Bu yerda mahalliy hokimlik va boshqaruv organlari, Davlat xizmatlari agentligi, tijorat banklari, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash muassasalari, istirohat bogʻi, xotira maydoni, kinoteatr, bozor, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, koʻp qavatli 30 ta uy qurilishi rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi “Jurnalist va hayot” loyihasi doirasida Xovos shahri va Mirzaobod tumaniga tashkil etgan media-turda jurnalistlar hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, yangi hayot boshlagan odamlar bilan dildan suhbatlashdi.
— Keyingi 50 yilda shaharchada birorta ham koʻp qavatli uy qurilmagan edi. Mana, yaqinda 305 ta eski xonadon buzilib, ular yangi uylarga koʻchirildi, — deydi Xovos tumani hokimi oʻrinbosari Sanjar Poʻlatov. — Aslida bu uylar mamlakatimizdagi eng arzon koʻp qavatli turar joy majmuasi hisoblanadi. Ularning 3 xonalisi 160 million soʻm, 2 xonalisi 140 million soʻm boʻlib, 20 yil muddatga kreditga olish ham mumkin.
Yangi shaharchada Mehnat va bandlikka koʻmaklashish markazi, Xalq banki, kadastr xizmati, tuman elektr tarmoqlari korxonasi, tuman hokimligi binolari, aholi dam olish maskani, xotira maydoni majmuasi kabi qator obyektlar qurilib, foydalanishga topshirildi. Koʻp qavatli uylar atrofiga 29 ta tandirxona, 8 ta bolalar maydonchasi qurib berildi. 2020-2021 oʻquv yili arafasida matematika fanini chuqur oʻrgatishga ixtisoslashgan 350 oʻrinli zamonaviy maktabning foydalanishga topshirilgani xovosliklarning dilidagi ish boʻldi.
— Ilgari Eski Xovosdagi “Doʻstlik” mahallasida yashardik. Uyimiz buzilgach, “Xovos siti”dan 3 xonali xonadon berishdi. Sharoitlar yaxshi, issiq va sovuq suv bor, gaz, elektr taʼminotida uzilish yoʻq. Rafiqam shaharchamizdagi 4-MTTda ishlayapti, oʻzim Yoshlar ishlari agentligi Xovos tumani boʻlimi xodimiman, — deydi Sulaymonbek Poʻlatov minnatdorlik ruhida.
Koʻp qavatli uylar atrofi koʻrkam, yashash uchun qulay. Aholi bandligini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tumanda 100 mingga yaqin aholi boʻlsa, ularning 36 mingga yaqini Xovos shaharchasida yashaydi. Aksariyati ish bilan taʼminlangan. Koʻp qavatli uylarga koʻchib kelgan aholi yangi ish boshlagan qandolatchilik sexi, tikuv fabrikasiga ishga joylashgan. Jumladan, “Textile fashion” korxonasi 200 xotin-qizni ish bilan taʼminlabdi. Bu yerda yana 100 ta ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Asosan, bolalar kiyimlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxona mahsulotlari eksportga ham chiqariladi.
— Ish boshlaganimga 2 oy boʻldi. Hali shogirdman. Kelib-ketish uchun yoʻlkira sarflamaymiz, tekin tushlik beriladi. Oyiga ikki million soʻm maosh olaman. Turmush oʻrtogʻim ham ishlaydi. Daromadimiz 3 farzandimizni boqishga, yaxshi yashashimizga bemalol yetib turibdi, — deydi mazkur korxona ishchisi Dildora Norqulova.
“Xovos siti”da kam taʼminlangan oilalar uchun arzon uy-joylar loyihasi asosida qurilgan 2 sotixli 50 ta uy ham oʻz egalariga topshirilgan. Bu uylar viloyatning har bir tumanidan sharoiti oʻta ogʻir va nogironligi boʻlgan oilalardan bittasiga berilgan. Xovos tumanidan esa 21 ta ehtiyojmand oilaga taqdim etilgan.
