Keyinroq Koinot va kosmonavtika instituti bosh direktori Xitoshi Kuninaka qurilma “buyruqlarni qabul qilayotganini” va ularga “javob berayotganini” aytdi. Biroq, JAXA ma’lumotlariga ko‘ra, modulning quyosh batareyalari “elektr energiyasini ishlab chiqarmayapti”, shuning uchun mutaxassislar “Oy yuzasida ma’lumotlarni yig‘ishga ustuvor ahamiyat bermoqda”.
SLIM — bu Oy yuzasiga transport vositalarining yuqori aniqlikdagi qo‘nish texnologiyasini sinab ko‘rish uchun mo‘ljallangan modul. U Yer tabiiy yo‘ldoshining relyefi va kraterlarini o‘rganishi kerak. Modulning balandligi 2,4 metr va kengligi 2,7 metr, og‘irligi taxminan 200 kilogramm. Qurilma Oy yuzasidagi jinslarda temir va boshqa elementlar miqdorini o‘lchash imkonini beruvchi kamera bilan jihozlangan.
SLIM apparati raketa-tashuvchi bilan Kagosima prefekturasi janubidagi Tanegasima kosmik markazidan 7-sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 08:42 da (Toshkent vaqti bilan 04:42) uchirilgan edi.