Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasini navbatdan tashqari Prezidiumining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda 2020-yil yakunlari boʻyicha faoliyat natijalari, shuningdek, 2021-yil istiqbollari koʻrib chiqildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov, Savdo-sanoat palatasi Prezidiumi aʼzolari, shuningdek respublikaning har bir shahri va viloyatidan ishbilarmon doiralar vakillari, mahalliy hokimiyat idoralari mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbirda qayd etilganidek, palata aʼzolari manfaatida 105 mingga yaqin daʼvo ariza kiritildi, shuningdek, 1,8 mingta holatda nizolar mediatsiya jarayonida hal etildi, 865 ta qonun va qonunosti hujjatlari va boshqa meʼyoriy hujjatlarning loyihalari tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholash boʻyicha ekspertizadan oʻtkazildi.
Aholini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida 92 mingta tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi, shuningdek 21,8 ming nafar tadbirkor va fuqarolar malakasini oshirish va tadbirkorlik asoslarini oʻrgatish boʻyicha oʻqitildi.
Tadbirkorlikni qoʻllab-quvatlash boʻyicha qabul qilingan Prezidentimizning 20 ga yaqin Farmon va Qarorlari tufayli birgina karantin cheklovlari oʻrnatilgan davrning oʻzida pandemiyadan zarar koʻrgan 60 mingdan ortiq kichik biznes subyektlari mol-mulk va yer soligʻidan ozod qilindi, 21 mingta tadbirkorga foydalanilmayotgan obyektlari (yer, bino) uchun yuqori stavkadagi soliq va jarimalarni undirish toʻxtatildi, 329 mingta kichik biznes subyekti uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga kamaytirildi va 4 mingdan ortiq eksport qiluvchi debitorlik qarzlari mavjud korxonalarga jarimalarni qoʻllash toʻxtatildi.
Eng muhimi soʻnggi 3 yilda 52 foizdan koʻproq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi.
Prezidium yigʻilishi davomida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi yoshlarni kasbiy koʻnikmalarga, xalq hunarmandchiligiga oʻrgatish, shuningdek, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish va ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Har bir tadbirkor-yoshlarga madadkor” degan umumiy shior ostida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash orqali tashabbus bilan chiqdi.
Savdo-sanoat palatasi oʻzining hududiy idoralarida tashkil etilgan oʻquv markazlari asosida tegishli idoralar bilan birgalikda yoshlarni kelgusida korxonalarda ishlashlari uchun kasbga oʻrgatishni taklif qildi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 13-oktabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi qaroriga muvofiq, hududlarda aholining tadbirkorlikka boʻlgan qiziqishini oshirish maqsadida Savdo-sanoat palatasi, tasdiqlangan dasturlar va talablar asosida kasblar va tadbirkorlik asoslari boʻyicha tizimli oʻqitish, shu jumladan “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” tarkibiga kirgan yoshlar va ayollar uchun tashkil etiladi.