— Uch farzandim bilan 5 yil dala shiyponida, 10 yil ijara uylarda yashadik, — deydi Safargul Ismoilova. — Turmush oʻrtogʻim nogiron boʻlishiga qaramay, Qozogʻistonga ishlash uchun ketgan edi. Afsuski, oʻsha yerda vafot etdi. Hukumat yordami bilan dafn etdik. Oʻtgan yili Prezidentimiz Xovosga kelganida sharoitlarimizni oʻrganib, uy, ish bilan taʼminlash haqida topshiriq bergan edi. Xudoga shukur, koʻp oʻtmay hech qanday toʻlovsiz 3 xonali uy ajratildi. Tikuv mashinasi sovgʻa qilishdi. Hozir kasanachilik bilan shugʻullanyapman. Bu yil shartnoma asosida paxta terib, salkam olti million soʻm daromad qildik. Shu pulga pomidor va bodring yetishtirish uchun hovlimizda issiqxona qurdik. Issiqxonamizdan foydalanishni boshlasak, turmushimiz yana-da yaxshilanadi.
— Yangi koʻchib kelgan oilalarga kirib, sharoitlari, qiziqishlarini oʻrganyapmiz. Kuni kecha 3 ta oilaga tikuv mashinasi berdik. Ular uyda nogiron farzandi, turmush oʻrtogʻi borligi sababli biror korxonaga borib ishlay olmaydi. Shuning uchun uydagi harakati bilan oila xarajatlarini qoplab turadi, — deydi “Bunyodkor” mahallasi raisi Bahodir Tolipov.
Shu mahallada koʻchma asfalt-beton zavodi qurilishi ham yakunlanibdi. Zamonaviy zavod 1 soatda 120 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega, 12 kishi ish bilan taʼminlangan.
Maʼlum boʻlishicha, bugungi kunda Eski Xovos shaharchasida 78 ta ikki qavatli uy taʼmirlanib, atrofida obodonlashtirish ishlari bajarilgan. Tuman markazi koʻchalari, yangi qurilayotgan koʻp qavatli uylarning kirish va ichki yoʻlaklariga asfalt yotqizilgan. Bolalar maydonchasi barpo etishga, ichimlik suv taʼminotini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Umuman olganda, karantin sharoitida ham tumanda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni kamaytirish, kam taʼminlangan oilalani qoʻllab-quvvatlash va boshqa ijtimoiy-maishiy sohalardagi masalalar ham doimiy nazorat.
Bu kabi bunyodkorlik ishlari Mirzaobod tumanida yangidan qad rostlagan “Yangi Oʻzbekiston” mahallasida ham avjida. Oʻzgarishlar koʻzni quvnatadi.
Sardoba toshqini natijasida Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 4 ming 710 xonadonga zarar yetgan va 2 ming 499 tasi taʼmirtalab boʻlib qolgan edi. Jumladan, Mirzaobod tumanining “Navbahor”, “Barlos”, “Haqiqat” mahallalari hududi ham toshqindan jiddiy zarar koʻrdi. Bugun bu mahallalar talafot koʻrganiga birov ishonmaydi. Sababi, 5 oy davomida muhtasham uylar qurildi. Zarar koʻrgan joylar taʼmirdan chiqdi.
“Yangi Oʻzbekiston” mahallasidagi 12 gektar maydonda besh qavatli, 800 xonadondan iborat 40 ta uy qurildi. Suv toshqinidan zarar koʻrgan xonadonlar yerlari, hovlilar saqlab qolindi. Har bir xonadonga 40 million soʻm tovon puli, uy-jihozlari uchun 10 million soʻmdan mablagʻ ajratildi.
— Toshqin boʻlgach, hech narsa olmasdan uyni tark etdik. 3 farzandim bilan “Haqiqat” mahallasidagi chaylada yashab turdik. Bizdan tashqari yana 12 oila ham chaylada kun kechirdi. Hukumatimiz, yurtdoshlarimiz yordamini ayamadi, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon berib turdi. Turmush oʻrtogʻim nogiron, 78 yoshli qaynonam bor. Suv bosgan uyimizga qaytib kelganimizda vayron holatda edi. Eski uyimiz ham oʻzimizga qoldi. Nasib qilsa u yerda chorvachilik bilan shugʻullanmoqchimiz. Yangi uyimizdagi sharoitlarni koʻrib, juda xursand boʻldik, — deydi Nigora Mamasoliyeva.
“Yangi Oʻzbekiston” mahallasida yangi korxonalar ham tashkil etilmoqda, aholi ish bilan taʼminlanmoqda. Hozircha 184 kilometr yoʻl, 19 ta koʻprik, 66 kilometr uzunlikda gaz quvurlari tortildi. 89 kilometrlik ichimlik suv, 7,9 kilometrlik oqova suv tarmogʻi, 11 ta suv taqsimlash inshooti bunyod etildi.
Gulchiroy ISOQOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri