Teatr insoniyat sivilizatsiyasi bilan tengdosh sanʼat turi sifatida azaldan inson ruhiyati, orzu-intilishlari, dard-tashvishlari va yuksak gʻoyalarini ifoda etib kelgan. Sahna — hayot. Unda inson taqdiri, jamiyat muammolari, ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi azaliy kurash, muhabbat va vafo, sadoqat va adolat kabi umuminsoniy qadriyatlar aks etadi. Tobora globallashib borayotgan dunyoda teatr nafaqat madaniy hodisa, balki har qanday millat maʼnaviy immunitetini mustahkamlovchi omilga ham aylanib ulgurdi. Mamlakatimizda milliy qadriyatlar, anʼana va urf-odatlarni asrab-avaylash, tarixiy xotirani tiklash va yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirishda teatr sanʼati xodimlari boshqa soha vakillari bilan doimo yonma-yon. Boshqacha aytganda, teatr sanʼatining yangilanayotgan madaniy hodisa sifatida xalqimiz hayoti, turmush tarzidagi mavqei, ahamiyati ortib bormoqda.

— Soʻnggi yillarda teatr sohasi ham jadal rivojlanishda, — deydi Madaniyat vazirligining Teatr, sirk sanʼati va kinematografiya sohasi faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi bosh mutaxassisi Tursunoy Fayzullayeva. — Teatrlar moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, har bir ijodiy jamoaning unumli ijod qilishi uchun sharoit yaratilmoqda.

Prezidentimizning 2024-yil 22-noyabrdagi “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori esa sohada yangi bosqichni boshlab berdi. Qarorda oʻzbek teatr sanʼati ijodiy jarayonini isloh qilishdan tortib, moddiy-texnik baza, kadrlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro hamkorlik doirasini yanada kengaytirish masalalarigacha qamrab olingan. Ushbu hujjat ijrosini taʼminlash boʻyicha “tarmoq yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, ijroga yoʻnaltirildi. Qaror ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining toʻrtta qarori qabul qilindi. Har bir qarorning tub negizida teatr va teatr-studiyalarni moddiy-maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, xodimlar mehnatini ragʻbatlantirish vazifalari belgilangan. Dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy, yosh rejissyorlar uchun Oʻzbekiston xalq artisti va sanʼat arbobi Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofotlar taʼsis etilishi ijod ahli uchun kutilmagan voqea boʻldi.

Mamlakatimizda 41 ta davlat teatri mavjud. Aholi soni 38 millionga yetgan yurtimiz uchun bu kamlik qilishi inobatga olinib, oxirgi yillarda 4 ta yangi teatr tashkil etildi, 3 ta teatr uchun zamonaviy bino qurilib, foydalanishga topshirildi. 2030-yilga qadar barcha teatr binolarini bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Davlat teatrlarining transport vositasi bilan taʼminlanishi, xorijga koʻproq gas­trol uyushtirishi, moliyaviy erkinlik berilishi ularni izlanishga, yangi-yangi spektakllar yaratishga undamoqda.

Teatrda repertuarni boyitish va yangilab turish hamisha birinchi talab hisoblanadi. 2025-yilda teatrlarimizda 173 ta yangi spektakl sahnalashtirildi. Ularning 13 tasi tarixiy mavzuda, 75 tasi milliy va zamonaviy, 85 tasi esa jahon dramaturgiyasining sara namunalaridir. Milliy qahramonlar, allomalar va sarkardalar obrazini yaratishga alohida eʼtibor qaratilyapti. 2025-2030-yillar uchun buyuk tarixiy shaxslarning ibratli hayoti, ijodi, bolaligi va yoshligini ifodalovchi sahna asarlari reja-jadvali tasdiqlanib, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburning bolalik va oʻsmirlik davri gavdalantirilgan spektakllarni yaratish moʻljallangan. Shuningdek, “Inson qadri uchun” gʻoyasi asosida vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda taʼsirchan, dolzarb sahna asarlarini yaratish maqsad qilingan.

Vazirlik tizimidagi davlat teatrlari tomonidan joriy yil davomida 160 ta yangi asarni sahnalashtirish belgilangan. Bu bilan teatr nafaqat madaniy, balki maʼrifiy vazifani ham ado etishi tabiiy. Oʻzbek Milliy akademik drama teatri rejissyori Asqar Xolmoʻminov sahnalashtirgan “Adolat fasli”, Muqimiy nomidagi oʻzbek davlat akademik musiqali teatrida Doston Haqberdiyev sahnalashtirgan “Qaynona”, Oʻzbekiston davlat drama teatrida Olimjon Salimov sahnaga olib chiqqan “Romeo va Julyetta”, Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida turkiyalik K.Erdilikara tomonidan qoʻyilgan “Tentakning yozmalari”, Kattaqoʻrgʻon shahri drama teatrida Doston Haqberdiyev sahnalashtirgan “Bibixonim” spektakllari tomoshabinlar olqishi va eʼtirofiga sazovor boʻldi.

Soʻnggi yillarda davlat buyurtmasi bilan Oʻzbekiston davlat drama teatrida “Ishlaganday boʻlaylik”, Andijon viloyati musiqali drama teatrida “Mirzo Ulugʻbek”, Namangan viloyati musiqali drama teatrida “Usmon Nosir”, Fargʻona viloyati musiqali drama teatrida “Shoh Edip”, Samarqand viloyati musiqali drama teatrida “Layli va Majnun” spektakllari sahnalashtirildi. Ulardagi yangicha ijodiy yondashuv sahna asarlari saviyasi tobora oshayotganini  koʻrsatadi.

