Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi ko‘magida Portugaliya Milliy inson huquqlari qo‘mitasi tomonidan tashkil etdi.
Seminar dunyoning turli mintaqalaridan inson huquqlari bo‘yicha milliy mexanizmlar, xalqaro tashkilotlar, BMT tizimi organlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati faollari va ilmiy doiralar vakillarini bir joyga to‘pladi.
Tadbir dasturi asosida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ma’ruza qildi. Ma’ruzada Yangi O‘zbekistonning bu boradagi tajribasi idoralararo muvofiqlashtirish, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro mexanizmlar tavsiyalari monitoringini raqamlashtirish, parlament nazorati va keyingi harakatlar jarayonlarida fuqarolik jamiyati ishtirokini ta'minlash sohasidagi ilg‘or amaliyot namunasi sifatida taqdim etildi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakl va vositalarini to‘ldirishi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini mustahkamlashga ko‘maklashishi haqidagi 56-moddaning mustahkamlangani ushbu tizimni institutsional jihatdan mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, Konstitutsiyada davlatning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarni tashkil etish va ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish majburiyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilab qo‘yildi.
O‘zbekiston o‘z milliy tajribasini taqdim etish uchun Lissabon anjumaniga taklif etilgan Markaziy Osiyoning yagona davlati hisoblanadi. Milliy tajriba deganda, jumladan, mamlakat tomonidan amalga oshirish, hisobot berish va keyingi harakatlarning milliy mexanizmlarini mustahkamlash, haqida so‘z boradi.
Yalpi majlislar va mavzuli sho‘ba yig‘ilishlari doirasida BMT shartnomaviy organlari va Universal davriy sharh tavsiyalarining amaliy ijrosini ta’minlashda «Amalga oshirish, hisobot berish va keyingi harakatlar bo‘yicha milliy mexanizmlarning xalqaro tarmog‘i» qanday ahamiyat kasb etishi xususida atroflicha fikr yuritilyapti.
Seminar mavzusi doirasida ayni sohadagi xalqaro muloqotni chuqurlashtirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratilgan. Tadbirning yakuniy xulosalari Asunson deklaratsiyasi va Marokash boshqaruv asoslari negizida ishlab chiqilgan «Amalga oshirish, hisobot berish va keyingi harakatlar bo‘yicha milliy mexanizmlarning xalqaro tarmog‘i»ning 2026-2031-yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasini rasman qabul qilishga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.