastlabki qadamlarini qoʻya boshlashi bilan, farovon yashash umidi soʻngan xalqimizda yana shirin orzular uygʻona boshladi. Bu umidlarni roʻyobga chiqarish yoʻlida davlat rahbari 7 yilga yaqin davrda juda katta tadbirlarni amalga oshirdi. Umumlashtirib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev 1865-yildan 2016-yilgacha boʻlgan 151-yillik davrda hukm surgan siyosat tufayli davlatga ishonmay qoʻygan, yaxshi yashashdan umidini uzgan tafakkurimizni oʻzgartirdi, soʻngan ruhimizni koʻtardi, sindirilgan milliy gʻururimizni va eng muhimi, davlatga boʻlgan ishonchimizni tiklay boshladi!

    Shavkat Mirziyoyev Harakatlar va Taraqqiyot strategiyalarini kabinetda oʻtirib yaratgani yoʻq. Buning uchun u viloyatlarga chiqib, oddiy xalq vakillari, turli kasb egalari bilan bevosita muloqotda boʻldi, joylardagi yutuq va kamchiliklar, mavjud muammolar bilan chuqur tanishdi, odamlarning fikr-mulohazalarini tingladi. Ikkala dastur ana shunday uchrashuvlarda bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqildi. Xalq Harakatlar va Taraqqiyot strategiyasining haqiqiy ijodkori, hammuallifi boʻldi, ularni yaratishda bevosita ishtirok etdi!

    Shu bois, Harakatlar strategiyasida belgilangan chora-tadbirlar muvaffaqiyatli bajarildi. Taraqqiyot strategiyasida koʻzda tutilgan vazifalar ham izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bu esa yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va bizning dunyoqarashimizni oʻzgartirib, davlatga boʻlgan ishonchimizni qayta tikladi, Yangi Oʻzbekiston, jumladan, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish jarayonida davlat boshqaruv tizimi va xalqimizni bir-biriga yaqinlashtirdi.

    Xalq qabulxonalari davlatni xalqqa yaqinlashtirdi

    Prezidentimiz “yopiq jamiyat” siyosatini bekor qildi va mamlakatimizni dunyoga, dunyoni esa bizga ochib berdi. Xalq oʻz fikrini ochiq va erkin namoyon qilish imkoniyati yaratildi. Jahonning barcha davlatlari, ayniqsa, qoʻshnilarimiz bilan munosabatlarimizni ijobiy tomonga oʻzgartirdi. Bu voqealar xalqimizning 151-yil mobaynida davlatdan qoʻrqib yashagan, hamma narsadan hadiksiraydigan ongi va ruhiga juda katta ijobiy taʼsir qildi...

    Biz ayrim davlatlar rahbarlarining yilda bir-ikki marta xalq bilan bevosita muloqot qilishiga havas bilan qarab yurardik. Prezident Mirziyoyev mamlakatimizda yil davomida odamlar bilan toʻsiqlarsiz doimiy muloqotni amalga oshirish tizimini yaratdi. Buning uchun Prezidentning Xalq qabulxonalari tashkil etildi, Prezident va boshqa rahbarlar hududlarda aholi bilan ochiq muloqotlar oʻtkaza boshladi. Virtual va Xalq qabulxonalari hamda jonli uchrashuvlarda fuqarolar muammolarini Prezidentga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazish va ularni zudlik bilan hal etish tizimi ish boshladi.

    Barcha boʻgʻinlardagi rahbarlarning faoliyati ular odamlar tashvishlarini qay darajada hal qilishiga bogʻliq boʻlgan muhit yaratildi. Hamma idora va tashkilotlarda Fuqarolar qabulxonalari tashkil etildi. Davlat xizmatlari agentligi tuzildi va bu yoʻl bilan bitta hujjat olish uchun aholining qator idoralarda sarson boʻlib yurishdek beʼmani holatga barham berildi. 10–15 idoradan oylab ovora boʻlib yigʻadigan hujjatlarimizni shu bitta tashkilotdan oladigan boʻlgan edik. Odamlar arzini aytgani idoralarga emas, amaldorlar aholi dardini eshitish uchun ular oldiga borardi. Bu rahbarlar va xalqning ongini keskin oʻzgartirdi. Amal egalari aslida xalqning xizmatkori boʻlishi kerakligini tushuna boshladi.

    Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy boʻladi

    Yaqin tariximizdan guvohmizki, yurtimizda xalqning boyib ketishiga qarshi kurashildi. Bilimi, aqli va mehnatining miqdori hamda sifatidan qatʼi nazar, inson boyishi mumkin emasdi. Bu qoidaga rioya qilmaganlar ayovsiz jazolanardi. Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy taraqqiyotning toʻsigʻi boʻlgan bunday bemaʼni holatni ham tubdan oʻzgartirdi. U “xalq boy boʻlsa, davlat ham boy boʻladi”, shiorini taklif etdi. Tan olish kerakki, mazkur gʻoyani oldinga surish ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda inqilobiy xarakterga ega boʻldi. Jumladan, tadbirkorlikka keng yoʻl ochildi. Odamlar harakat qilsa, kutgan natijasiga erisha boshladi. Natijada asrlar davomida ishbilarmonlik darajasining oʻta yuqoriligi bilan dunyoni hayratga solib kelgan oʻzbek xalqining oʻtgan davrda deyarli yoʻq qilingan salohiyati yana qayta tiklana boshlandi.

    Yurtimizda tadbirkorlikni keng rivojlantirish va ular huquqini himoya qilishning butunlay yangi va zamonaviy talablarga javob beradigan mexanizmi yaratildi. Yangi qonunlar va tartiblar ishlab chiqildi, mavjudlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi. Tadbirkorlikni boshlash uchun ruxsatnoma olish tizimi soddalashtirildi, uning koʻp turlariga litsenziya olish umuman bekor qilindi. Tadbirkorlik subyektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor boʻldi.

    Xullas, yangi iqtisodiy siyosat tufayli yuz minglab aholi tadbirkorga aylandi. Natijada 6 yilda tadbirkorlar soni 6 barobarga oshib, bugun 2 millionga yetdi. Bu xalq turmush farovonligini oshirish va kambagʻallikni qisqartirishga ulkan hissa qoʻshdi.

    Davlatimiz rahbari vazirliklar va hokimliklar ish vaqtining kamida 50 foizi tadbirkorlar muammolarini oʻrganish va ularga yordam berishga sarflanishi lozimligi, ular faoliyatini baholashda tadbirkorlikni rivojlantirish holatiga alohida eʼtibor berilishini davlat siyosati darajasiga chiqarishi juda katta ahamiyat kasb etdi. Natijada tadbirkorlarni quvgʻin qilishda faol ishtirok etgan rahbarlar bugun ularning eng yaqin yordamchisiga aylandi.

    Qoʻshnichilik munosabatlari tiklandi

    Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida doʻstona ruhdagi munosabatlar sustlashishi ularning barchasiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Eng yomoni, asrlar davomida bir-biri bilan qon-qardosh boʻlib yashagan, quda-anda boʻlgan qoʻshni xalqlar hatto toʻyu maʼrakada ham bir-birinikiga bora olmay qoldi. Bu muammolardan xalq zada boʻldi, koʻngligi ogʻridi, oqibatda norozilik kuchaya bordi.

    Shavkat Mirziyoyev Prezident lavozimiga kelgandan keyin darhol tashqi siyosatni butkul oʻzgartirib, hamma davlatlar, ayniqsa, qoʻshnilar bilan aloqalarni tubdan kengaytirish yoʻlini boshladi. Oʻzbekistonning ochiq, konstruktiv, puxta oʻylangan va pragmatik siyosati natijasida davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, ichki va xalqaro transport kommunikatsiyalari va suvdan samarali foydalanish, davlat chegaralaridan oʻtishni soddalashtirish kabi hal boʻlmay turgan murakkab muammolarga yechim topildi. Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonning siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy, madaniy va maʼrifiy aloqalari kengayishi qoʻshni xalqlar hayotini ijobiy tomonga oʻzgartirib yubordi.

    Ijtimoiy himoya alohida eʼtiborda

    Harakatlar va Taraqqiyot strategiyasida ijtimoiy adolat tamoyili asosida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni bartaraf etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi. Bu siyosat barpo etilayotgan xalqparvar va adolatli Yangi Oʻzbekistonning eng asosiy xususiyatlaridan biriga aylandi.

    Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaning barcha yoʻnalishlari, xususan, pensiya, nafaqa, kasallik vaqtida ham gʻamxoʻrlik koʻrsatish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratildi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand qatlamini hisobga olish, ularga pensiya va nafaqalar tayinlash, kasbga yoʻnaltirish, bandligini taʼminlash borasidagi ishlar koʻlami keskin kengaytirildi. Pensiya va nafaqa miqdorlari bir necha barobar oshirildi. Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, boquvchisini yoʻqotgan xotin-qizlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, ogʻir kasallikka chalinganlarga maxsus yordam koʻrsatila boshlandi, ularni davlat hisobidan uy-joy bilan taʼminlash darajasi ham jiddiy oshirildi.

    Ijtimoiy himoyaga muhtojlikning haqiqiy darajasini aniqlash, ehtiyojmand odamlarni yordam bilan toʻla qamrab olish uchun mutasaddilar mahallalarda xonadonma-xonadon yurib, kam taʼminlangan, ishsiz, kambagʻal oilalar, ayollar, yoshlar roʻyxatini tuzdi va ular uchun mos ravishda jahonda oʻxshashi boʻlmagan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tizimi yaratildi. Mana shu daftarlarga kiritilgan shaxslarga tegishli moddiy yordam berildi, ularning tadbirkorlik salohiyati aniqlandi, keyin ularga mos shart-sharoitlar yaratish, qoʻllab-quvvatlash tizimi ishlab chiqildi, “start kapitali” berildi.

    Yaqin oʻtmishda aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish masalasi oʻz holiga tashlab qoʻyilgan edi. Natijada ming-minglab uy-joysiz oilalar paydo boʻldi. Yangi Oʻzbekistonda bu muammoni ijobiy hal qilish uchun aholiga arzon va sifatli uy-joy qurishga juda katta eʼtibor qaratilyapti. 2017–2022-yillarda mamlakatimizda qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar koʻp uy-joy qurildi. Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yilidan boshlab yangi uy-joylar qurish hajmi 2 barobar oshirilib, yiliga 90 mingtaga yetkaziladi.

    Yoshlarga munosabat tubdan oʻzgardi

    Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonida Prezident Mirziyoyev yaratgan yangiliklardan yana biri yoshlarga munosabatning keskin oʻzgargani bilan bogʻliq. Davlatimiz rahbarining shaxsan oʻzi yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil eta boshladi. Xorijiy tashriflarda ham oʻsha yoqlarda oʻqiyotgan va ishlayotgan yosh vatandoshlarimiz bilan muloqotlar oʻtkazish odat tusiga kirdi. Prezidentimiz bilan suhbatda iqtidorini namoyon etgan talabalarning rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi koʻpchilikni lol etdi. Bu bilan Prezidentimiz chuqur bilimli va yangicha fikrlay oladigan yosh iqtidor egalarini rahbarlik vazifalariga jalb etishni boshladi. Xorijda muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarimiz ham yurtimizga taklif etildi. Bu ishlarning mamlakatimiz yoshlariga qanchalik ijobiy taʼsir qilganini soʻz bilan tushuntirish qiyin.

    Uzoq yillar yoʻq boʻlib ketgan ilm olishga intilishning yana qayta tiklanishida yoshlarni, shu jumladan, xorijdagi yigit-qizlarimizni rahbarlik ishlariga keng jalb etish juda katta ahamiyat kasb etdi. Avvalo, yoshlarda davlatga nisbatan deyarli yoʻqolib ketgan ishonch qayta tugʻildi. Qolaversa, ularning ichidan vazirlar, nufuzli tashkilot va idoralarning rahbarlari oʻsib chiqdi, ular qator soha va tarmoqlarda allaqachon karvonboshilikni oʻz qoʻliga oldi.

    Taʼlim tizimi ham nihoyat xalqqa burildi

    Yaqin oʻtmishda oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirish va bolasini bogʻchaga joylash oʻta murakkab muammoga aylangan, asosan amaldor va puldorlarning qoʻlidan keladigan ish edi. Kambagʻalning bolasi institutda oʻqishni havas ham qilmay qoʻygandi. Negaki, oliy taʼlim va bogʻcha bilan taʼminlash darajasi oʻta pasayib ketgandi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼlim tizimida ham tub islohotlarni amalga oshirdi. Maktabgacha tarbiya, oʻrta va oliy taʼlim tizimlari, jumladan, ularni boshqarish organlari tubdan oʻzgartirildi. Bogʻcha qurayotgan tadbirkorlarga yer ajratish va kredit berishda katta imtiyozlar taqdim etildi. Minglab maktabgacha taʼlim tashkilotlari barpo etildi. Natijada farzandlarimizni bogʻcha bilan qamrab olish foizi 2016-yilda 23,8 foiz boʻlsa, bugun bu koʻrsatkich 70 foizga yetdi.

