Mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlar, avvalo, inson huquqlarini va manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga qaratilgani, aynan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida kechayotgani bilan alohida ahamiyatga ega. Zero, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda aholining barcha toifalari – yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar, o‘qituvchilar va hatto jinoyat sodir etgan shaxslarning ham huquq va manfaatlari aks etgan. Ayniqsa, o‘lim jazosi taqiqlanishi konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonparvarlikning muhim ifodasidir.
Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi bo‘lib, qonun bilan himoya qilinadi. Uning mazmuni shundaki, hech kimni ataylab hayotdan mahrum qilib bo‘lmaydi. Shuningdek, yashash huquqi davlat zimmasiga inson hayoti xavf ostida qolmasligi uchun hamma narsani qilish majburiyatini yuklaydi. Ushbu norma Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyada, shu bilan birga, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda ham nazarda tutilgan. Shaxsning yashash huquqi aynan tug‘ilgan paytdan boshlab vujudga keladigan tabiiy va daxlsiz huquq, deb e’tirof etiladi va u davlatchilik va qonunlar mavjudligidan qat’i nazar, shaxsga tegishlidir.
Shu sababli xalqimizdan kelib tushgan ko‘plab takliflar tahlil qilinib, ushbu masalaga doir normani yanada takomillashtirishga qaror qilindi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi ekani va u qonun bilan muhofaza qilinishi, inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatligi mustahkamlab qo‘yilmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanishi haqidagi norma ham kiritilayotir.
Aslida O‘zbekistonda 2008 yilda barcha jinoyatlar uchun o‘lim jazosi bekor qilingan. Bu qoida Konstitutsiyada emas, balki jinoyat qonunchiligida o‘z aksini topgan edi. O‘lim jazosi taqiqlanishining konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.
Shunga qaramay ayrim fuqarolar o‘lim jazosini tiklash, uni jinoyat qonunchiligiga qayta kiritish xaqidagi takliflarni ilgari surilmoqda. Vaholanki, yashash huquqini har bir insonga davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgan. Shu jihatdan qaraganda, o‘lim jazosiga Konstitutsiya darajasida taqiq qo‘yilishi inson qadrini ulug‘lash bilan bog‘liq muhim voqelikdir.
Bugungi kunda dunyoning qator mamlakatlarida o‘lim jazosi haliyam qo‘llaniladi. Ammo jazo ijrosidan muayyan muddat o‘tgach, taqdim etilgan dalillar, ko‘rsatmalar asosida oqlanganlik holatlari ham kuzatilgan. Biroq tayinlangan jazo ijrosi ta’minlangandan so‘ng bu inson hayotini ortga qaytarishning imkoni bo‘lmaydi.
Demak, nomukammal sud tizimidagi bir xato insonning umriga zomin bo‘lishi mumkin. Chunki ertaga sud oqlov hukmi chiqaradigan bo‘lsa, nohaq ayblangan insonni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Inson zoti bunday qaror chiqarishi odamiylik mezonlariga to‘g‘ri kelmaydi, albatta. Vaholanki, so‘nggi yillarda mamlkatimizda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari yuzasidan bir qancha oqlov hukmlari ham chiqarilmoqda (masalan, sudlar tomonidan so‘nggi besh yilda 4700 dan ortiq fuqaro oqlangan).
Kechirimlilik – xalqimizga xos xislat. Davlat xato qilgan farzandini kechiruvchi ota-ona singari o‘z fuqarolariga qayta imkoniyat taqdim etishi juda muhim. Bu fuqaroning davlatga ishonchi va mehrini his etishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Jinoyat qilgan insonni jazolashdan maqsad uni qayta tarbiyalash, xatolarini anglab yetishga erishish. Ko‘pchilik jinoyatga adashganidan qo‘l uradi va boshqa hech qachon bu ishni qaytarmaslikka vijdonan ahd qiladi. Bunday insonlarni panjara ortida ushlab turishdan nima naf? Ozodlikka chiqsin, sidqidildan ishlab, ota-onasi, yaqinlari, mahalla-ko‘y, jamiyat oldidagi aybini yuvsin. Shu sababli ham so‘nggi yillarda mahkumlarni avf etish va qayta ijtimoiylashtirish siyosati amalda ijobiy natijalarini bermoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan 2017 yildan buyon afv etish bilan bog‘liq 21 ta farmon e’lon qilindi. Mazkur farmonlar asosida jazo muddatini o‘tayotgan 5550 dan ziyod shaxs afv etildi.
Davlat va jamiyat tomonidan ushbu toifadagi kishilarni manzilli qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratilgan. Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq, 2022 yil sentyabr oyidan boshlab komissiya xulosasi asosida jazoni o‘tab bo‘lgan sobiq mahkumlarga MHEKMning 10 baravari miqdorida dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi beriladigan bo‘ldi. Ularning tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirishda ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
Afv zamirida nafaqat kechirimlilik, balki yuksak insonparvarlik mujassam. Negaki, afv etilgan shaxslarning oila a’zolari, yaqinlari ham bunday insonparvarlik munosabatidan bahramand bo‘ladi. Adolatli jamiyatda aybdorni jazoga tortishdan maqsad uni yanada ashaddiylashtirish emas, balki to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, jamiyatning to‘laqonli a’zosiga aylantirish. Shunday ekan, ushbu tajribani Konstitutsiyada belgilab qo‘yish barcha uchun manfaatli bo‘ladi. Afv etilgan bir inson tufayli uning yaqinlari, oila-a’zolari, do‘stlari, qarindoshlari va yana qancha insonlar turganini unutmaslik kerak. Bu orqali ko‘plab insonlar ko‘nglida davlatga nisbatan ishonchni mustahkamlash mumkin.
Shunday ekan, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishda nafaqat o‘lim jazosi bekor qilinishi, balki qat’iy ravishda taqiqlanishi ham belgilanmoqda.
Davlatimiz bu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq ekanini butun dunyoga yaqqol namoyon qilmoqda. Bugungi kunda 106 davlatda, ya’ni Kanada, Argentina, Daniya, Fransiya, Italiya, Norvegiya, Shvetsiya, Bolgariya, Polsha kabilarda o‘lim jazosi barcha jinoyatlar uchun bekor qilingan.
Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda 54 ta davlatda o‘lim jazosi mavjud. Ayrim davlatlar esa o‘z tajribasida o‘lim jazosini qonunlar bilan bekor qilsa-da, Konstitutsiyasida bo‘lmagani bois, uni jazo sifatida qayta tiklash holatlari ham kuzatilgan. Masalan, Belarus o‘lim jazosini qo‘llashni tikladi. Unga ko‘ra, mansabdor shaxs yoki harbiy xizmatchi tomonidan davlatga xiyonat qilganlik uchun o‘lim jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Biroq demokratik va insonparvar g‘oyalarni oliy qadriyat darajasiga ko‘targan aksariyat davlatlarda o‘lim jazosi bekor qilingan. Bu borada yurtimizdagi huquqiy o‘zgarishlar esa demokratik islohotlar va insonparvarlik yo‘lida sobit ekanimizning yaqqol ifodasidir.
Inomjon QUDRATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati