Bu haqda Transport vazirligi maʼlum qildi.
Ayni vaqtda Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan harbiy harakatlar tufayli Bahrayn, Quvayt, Suriya, Iroq, Eron, Qatar va Isroil davlatlarining havo hududi parvozlar uchun yopiqligicha qolmoqda.
Qayd etilishicha, 28-fevraldan 7-mart soat 10:00 holatiga koʻra, Madina va Jidda aeroportlaridan 63 ta aviaqatnov amalga oshirilib, 13 543 nafar Oʻzbekiston fuqarosi Vatanga olib kelindi. Shuningdek, Dubay aeroportidan 9 ta parvoz orqali yana 1 401 nafar fuqaro olib kelindi.
Xorijiy aviakompaniyalar ham evakuatsiya ishlarida ishtirok etmoqda. Xususan, Fly Nas aviakompaniyasi tomonidan Jidda – Toshkent va Jidda – Namangan yoʻnalishlarida 5 ta, Fly Dubai aviakompaniyasi tomonidan Dubay – Toshkent yoʻnalishida 3 ta reys amalga oshirilib, jami 1 365 nafar yoʻlovchi tashildi. Ulardan 990 nafari Oʻzbekiston fuqarolaridir.
Maʼlum qilinishicha, Yaqin Sharq mamlakatlarida boʻlib turgan fuqarolarimizning qariyb 95 foizi ushbu davlatlarga turpaketlar asosida borgan.
Shu bilan birga, ayrim turoperatorlar va agentlar fors-major vaziyatida oʻz mijozlari bilan aloqani uzib qoʻyayotgani, yoʻlovchilarni zarur maʼlumotlar bilan taʼminlamayotgani tanqid qilinmoqda. Vaholanki, turpaketlar tarkibiga mehmonxona, aviaqatnov, transfer va sugʻurta polislari kiradi.
Transport vazirligi turoperatorlar va agentlarni fors-major holatlarida ham isteʼmolchilar huquqlarini taʼminlash, mijozlar bilan muntazam aloqa oʻrnatish va aviakompaniyalar bilan hamkorlikda ularni xavfsiz hududlarga olib chiqish choralarini koʻrishga chaqirdi.
Hozirda Qatar hududida qolgan fuqarolarni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod aeroporti orqali olib chiqish boʻyicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, Saudiya Arabistonining Dammam va Ar-Riyod aeroportlaridan barcha xalqaro yoʻnalishlarda muntazam aviaqatnovlar cheklovlarsiz amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda aviaqatnovlarni tashkil etish ishlari tizimli ravishda davom etmoqda. Fuqarolardan ehtiroslarga berilmaslik va oʻz turoperatorlari bilan doimiy aloqada boʻlish soʻraldi.
Aloqa uchun (24/7): “Oʻzaviatsiya” shtabi: 781200072; 712000765. TIV Call-markazi: 971365151.