— Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba, yaʼni 2020-yil yanvar oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida har qanday mamlakatda boʻlgani kabi, bizda ham kambagʻal aholi qatlami mavjudligini ochiq aytdi.
Ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini toʻlash yoki ular miqdorini oshirish orqali kambagʻallik muammosini hal qilish mumkin, deb hisoblash – bir tomonlama yondashuv boʻlib, muammoni toʻla yechish imkonini bermasligi alohida taʼkidlandi.
Kambagʻallikni kamaytirish maqsadida aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish, ularning ichki salohiyatini toʻla roʻyobga chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish kabi kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish boʻyicha muhim qadamlarni qoʻyish kerakligi qayd etildi.
Tarixiy Murojaatnomadagi ana shu ruh, kayfiyat yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida ham oʻz mujassamini topdi. Yaʼni, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari va ularning aniq mezonlari yangi kodeksdan oʻrin oldi.
Xususan, 14 yoshga toʻlmagan, nogironligi boʻlgan bolalari bor yolgʻiz ota-ona, shuningdek, koʻp bolali oilalardagi ota-onalar, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarini, kasb-hunar maktablari va kollejlari hamda texnikumlarini tamomlab kasbga ega boʻlgan yoshlar, “Mehribonlik” uylari bitiruvchilari, oliy taʼlim tashkilotlarining davlat granti boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilari, nogironligi boʻlgan, pensiyaoldi yoshdagi shaxslar, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati qoʻshinlaridagi muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga koʻra oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan shaxslar hamda odam savdosidan jabrlanganlar aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga kiritildi.