    Oliy taʼlim tizimida keskin sakrash amalga oshirildi. Qabul kvotalari 2016-yilgi 9 foizdan 38 foizga, OTMlar soni esa 77 tadan 210 taga yetkazildi. Uzoq tumanlarda ham institutlar tashkil etildi. Yaqin kelgusi davrda bitiruvchilarning 50–60 foizi oliy oʻquv yurtiga kirish imkoniyati yaratilyapti. Viloyatlarda Prezident maktablari, atoqli olim va ijodkorlarimiz nomlarida iqtidorli yoshlar maktablari tashkil etildi.

    Fanga, ilmiy-tadqiqot tizimiga eʼtibor kuchaytirildi. Qator yangi ilmiy-tadqiqot institutlari ochildi, oldinroq tugatilganlari qayta tiklandi. Ularga ajratilayotgan moliyaviy resurslar miqdori keskin oshirildi. Kechagina oyiga 1–1,5 million soʻm ish haqi olib, qiynalib yashagan olimlar endi 10–20 million soʻmlab daromad qila boshladi.

    Mahallaning ahamiyati yanada oshmoqda

    Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizdagi vakolatlari tubdan kengaytirildi. Uning iqtisodiy imkoniyatlari jiddiy kuchaytirildi. Oʻz hududidagi qator tadbirlarni moliyalashtirish, ehtiyojmand oilalarga yordam koʻrsatish imkoniyatlari tubdan oʻzgardi. 2023-yildan mahallalar oʻz byudjetiga ega boʻlishi yoʻlida dastlabki tajriba boshlandi.

    Aholi takliflari asosida mahalliy byudjetlar xarajatlarining 5 foizi sarflanish tizimi yaratildi. Bu mablagʻlar ham birinchi navbatda mahallalar yoʻllarini taʼmirlash, obodonlashtirish kabi maqsadlarga sarflanmoqda.

    2022-yil 1-yanvardan har bir shahar, qishloq, ovulda, shuningdek, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi taʼsis etilgani ham mahallalar ahamiyatini yanada oshirdi.

    Chunki yordamchilar ishni mahallalarda aholining iqtisodiy holatini oʻrganishdan boshladi, mamlakatimiz barcha aholisi yashaydigan 6 million 900 ming xonadonni toʻliq xatlovdan oʻtkazdi. Xatlov natijasida xalqning haqiqiy ehtiyojmand qismi aniqlab olindi va ularga yordam borasida amaliy ishlar boshlab yuborildi.

    Xorijdagi vatandoshlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda

    Davlatning xalqchilligi xorijda yashayotgan va oʻqiyotgan vatandoshlari boshiga tashvish tushganda juda bilinadi. Yurtimizda oʻtmishda bu masala bilan hech kim shugʻullanmasdi. Kulfatga duch kelgan vatandoshimizga hech qanday yordam koʻrsatilmasdi. Yaponiyaning Fukusima atom elektr stansiyasida avariya sodir boʻlganda barcha davlatlar oʻz fuqarolarini u yerdan samolyot va kemalarda bepul olib ketdi. Vatandoshlariga yordam berish maqsadida elchixonalari tunu kun ishladi. Oʻzbekiston esa Yaponiyadagi fuqarolariga hech qanday yordam koʻrsatmadi. Chorasiz qolib, Yaponiya koʻchalarida sarson boʻlgan oʻzbeklarning oʻz davlatiga munosabati qanday boʻlgani tushunarli, albatta...

    Yangi Oʻzbekiston esa dunyoning barcha davlatlarida yashaydigan, oʻqiydigan fuqarolarini oʻz eʼtiborida ushlaydi. Zarur hollarda ularga koʻmak koʻrsatadi, qoʻllab-quvvatlaydi. Jumladan, Ukraina–Rossiya mojarosi boshlanishi bilan Ukrainadagi vatandoshlarimizni yurtga qaytarish boshlandi. Kirish vizasi va PSR testi boʻlmagan holda vatandoshlarimizga Polshaga kirishga ruxsat olindi. Fuqarolarimiz Ukrainaning barcha hududlaridan Lvov orqali Polshaning Katovitse shahriga avtobuslarda olib kelindi. 100 ga yaqin avtobus qatnovlari amalga oshirildi. Polshaning Katovitse shahri aeroportidan 28-fevraldan 24-martga qadar 27 ta aviareys tashkil etildi hamda 6030 vatandoshimiz yurtimizga olib kelindi. Bu ishlarning hammasi davlat hisobidan bepul amalga oshirildi.

    Xorijiy davlatlardagi yurtdoshlarimiz bilan tizimli ravishda doimiy va samarali ishlash uchun maxsus “Vatandoshlar” jamoat fondi tashkil etildi.

    Oldinda yanada ulkan rejalar

    Toʻgʻri, xalqni rozi qilish borasida yurtimizda juda katta yutuqlarga erishdik. Lekin tan olish kerakki, bu borada qiladigan ishlarimiz hali koʻp. Masalan, bu yilgi qish paytida elektr energiyasi va gaz taʼminotidagi uzilishlar tarmoq boshqaruv organlarining ayrimlari hali talab darajasida ishlamayotganini koʻrsatdi. Xalqning haqli eʼtirozlariga sabab boʻldi. Bevosita davlatimiz rahbarining saʼy-harakati bilan muammo tezlikda hal etildi. U yana qaytarilmasligi borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Aslida bunaqa voqealar dunyoning eng rivojlangan va boy davlatlarida ham yuz beradi. AQSHda bu yil toʻfonlar oqibatida 1, 5 million aholi bir necha sutka elektr energiyasiz qolib ketdi. Qator davlatlarda suv toshqini, yongʻinlar, qurgʻoqchilik, ocharchilik oqibatida millionlab odamlar aziyat chekmoqda. Yaqindagina Turkiyada yuz bergan zilzilada qancha odam qurbon va nogiron boʻldi, uysiz, ovqatsiz qoldi.

    Xalq turmush darajasini oshirish, kambagʻallikni kamaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, ehtiyojmand oilalarga yordam koʻrsatish, uy-joy bilan taʼminlash borasida Taraqqiyot strategiyasida ulkan choralar belgilangan. Hech shubhasiz, ular ham muvaffaqiyatli amalga oshiriladi.

    Chunki Prezident Shavkat Mirziyoyev yurti, xalqi hayoti yaxshi boʻlishi uchun jon kuydirib ishlayotganini va bu saʼy-harakatlar ijobiy natijalar berayotganini hayotimizda koʻrib turibmiz. Farovonlik tobora ortib boryapti. Xalqimiz hayoti yanada yaxshi boʻlishi uchun qurilayotgan yuzlab katta-kichik korxonalar, yangi zavodlarni oʻzi bunyod etyapti. Davlat bizga tobora koʻproq qulayliklar yaratib bermoqda. Oʻz vazifasini yaxshi ado eta olmayotgan ayrim amaldorlar tufayli yuz berayotgan xato va kamchiliklar tezda bartaraf etilayotganiga ham guvoh boʻlyapmiz. Fuqarolarda davlatdan rozilik hissi kuchaymoqda.

    Zero, Yangi Oʻzbekistonda xalqni rozi qilish barcha rahbarlarning eng ustuvor vazifasi, xalqning ishonchini, mehrini qozonish esa inson uchun eng oliy saodat hisoblanadi. Lekin yangi davlatni qurish faqat rahbarlarning emas, barchamizning ishimizga aylanmogʻi lozim. Bu ulugʻ maqsadga erishish uchun hammamizning birgalikda harakat qilishimiz taqozo etiladi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Bir tanu bir jon boʻlib harakat qilsak, Yangi Oʻzbekistonni albatta bunyod etamiz”, Uchinchi Renessans asoslarini yaratib, milliy yuksalishga erishamiz, barkamol va farovon jamiyat barpo eta olamiz!

    Odil OLIMJONOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi

    huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar

    va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi,

    iqtisodiyot fanlari doktori, professor.