Yangi portal: BAHO.GOV.UZ orqali davlat xizmatlari sifatini baholash mumkin (+видео)

    Hukumat akseleratori guruhi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bilan hamkorlikda O'zbekiston Respublikasi fuqarolariga an'anaviy tarzda ko'rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini baholash uchun interaktiv portalni ishlab chiqdi va ishga tushirdi.

    Endilikda fuqarolar BAHO.GOV.UZ saytida davlat xizmatiga baho berishi mumkin bo'ladi.

    Akselerator barcha resurslarni mustahkamlash, zarur siyosat va qoidalarni ishlab chiqish orqali 100 kun ichida strategik maqsadlarni amalga oshirishda asosiy muammolarni tezkorlik bilan hal qilish uchun ishchi guruh tuzdi. Guruhga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari, Adliya, Ichki ishlar, Xalq ta'limi, Maktabgacha ta'lim, Sog'liqni saqlash vazirliklari, “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi, UZINFOCOM, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ vakillari kiritildi.

    Dastlabki bosqichda Akselerator guruhi bugungi kunda O'zbekistonda fuqarolarning bevosita fuqarolar bilan ishlaydigan vazirliklar va idoralar tomonidan ko'rsatiladigan davlat xizmatlaridan qoniqish darajasini baholashning o'ziga xos mexanizmi yo'qligini aniqladi. Shu bois, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi farmoyishiga muvofiq Akselerator oldiga fuqarolarning davlat organlari tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlardan qoniqish darajasini o'lchash tizimini yaratish vazifasi qo'yildi.

    Xalqaro tajriba

    Topshiriqni o'z vaqtida va sifatli bajarish uchun fuqarolarning davlat xizmatlaridan qoniqish darajasini aniqlash bo'yicha xorijiy davlatlar – Kanada, Rossiya, Qozog'iston, BAA tajribalari o'rganildi.

    Kanada fuqarolarga xizmat ko'rsatish instituti (Institute for Citizen-Centered Services) so'rovnomalarlarga asoslangan holda (Common Measurements Tool) davriy ravishda fuqarolarning davlat xizmatlaridan qoniqish darajasini o'lchab, xizmatlar sifatini baholab boradi.

    Rossiya Federatsiyasi – davlat xizmatidan foydalangan fuqarolar uning sifatini SMS-xabarlar yuborish, telefon orqali so'rovga javob berish, ko'p funktsiyali markazlarda va internet saytlarida elektron terminallar orqali baho berish va vashkontrol.ru saytida davlat xizmatlarini olishda o'ziga yoqqan yoki yoqmagan jihatlar haqida fikr-mulohazalarini qoldirish imkoniyatiga ega.

    Qozog'iston – fuqarolarning davlat xizmatlaridan qoniqish darajasini jamoatchilik monitoringi va ijtimoiy so'rovnomalar orqali o'rganib borilishi yo'lga qo'yilgan.

    Birlashgan Arab Amirliklari – fuqarolarni davlat xizmatlaridan mamnunligini aniqlash bo'yicha Happiness Meter internet portali ishga tushirilgan bo'lib, mazkur tizim mamlakat bo'yicha fuqarolar ko'plab jamlanadigan joylarda planshetlar joylashtirilishi va ularga o'z fikrlarini tegishli smaylikni belgilash orqali ularning qoniqish darajasini o'lchab borish imkonini yaratadi. Mazkur tizimga muvofiq barcha fuqarolar davlat xizmatlarini emotikonlar (a'lo, qoniqarli va yomon) vositasi yordamida baholashi mumkin. Yil yakuni bo'yicha eng yaxshi va eng samarasiz ishlaydigan 3 ta vazirlik va idora aniqlanadi.

    Natija

    O'rganilgan xorijiy tajribadan kelib chiqib, Akselerator guruhi tomonidan davlat xizmatlaridan fuqarolarning qoniqish darajasini o'lchaydigan – BAHO.GOV.UZ portali kontseptsiyasi ishlab chiqildi va ishga tushirildi.

    Fuqarolar 5 ta mezon bo'yicha maxsus QR-kod yordamida ushbu portal orqali davlat xizmatlari to'g'risida (1-5 gacha tizimda) o'z fikr-mulohazalarini qoldirishi mumkin:

    • murojaatni ko'rishda muddatlarga amal qilish;
    • xizmat ko'rsatish malakasi;
    • odob qoidalariga rioya qilish;
    • adolatli yondashuv;
    • murojaat qilish uchun sharoitlar mavjudligi.

    BAHO.GOV.UZ portaliga bugungi kunda Toshkent shahridagi jami 223 ta muassasa ulanishi ta'minlandi va ularga maxsus QR-kodlar o'rnatildi.

    44 ta IIV tizimidagi muassasalar (pasportni ID kartaga almashtirish, xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish, haydovchilik guvohnomasini olish, avtotransport vositalarini majburiy texnik ko'rikdan o'tkazish, avtotransport vositasiga davlat raqami olish markazlari), 167 ta SSV tizimidagi muassasalar (respublika darajasida ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari oilaviy poliklinika hamda kasalxonalar), 12 ta “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning filiallari (elektr ta'minot korxonalari) shular jumlasidan.

    6 oktyabr sanasiga ko'ra, BAHO.GOV.UZ platformasidagi barcha baholashlar soni 1490 tani, shundan ijobiy baholar 1229 tani, o'rtacha baho 4,3 tani, salbiy baholar esa 261 tani tashkil qildi.

    Markaz ekspertlari fuqarolar tomonidan qo'yilgan salbiy baholar tegishli davlat organlari rahbarlariga mavjud holatni chuqur ko'rib chiqib, tahlil qilish va tegishli choralar ko'rish uchun jiddiy signal, deb hisoblashadi.

    Shuni alohida ta'kidlash joizki, fuqarolar bergan baho baholanayotgan davlat organining umumiy reytingiga ta'sir qiladi. Davlat idorasiga berilgan baholar qanchalik ko'p bo'lsa, uni baholash natijalari shunchalik ob'ektiv bo'ladi. Foydalanuvchilar tomonidan berilayotgan baholar platformada onlayn tarzda aks etib boradi.

    – Istalgan shaxs ma'lum bir davlat organi reytingini kuzatishi mumkin. Bu esa mazkur platforma uchun jamoatchilik nazoratining samarali vositasi bo'lib shakllanishiga xizmat qiladi. Reytingning pasayishi - baholanyotgan davlat idorasi xodimlari va rahbariyati uchun salbiy ogohlantirish bo'lib hisoblanadi. O'z navbatida, reytingi pasayotgan davlat idoralari mazkur idoradagi mavjud muammolarni hal qilish uchun tegishli choralarni ko'rishi kerak bo'ladi, – deydi Akselerator guruhi rahbari Muhammadjon Bobojonov.