Xatlov natijalariga koʻra, tumanda 1311 ta oila “temir daftar”ga, 1393 nafar xotin-qiz “ayollar daftari”ga, 1689 nafar fuqaro “yoshlar daftari” roʻyxatlariga kiritilgan. Bu haqda bugun AOKAda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida tuman hokimi Hayot Inogʻomov maʼlumot berdi.
Matbuot anjumanida tuman hokimi tomonidan tumanda olib borilayotgan va rejalashtirilgan ishlar toʻgʻrisida axborot berildi.
Yangihayot tumanida 2021-2023-yillarda umumiy qiymati 8,1 trln soʻm boʻlgan jami 54 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar doirasida 14 077 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Shuningdek, “2021–2023-yillarda Yangihayot tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturi” va 993 mlrd soʻmlik loyiha ishlab chiqilgan boʻlib, bunda Yangihayot tumanining ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish hamda zamonaviy 78 ta obyekt qurish chora-tadbirlari Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.
— 1689 nafar “yoshlar daftari” ga kiritilgan yoshlar sonining qisqartirish masalasiga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz, — deydi Yangihayot tuman hokimi Hayot Inogʻomov. Bu borada “yoʻl xarita”lari ishlab chiqilgan. Xususan, 2021-yilning oʻtgan davri mobaynida “yoshlar daftar” roʻyxatiga kiritilgan 480 nafar yoshlarning bandligi taʼminlandi. Jumladan: 119 nafar yoshlar ish bilan taʼminlandi, 6 nafar yoshlar “1+1” doirasida ishga joylashtirildi hamda 145 nafar yoshlar kasb-hunarga oʻqish uchun yoʻnaltirildi.
Shuningdek, anjumanda shu yilning 1-sentyabr sanasiga qadar mavjud 30 ta mahallada aholi uchun piyodalar yoʻlaklari va velo yoʻlaklar toʻliq qurib bitkazilishi aytildi. Yana 2021-yil yakuniga qadar 1600 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi, 4 ta MTT va 2 ta 1580 oʻrinli maktab ishga tushirilishi taʼkidlab oʻtildi.
Shu bilan birga, Yangihayot metrosi yonida ish soʻrab turuvchi turli yosh toifasidagi insonlarni kunlik ish bilan taʼminlash ham rejalashtirilgan va bu borada rejalar tuzilmoqda.