Yangilangan Konstitutsiya - saylov tizimining huquqiy poydevori

    Saylov  demokratik davlatning asosiy belgilaridan biri bo'lib, u orqali mamlakatning taraqqiyoti va istiqboli namoyon bo'ladi. Bu xalqning o'z xohish-irodasini bildirishi, fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishda bevosita ishtirok etishining asosiy shaklidir.

    O'z navbatida, saylovda qatnashish asosida faol fuqarolik pozitsiyasini ilgari surish xalqimizning yuksalib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va elektoral madaniyatini namoyon qiladi.

    O'zbekistonda siyosiy, davlat va huquqiy sohalarning izchil, bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinishi natijasida eng yuksak demokratik talablarga javob beradigan saylov tizimi yaratildi. Xususan, so'nggi besh yilda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylov o'tkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarildi.

    Bunda saylov qonunchiligi xalqaro umume'tirof etilgan tamoyillar, nufuzli xalqaro tashkilotlar tavsiyalari va xalq fikri asosida takomiliga etkazildi hamda mamlakatdagi demokratik islohotlar bilan uyg'unlashtirildi.

    Yangilangan Konstitutsiyamizning XXII bobida saylov tizimiga oid asosiy qoidalar mustahkamlandi. Xususan, Bosh qonunimizga ko'ra, O'zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o'z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.

    Endilikda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og'ir va o'ta og'ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko'ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to'g'ridan-to'g'ri yoki bilvosita cheklashga yo'l qo'yilmasligi qonstitutsion norma sifatida belgilandi.

    Konstitutsiyaning takomillashtirilishi asosida saylov jarayonlari bilan bog'liq bunday normalar mustahkamlanishi saylovning qonuniylik, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida, jahonda umume'tirof etilgan demokratik standartlarga mos holda o'tishini, fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini hamda davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengroq ta'minlashga xizmat qiladi.

    Milliy saylov qonunchiligini kodifikatsiyalashtirilishining ahamiyati

    Milliy saylov qonunchiligimizning o'ziga xos jihati saylov jarayonlariga oid barcha normalarning kodifikatsiyalashtirilganidir.

    Xususan, Saylov kodeksi saylov huquqiga oid ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy va huquqiy kafolatlar tizimini mustahkamlash bilan birga fuqarolarning saylov huquqini amalga oshirishni ta'minlovchi shart-sharoit va mexanizmlarni yaratishga oid huquqiy normalarni o'zida aks ettiradi.

    Saylov qonunchiligi kodeks shakliga keltirilgunga qadar mazkur tizimda bir vaqtning o'zida beshta qonun parallel ravishda amal qilardi. Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarning ayrim normalari bir-biriga zid bo'lib, turli huquqiy kolliziya mavjud edi.

    Mazkur holat esa saylov komissiyalari, ayniqsa, chekka joylardagi uchastka saylov komissiyalari a'zolari muayyan vaziyatda qanday yo'l tutishni bilmay, turli noaniqliklar yuzaga kelishiga sabab bo'lgan.

    Kodeks qabul qilingach, milliy saylov qonunchiligi va amaliyotida ayrim bo'shliqlar va echimini kutayotgan muammolar hamda turli noaniqlik va ovoragarchiliklar barham topganini nafaqat milliy saylov amaliyotchilari, balki xalqaro ekspertlar ham keng e'tirof etdi.

    Milliy saylov tizimimiz umumjahon talablari va tendentsiyalariga muvofiqlashtirildi. Kodeks kuchga kiritilishi munosabati bilan o'ttizga yaqin qonun bekor qilindi hamda qonunosti hujjatlarga keyinchalik kiritilgan o'zgartish va qo'shimchalar, shuningdek, ba'zi hujjatlar o'z kuchini yo'qotdi.

    Xalqaro saylov standartlariga mos, puxta, ixcham va yaxlit shaklda qabul qilingan bunday mukammal Saylov kodeksidan shu paytgacha milliy saylovchiligimizda bo'lmagan o'nlab yangi norma va qoida joy oldi, amaldagi ayrim byurokratik tartib-qoidalar bekor qilindi.

    Har bir saylovchi – diqqat-e'tiborda

    Mamlakatimizda davlat siyosatining o'ziga xos jihati O'zbekiston fuqarolarining qaerda yashab turganidan qat'i nazar, davlat himoyasida bo'lishi, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta'minlashga yo'naltirilganidir. Aynan 2019 yildagi saylovda xorijda istiqomat qilib turgan saylov yoshidagi barcha vatandoshlarimiz uchun ilk bor ovoz berish imkoniyati yaratilgani ana shunday yuksak e'tiborning amaldagi ifodasi bo'ldi.

    Avvallari bunday siyosiy tadbirlarda faqat konsullik vakolatxonalaridan rasman ro'yxatdan o'tgan o'zbekistonliklar qatnashgan.

    Saylov kodeksida ilk bor chet davlatlarda yashab turgan O'zbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo'lishi yoki bo'lmasligidan qat'i nazar, saylovchilar ro'yxatiga kiritish tartibi, xorijiy mamlakatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko'chma qutilar orqali ovoz berishning huquqiy asoslari mustahkamlandi.

    Vatandoshlarimiz uchun chet eldagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari huzurida tashkil etiladigan saylov uchastkalarining saylovchilar ro'yxatiga kiritish bo'yicha elektron murojaat qilish imkonini beruvchi saylov.mfa.uz kommunikatsion tizimi ishga tushdi.

    Saylov jarayonida suiiste'molchilik, tanish-bilishchilik kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida qonunchilikda “uchastka saylov komissiyasi a'zolarining yarmidan ko'pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas”ligi alohida qayd etilgan.

    Biroq shifoxonalar, dam olish uylari, harbiy qismlar, chet ellardagi diplomatik vakolatxonalar kabi muassasalarda, ularning qat'iy ichki tartib-qoidalari talablaridan kelib chiqib, saylov uchastkasi a'zolarini bunday tartibda tuzish qiyinligi amaliyotda muammolarni keltirib chiqarar edi.

    Shu sababli, kiritilgan o'zgartirishga ko'ra, mazkur qoida endilikda chet davlatlardagi diplomatik muassasalar huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda hamda boshqa statsionar davolash muassasalarida va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil qilingan saylov uchastkalariga tatbiq qilinmaydi.

    Bundan tashqari, Saylov kodeksi imkoniyati cheklangan shaxslarning ovoz berish yo'li bilan mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida ishtirok etish huquqlarini amalga oshirishi uchun barcha mexanizmlarni o'zida mujassam etdi. Ya'ni saylov kuni ovoz berish binolaridagi texnologik jihozlar — jadvallar, kabinalar va ovoz berish qutilari nogironlar aravachasidan foydalanuvchilar ehtiyojlarini hisobga olgan holda o'rnatilishi lozimligi mustahkamlandi.

    Shu bilan birga, agar sog'lig'i yoki nogironligi tufayli saylovchi o'z xohish-irodasini erkin ifoda etish uchun saylov uchastkasining ovoz berish xonasiga kela olmasa, unga ovoz berish xonasidan (saylov uchastkasidan) tashqarida, yashash joyida ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

    Bu, o'z navbatida, zamonaviy saylov qonunchiliging muhim jihati ko'rinishida jamiyatimizning a'zosi sifatida nogironligi mavjud fuqarolarimiz ham boshqalar bilan teng ravishda siyosiy va ijtimoiy hayotda bevosita yoki erkin saylangan vakillari orqali samarali va har taraflama ishtirok etishi, jumladan, saylash va saylanish huquqlariga oid imkoniyatlarga ega bo'lishini ta'minlaydi.

