Butun dunyoda boʻlgani kabi Covid-19 Yaponiyada ham sanʼat, madaniyat va koʻngilochar sohalarga oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. Shu bilan bir qatorda aholining tomoshalarga boʻlgan ehtiyoji ortib bormoqda.

Euronewsning Sportline jamoasi zamonaviy texnologiyadan foydalangan holda yana tomoshabinlarni sehrlashni boshlagan yapon sanʼatkorlari faoliyatidan reportaj tayyorladi.

Yaponiya poytaxti Tokioning gavjum hududi – Ginzada mashhur Shelliza teatri joylashgan. Teatr pandemiya tufayli eʼlon qilgan qisqa tanaffusdan soʻng tomoshabinlariga yana oʻz eshiklarini ochdi. Yapon sanʼatining mashhur asarlaridan biri – “Kabuki”ni tomosha qilish uchun minglab odamlar tashrif buyuradi. 400-yillik tarixga ega mazkur spektakl faqat erkaklar tomonidan musiqa, raqs, drama va ajoyib liboslar orqali ijro etiladigan xalq teatri turidir. YUNESKO “Kabuki”ni 2008-yili insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga qoʻshgan.

Pandemiya avjiga chiqqan paytda teatrning yopilishi Yaponiyaning mashhur kabuki aktyorlaridan biri Koshiro Matsumotoga oʻz ijodiy istaklarini amalga oshirish uchun imkon yaratdi. U "Zoom -kabuki», yoki “Xayoliy kabuki” deb nomlangan yangi janrni, onlayn kabukini yaratdi.

Joriy yilning iyun oyida rejissyor va aktyorlar jamoasi dunyoda ilk marta kabuki pyesalaridan biri boʻlgan “Chu-shin-gura”ning 11 pardasini omma eʼtiboriga havola qilishga muvaffaq boʻldilar.

Koshiro Matsumoto avvaldan yozib olingan ijrolari bilan ayni paytdagi jonli ijrolarini aralashtirib yubordi va tomoshabinlar bir aktyorni bir paytning oʻzida bir necha rolda koʻra oldi. Natijada tomoshabinlarga xuddi haqiqiy teatrdagi kabi hissiyot bera oldi.

Shuningdek, aktyor 19 asr xalq safarnomalaridan biri boʻlgan “Yaji Kita” nomli bir komediya ham yaratdi. Asar toʻlaligicha shu oyda internetda yuklandi va tomoshabinlarga taqdim etildi.

Spektakl ijrochilari insoniyat anʼanaviy teatr tomoshalariga qaytganda paytda ham “Zoom- kabuki"ni davom ettirish niyatida.