Mahalliy infratuzilmani rivojlantirish va aholi turmush farovonligini oshirish – bugungi kunda “Navoiyuran“ davlat korxonasi rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan vazifalardir. Shahar tipidagi posyolkada ikkinchi yildirki, yangi obyektlar qurilib, mavjudlari rekonstruksiya qilinmoqda. Xususan, soʻnggi bir yilda koʻp qavatli uylarning fasadi, yertoʻla va podyezdlari yangidan qurilib, rekonstruksiya qilindi.
Zafaroboddagi 16 va taʼlim qozoq tilida olib boriladigan 28-sonli umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari uchun sunʼiy qoplamali yangi maktab futbol stadionlari qurib bitkazildi.
- Aholi, ayniqsa, yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishiga imkoniyat yaratish maqsadida korxonamizda sunʼiy qoplamali zamonaviy sport maydonchalari barpo etildi, — deydi “Zafarobod“ kon boshqarmasi direktorining kadrlar va umumiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Zafar Hasanov. — Sport inshootlarining bir-biridan farqi shundaki, bittasida 500 tomoshabinga moʻljallangan oʻrindiqlar mavjud boʻlib, bu yerda hozircha muhim davlat sanalariga bagʻishlangan shaharcha tadbirlari, shuningdek, sport musobaqalari oʻtkaziladi. Birinchi shunday musobaqa joriy yilning may oyida “Navoiyuran“ DK direktori kubogi uchun boʻlib oʻtdi.
Ilgari chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik boʻyicha maktab mashgʻulotlari oʻtkaziladigan sobiq hudud stadion, workaut-zonasi va kichik basketbol sport maydonchasi qurilgandan soʻng sezilarli darajada oʻzgardi. Qoʻshimcha ravishda mazkur hududda favvora va mahalliy aholi uchun dam olish maskani barpo etilishi rejalashtirilgan boʻlib, ishlar qizgʻin davom etmoqda.
Press-turning navbatdagi yoʻnalishi Navoiy viloyati va Konimex tumani hokimligi rahbariyatiga mahalliy aholining koʻplab murojaatlari asosida “Navoiyuran“ DK tomonidan qurilgan “Zafarobod“ mahallasidagi bolalar maydonchasi boʻldi. Bir oy ichida zamonaviy argʻimchoqlar bilan jihozlangan, yumshoq qoplamali yangi bolalar oʻyin maydonchasi barpo etildi. Qurilish ketayotganda mahallaning barcha bolalari bu yerdan ketishmasdi, hamma ochilishni intiqlik bilan kutardi. Bugun ham maktablarda yozgi taʼtil boshlangan kunlarda maydonchada bolalar koʻp.
Mahalliy “Yoshlik“ sunʼiy koʻli tubdan rekonstruksiya qilinmoqda. Uning tubiga suv oqib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan yangi geomembrana yotqizilib, yangi quvurlar tortilmoqda. Qurilish loyihasi 850 metr uzunlikdagi yugurish yoʻlagi, zamonaviy va xavfsiz bolalar maydonchasi, sogʻlom turmush tarzini targʻib qiluvchi sport maydoni, kechki payt yoritish manbai boʻladigan mayoq, shuningdek, dam olish joylari, yashil hudud, favvora va tushlik zonalarini oʻz ichiga oladi. Bu esa shaharcha hududidagi ekologik holatni yanada yaxshilab, aholining yil davomida toʻlaqonli dam olishini taʼminlaydi. Bunday hajmdagi suvni Konimex tumani Taldiquduq qishlogʻidagi quduq resursi orqali toʻldirish rejalashtirilgan. Almashtirishda koʻldagi ishlatilgan suv hudud atrofidagi yashil maydonlarni sugʻorishga yoʻnaltiriladi.
Press-tur doirasida OAV vakillariga “Navoiyuran“ DK tomonidan joriy yil davomida Zafarobod shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida maʼlumot berildi. Xususan, istiqbolda maktabgacha yoshdagi bolalarni yuz foiz qamrab olish uchun davlat-xususiy sheriklik asosida 360 oʻrinli bogʻcha, 1,2 gektar maydonda 400 oʻrinli amfiteatr, kottej turidagi uy-joylar hamda savdo markazi barpo etilishi rejalashtirilgan.
Dilfuza Gulyamova.
Hamkorlik materiali