    Saylov qonunchiligimizda har bir saylovchining huquq va erkinliklari inobatga olingani jarayonlarda siyosiy huquqga ega har bir shaxsning o'z saylov huquqlarini hech to'sqinliksiz amalga oshirishi, ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokining eng muhim kafolatlaridan biridir.

    Saylovchilarning yagona elektron ro'yxati

    Saylovning ko'ppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, demokratik saylov talablariga muvofiq o'tishini ta'minlash zamonaviy tendentsiyalarni inobatga olgan holda jarayonlarni raqamlashtirish masalalariga bog'liqdir.

    Jumladan, Saylov kodeksida respublika miqyosida saylovchilarning ro'yxati elektron tarzda tuzilishi belgilab qo'yilgan. Mazkur ro'yxatni tuzish, unga o'zgartishlar kiritish va yangilab turish saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi yordamida amalga oshiriladi.

    O'z navbatida, saylovchilarning yagona elektron ro'yxati vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni o'z ichiga olgan davlat axborot resursi hisoblanadi.

    Aynan saylovchilarning yagona elektron ro'yxati va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini yanada takomillashtirish orqali fuqarolarning doimiy va vaqtinchalik yashash joylari, hududlar, ko'chalar, uylar va xonadonlarning nomlari hamda raqamlarining elektron shaklda aniq-ravshan belgilanishiga imkon yaratiladi.

    Bu shunchaki saylovchilar haqidagi ma'lumotlar bazasi emas, balki saylovning tenglik printsipini ta'minlashga xizmat qiladigan vosita hamdir. Chunki mazkur axborot tizimi va saylovchilarning yagona elektron ro'yxati orqali fuqarolarning faqat bir marotaba ovoz berganini nazoratga olish imkoniyati mavjud bo'ladi.

    Ayniqsa, yuqori migratsiya sharoitida saylovchining tegishli saylov okrugiga biriktirish va “bir saylovchi – bir ovoz” qoidasini amalda qo'llashni ta'minlovchi tizimni yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

    Tartibotga ko'ra, saylovchilarning yagona elektron ro'yxati barcha saylov uchastkalari kesimida tegishli uchastka komissiyalariga onlayn tarzda etkaziladi. Shunday bo'lsa-da, har bir uchastka saylov komissiyasi uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yo'li bilan ro'yxatga aniqlik kiritadi.

    Qonunga muvofiq, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o'n sakkiz yoshga to'lgan, ro'yxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarning familiyalari saylovchilar ro'yxatiga kiritiladi. Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro'yxatiga kiritilishi mumkin bo'ladi.

    Bunday tizim o'rnatilmasidan avval bir saylovchining ham doimiy ro'yxatda, ham vaqtincha ro'yxatda turgan joyidan turib ovoz berish holatlari natijasida fuqarolarning teng saylov huquqi, ya'ni saylovda bitta ovozga egaligi tamoyilining buzilish holatlari kuzatilishi mumkin edi.

    Shu asosda saylovchilarning yagona elektron ro'yxati fuqarolarning teng saylov huquqi printsipini ro'yobga chiqarib fuqarolarimizga davlat boshqaruvida saylov orqali ishtirok etishdek siyosiy huquqlaridan foydalanishda aniqlik va qulaylikni ta'minlaydi.

    Xulosa qilib aytganda, O'zbekistonning zamonaviy saylov qonunchiligi umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga, erkin va adolatli saylov mezonlariga muvofiqdir.

    Shuningdek, mamlakatimiz saylov tizimi huquqiy asoslari milliy qadriyatlarimizga tayanilgan holda xalqaro tamoyillar, ilg'or xorijiy mamlakatlar qonunchiligi va amaliyotini o'rganish hamda mustaqillik yillarida mamlakatimizda o'tkazilgan saylovlar tajribasining tahlili natijasida tadrijiy takomillashtirilib borilmoqda.

    Farangiz AVAZBEKOVA,

    yuridik fanlar bo'yicha falsafa doktor (PhD)