Davlatimiz rahbarining “Yangi Oʼzbekiston” gazetasi bosh muharriri savollariga bergan javoblarida “yangi” degan soʼzga alohida urgʼu berilgani bejiz emas. Sababi, bugun dunyoga yangicha nigoh bilan qarayotgan yurtimizga jahon hamjamiyatining qiziqishi kun sayin ortib bormoqda va bu oʼz-oʼzidan mamlakatimiz taraqqiyotida yangi sahifa ochilayotganidan darakdir.
Intervьyuda xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi Oʼzbekiston” gʼoyasi zamirida ulugʼ ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi Uygʼonish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam, desak, adashmagan boʼlamiz.
Аyni vaqtda vatanimiz tarixi sahifalarida boshlanayotgan Uchinchi Renessans harakati yurtimizda maʼnaviy uygʼonish davrini yangi bosqichga olib chiqish barobarida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy taraqqiyotida muhim davrni boshlab bermoqda.
Suhbat asnosida yangi Oʼzbekistonni barpo etish tub tarixiy asoslarga ega boʼlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-i qtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʼzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, milliy manfaatlariga toʼla javob beradigan obʼektiv zarurat ekani alohida taʼkidlab oʼtilgan.
Shuning barobarida oʼtgan soʼnggi besh yil davomida ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida davlatimiz tomonidan qator muhim choralar koʼrildi. Yurtdoshlarimizning necha yillik muammosi boʼlib kelgan “propiska”, xorijga chiqish uchun “stiker”, uyjoyni oʼz nomiga rasmiylashtirish, valyuta bozorining erkinlashuvidagi mavjud toʼsiqlar olib tashlandi. Bir soʼz bilan aytganda, odamlarning yangi kunga — yangi Oʼzbekistonga intilishi va ishonchi mazkur muammolarning ketma-ket hal etilishi barobarida yanada kuchaydi, desak mubolagʼa boʼlmaydi.
Intervьyuda aks etgan yana bir muhim haqiqat shuki, davlatimiz rahbarining oʼz vaqtida koʼrsatgan tashabbusi natijasida xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi boʼyicha katta qadamlar qoʼyildi va bu oʼzgarishlar jarayoni bugun yanada izchil davom etmoqda.
Eng muhimi, yaqin yillarga qadar oddiy aholi vakillariga yaqinlashishni, ularning muammo va dardlarini eshitishni istamagan mahalliy hokimlik va davlat idoralari rahbarlari bugun xalqimiz oldida hisobot beryapti. Ularning soʼziga, hayotida uchrayotgan muammolarga quloq tutib, mavjud kamchiliklarni hal etish boʼyicha barcha zarur choralarni koʼryapti. Аniqroq aytganda, xalq vakillaridan iborat davlat idoralari va hokimliklar shu odamlar oldida hisobdor ekanini toʼla anglamoqda.
Bu saʼy-harakatlarning eng koʼzga koʼrinarli natijasi sifatida bugun jamiyatda adolat qaror topishi, odamlarning esa bunga ishonchi mustahkamlanishi uchun muhim asoslar yaratildi. Xalqimiz “rahbarlar bugun mening gaplarimni eshityapti, bizning soʼzlarimizga hatto Prezident quloq tutyapti” degan mustahkam ishonch ortida bugungi kunidan katta mamnunlik tuyyapti, ertangi kuniga qatʼiy ishonchi ortyapti.
Davlatimiz rahbari bugungi kunda aholining ijtimoiy turmush holatini yaxshilash masalasini alohida qayd etar ekan, bu davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʼnalishlaridan biri boʼlib qolishini aytib oʼtdi.
Tan olish lozimki, yurtdoshlarimiz turmush sharoitini yaxshilash, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash maqsadida soʼnggi yillarda xalqimizning insonparvarlik hamda oʼzgalar holidan doimiy xabar olish va begʼaraz yordam koʼrsatish tamoyillariga asoslangan oʼziga xos tizim yaratildi.
Eng muhim qadam sifatida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va fuqarolarga har tomonlama, manzilli koʼmak koʼrsatishning yangi shakli — “Temir daftar”, “Аyollar daftari” va “Yoshlar daftari” tizimlari yaratildi.
Birgina “Temir daftar” orqali fuqarolar yigʼini hamda sektorlar tomonidan aholining ehtiyojmand qatlami hisobga olinib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy holati oʼrganildi. Shu bilan birga, aholini kambagʼallikdan chiqarish, ular bilan manzilli va maqsadli ish olib borishga doir muhim va kerakli qadamlar qoʼyildi.
Oʼtgan vaqt davomida ushbu roʼyxatdagi yuz mingl ab fuqarolarga zarur yordam koʼrsatildi. Jumladan, 2021 yilning birinchi yarim yilligida “Temir daftar”ga kiritilgan 659 ming 68 ishsiz fuqaroning bandligi taʼminlandi, 89 ming 412 ehtiyojmand, moddiy yordamga muhtoj oilaga isitish moslamalari, koʼrpa-toʼshak hamda oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Ushbu yoʼnalishdagi ishlar ayni damda ham qizgʼin davom etmoqda. Prezidentimizning 2021 yil 30 iyuldagi “Kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qoʼllab-quvvatlashning qoʼshimcha chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qaroriga koʼra, joriy yilning avgust oyida “Temir daftar”ga kiritilgan, boquvchisini yoʼqotganlik nafaqasini oluvchi oilalarning 18 yoshga toʼlmagan har bir farzandiga, shuningdek, nogironligi boʼlgan 18 yoshga toʼlmagan har bir bolaga davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan 500 ming soʼm miqdorida bir martalik moddiy yordam koʼrsatilmoqda. Bundan asosiy maqsad moddiy yordam va koʼmakka muhtoj oilalarning farzandlarini kiy im-kechak, maktab formasi va oʼquv qurollari bilan taʼminlashdan iborat.
Mamlakatimizdagi xotin-qizlarni ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash hamda ishsiz ayollar bandligini taʼminlashning yangicha tizimi sifatida yoʼlga qoʼ yilgan “Аyollar daftari” ham aholi turmush farovonligini oshirish yoʼlida katta ijtimoiy dastur sifatida koʼplab oilalarga quvonch ulashmoqda.
Ushbu tamoyil asosida shu kunga qadar yurtimizdagi 30 yoshdan yuqori boʼlgan millionlab xotin-qizlar bilan suhbat olib borildi hamda ularni qiynayotgan masalalar oʼrganildi. Masʼul vazirlik va tashkilotlar, mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda ushbu daftarga kiritilgan 432 ming nafarga yaqin xotin-qizning bandligi taʼminlanib, turli kasb-hunarga oʼqitildi, tadbirkorlikka qiziqishi bor ayollarga imtiyozli kredit mablagʼlari olishga koʼmaklashildi. Shu bilan birga, 36 ming 697 nafar boquvchisini yoʼqotgan, 29 ming 40 nafar nogironligi mavjud xotin-qizlarga yordam koʼrsatildi.
Yana bir asosiy yutuq sifatida “Аyollar daftari”ga kiritilgan, muhtoj va nogironligi mavjud xotin-qizlarning 4 ming 164 nafarining uy-joyi taʼmirlab berildi. 44 ming 23 nafariga tibbiy, 24 ming 652 nafariga huquqiy, 23 ming 399 nafariga psixologik yordam koʼrsatildi.
Yurtimizdagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 158 ming 981 nafar fuqaroga dehqonchilik bilan shugʼullanishi uchun yangi oʼzlashtirilgan, lalmi, foydalanilmayotgan yer maydonlaridan 4138780,5 gektar ajratildi. Yerni haydash, urugʼ, koʼchat xarid qilish va boshqa maqsadlar uchun subsidiya mablagʼlari berildi.
Bugungi kunda ushbu xayrli ishlar bir zum boʼlsa-da, toʼxtagani yoʼq. Mamlakatimizning barcha hududida “Temir daftar”, “Аyollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga ijtimoiy koʼmak berish va ularning doimiy d aromad topishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berish boʼyicha boshlangan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga, keksalar va nogironligi mavjud yurtdoshlarimizni ham har tomonlama qoʼllab-quvvatlash boʼyicha yoʼlga qoʼyilgan ishlar muntazam olib borilmoqda. Joriy yilning oʼzida 8 ming nafar nuroniyning sanatoriylarda davolanishi, 16 ming 430 nafarining bepul chuqur tibbiy koʼrikdan oʼtkazilgani, bundan tashqari, minglab keksa yoshdagi yurtdosh larimiz nogironlar aravachasi, eshitish moslamasi va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlangani fikrimiz dalilidir.
Prezidentimizning intervьyusi soʼnggi yillarda vatanimiz taraqqiyotida erishilgan yutuqlar va yangi Oʼzbekistonga tamal toshi qoʼ yish boʼyicha amalga oshirilgan eng muhim ishlar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijiy davlatlarning siyosiy, ilmiy va ishbilarmon doiralarida ham katta qiziqish uygʼotdi. Suhbat matni Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Pokiston, Italiya, Ispaniya kabi qator nomdor davlatlar tillariga oʼgirilib, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilindi.
Istardimki, barchamiz ushbu intervьyuning tub mohiyatini toʼla anglab yetgan holda, bu haqida oila aʼzolarimiz, mahalladoshlarimiz, hamkasblarimiz bilan hayotiy misollar orqali muhokama qilishimiz darkor. Zero, ushbu suhbat yangi Oʼzbekistonning dastlabki shakl lanish bosqichlari va kelgusi rivojini oʼzida aks ettirgan noyob qoʼllanmadir.
Rahmat MАMАTOV,
Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash vaziri,
Oliy Majlis Senati aʼzosi