Poytaxtimizda katta tarixiy yoʻlni bosib oʻtgan, oʻz mavqei va auditoriyasini topib olgan ijodiy jamoalar qatorida Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik musiqali teatri ham bor.

“Teatrimiz repertuarini boyitish, zamon talablari asosida yangilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda, — deydi teatr bosh rejissyori Doston Haqberdiyev. — Davlat musiqali teatrining chiroyli binosi hammaga tanish. Bu yerga har kuni teatr shinavandalari kelib, oʻz madaniy ehtiyojini qondirib ketadi. Repertuarni boyitish uchun ijodiy jamoa doimiy izlanishda. 2025-yil jamoamiz uchun sermahsul va mazmunli boʻldi, bir qator yangi sahna asarlari namoyish etildi. Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti bitiruvchi talabalari bilan hamkorlikda Turob Toʻla qalamiga mansub “Nodirabegim” asarini sahnalashtirdik. Shuningdek, Hamzaning “Maysaraning ishi” asari motivi boʻyicha “Maysara” musiqali komediyasi hamda dramaturg Hayitmat Rasul qalamiga mansub “Kuyovning omonati” asari repertuarimizdan oʻrin egalladi.

Gastrol safarlarimiz doirasi ancha kengaydi. Madaniyat vazirligi hamda “Vatandoshlar” jamoat fondi tashabbusi bilan amalga oshirilgan “Sahnalar doʻstligi” loyihasi doirasida Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Tojikistonga ijodiy safar uyushtirildi. Qozogʻistonning Oqtov shahrida oʻtkazilgan TURKSOY III xalqaro teatr festivalida jamoamizning “Qobil ila Hobil” spektakli “Eng yaxshi musiqali drama spektakli” nominatsiyasida gʻolib topilishi bizga katta ragʻbat bagʻishladi.

Shuningdek, “Inson qadri uchun” ezgu gʻoyasi asosida Madaniyat va Sport vazirliklari bilan hamkorlikda Diyora Keldiyorovaning hayot yoʻli, faoliyati haqida spektakl sahnalashtirdik”.

Teatr sanʼati aholining madaniy ehtiyojini qondirishi kerak. Agar spektakl haqiqatan ham taʼsirli va dolzarb mavzuda boʻlsa, teatr zali tomoshabinga toʻladi. Oʻtgan yili davlat teatrlari tomonidan 3,8 million tomoshabin qamrab olingan boʻlsa, 2030-yilga qadar bu koʻrsatkichni 15 millionga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, 200 dan ortiq yangi spektaklni sahnalashtirish, 125 ta davlat teatrining xalqaro festival va gastrollarda ishtirokini taʼminlash, xususiy sektor ulushini 30 foizgacha oshirish, sirk tomoshalari sonini 440 taga yetkazish maqsad qilingan.

Yangicha islohotlar davrida xalqaro hamkorlik faol rivojlanmoqda. Yurtimiz teatrlari ijodkorlari bir-biridan qiziqarli asarlarni dunyo sahnalarida namoyish etib, faxrli oʻrinlarni egallab kelmoqda. Ana shunday jamoalardan biri Alisher ­Navoiy nomidagi oʻzbek davlat akademik katta teatridir.

— Teatrimiz ijodiy jamoasi har yili kamida toʻrtta milliy, jahon klassik opera va balet asarini sahnalashtirish uchun davlat buyurtmasini oladi. “Alisher Navoiy” va “Bal Maskarad”, “Yevgeniy Onegin”, “Shoir qalbi” operalari hamda “Jaloliddin Manguberdi” “Oqqush koʻli” balet spektakllari davlat buyurtmasi asosida sahnalashtirildi, — deydi teatr rejissyori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Haydarali Qosimov. — Teatrlarga davlat buyurtmasi ajratilishi sanʼat ahlining ham ijodiy, ham moddiy tomondan qoʻllab-quvvatlanishidan dalolat. Bizga xorijiy teatrlar tajribasini oʻrganish anʼanasi kirib keldi. Turkiya, Ozarbayjon, Gruziya, Britaniya, Fransiya, Italiya, Rossiya, Portugaliya, Belarus teatri ijodkorlari bilan hamkorlik oʻrnatilib, tajribali rejissyor va rassomlar tomonidan turli spektakllarni sahnalashtirish jarayoni davom etmoqda.

Shu oʻrinda davlat teatrlarida sahnalashtirilayotgan spektakllarda qanday gʻoya ustuvorlik qilayotgani haqida ikki ogʻiz toʻxtalib oʻtsak. Mamlakatimizda islohotlar koʻlami keng, qaysi sohani qaramang, yangilanish nafasi, dunyo davlatlari tajribasi shitob bilan kirib kelayotganini koʻramiz. Demak, xuddi shu nafas, aynan shu ruh sahnaga koʻchishi kerak. Teatr — zamon koʻzgusi. Sahnada rol oʻynayotgan aktyor, yaʼni qahramon jamiyatning aʼzosi, sizu bizga hamnafas va yelkadosh insonlardir. Shu bois, zamondoshlarimiz hayoti sahnada namoyon boʻlishi kerak. Xalqaro teatr kuni munosabati bilan har yili 21-27-mart kunlari davlat teatrlarida “Teatr tomoshalari haftaligi”, “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkaziladi. Bu ijodiy jamoalarni xalqqa yaqinlashtiradi, ular auditoriyasini kengaytiradi, yangi ijodiy marralarga undaydi.

Shahribonu IMOMOVA,

“Guliston” va “Teatr” jurnallari

birlashgan tahririyati bosh muharriri,

“Shuhrat” medali sohibi