Taqdimotda bu yil mamlakatimizda amalga oshirilayotgan loyihalar va yaqin kelajakdagi rejalar haqida axborot berildi. Ulardan asosiy maqsad generatsiya, modernizatsiya va energiya samaradorligini taʼminlashdir.
Xususan, respublika boʻylab yil yakunigacha 12 ta quyosh va 4 ta shamol elektr stansiyasi, 12 ta energiya saqlash tizimi ishga tushirilishi qayd etildi. Ularga jami 5 milliard dollardan ziyod investitsiya sarflanib, salkam 9 milliard kilovatt-soat quvvatga ega boʻlishi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan energiyani tejash va undan oqilona foydalanish, ayniqsa, yirik sanoat korxonalarida energiya samarador uskunalarni oʻrnatish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda elektr isteʼmoli yuqori 18 ta tarmoqni oʻzini oʻzi energiya bilan taʼminlaydigan tizimga oʻtkazish chora-tadbirlari muhokama qilinib, ijtimoiy muassasalarda quyosh energiyasidan foydalanish borasidagi ishlar haqida ham axborot berildi.
Mazkur yigʻilishda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga ham kechiktirib boʻlmas bir qator vazifalar belgilab berildi.
Bugungi kunda kombinat yiliga 3 mlrd kVt.soat elektr energiyasini isteʼmol qiladi. 2030-yilga borib, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirilishini hisobga olgan holda, bu koʻrsatkich 7,6 milliard kVt.soatga yetadi.
Bu oʻsish qaysi manbalar hisobidan qoplanadi? Prezidentimiz 2026-yilga borib “yashil” energetika hisobiga energiya isteʼmolining qancha qismi taʼminlanishini tahliliy tarzda hisob-kitob qilish boʻyicha topshiriq berdi.
Ushbu maqsadlarda kombinatda 12 ta korxonaning energoauditi yakunlandi va 5 tasida jadal olib borilmoqda. Bunda energoaudit chora-tadbirlari evaziga yiliga 100 mln kVt.soat elektr energiyasini tejab qolish imkoniyati aniqlandi.
Bundan tashqari, Ohangaron tumanida 150 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVt quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimini qurish loyihasi amalga oshiriladi. Prezidentimiz ushbu loyihani jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Oʻzbekiston geografik joylashuvi boʻyicha quyosh nurlanishining yuqori darajasiga ega. Yurtimiz 300 kundan ortiq quyoshli kunlarga ega boʻlib, bu quyosh energiyasini samarali ishlatish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi. Iqtisodiyot rivojlanayotgani va aholi soni ortishi bilan energiyaga boʻlgan talab ham oshib bormoqda. Shuning uchun, anʼanaviy energiya manbalari bilan birga, quyosh energiyasini kengroq jalb qilish zarur. Quyosh energiyasi toza va atrof-muhitga zararsiz energiya manbai boʻlib, Oʻzbekistonda ekologiyani yaxshilash va parnik gazlarining ajralib chiqishini kamaytirishda muhim rol oʻynaydi.
Ishlab chiqarish tannarxini tushirish, maʼnan eskirgan texnologik uskunalarni energiya tejamkor zamonaviylariga almashtirish, texnologik ishlab chiqarish jarayoniga yashil energetikani joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan koʻproq foydalanish, ayniqsa, quyosh foto elektr stansiyalarini oʻrnatish ishlarini yanada oshirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Bevosita raqamlarga qaraydigan boʻlsak, kombinatimizda 2025-yilda yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash boʻyicha bir qator vazifalar belgilab olingan edi. Jumladan, bu yil energiya tejash chora-tadbirlari amalga oshirilishi natijasida 140,7 mln kVt.soat elektr energiyasi tejaladi.
Joriy yilning yanvar may holatiga ishlab chiqarish jarayonini optimallashtirish hisobiga 17 mln kVt.soat, ishlab chiqarish texnologiyasini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish evaziga 21 mln kVt.soat elektr energiyasi iqtisod qilindi. Bunda chastota rostlash qurilmalari orqali boshqarish, maʼdan tashishda transport-logistika sxemalarini va qurilmalarini oʻzgartirish orqali elektr energiya isteʼmolini kamaytirish, energiya tejamkor nasos agregatlarini oʻrnatish kabi chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shuningdek, EKG-15 rusumli ekskavatorlarning uskunalarini yangilash va taʼminot sxemalarini oʻzgartirish hisobiga rejasiz toʻxtash holatlari kamaytirildi.
Mis eritish zavodida 7 ta tejamkor kompressor almashtirilishi hisobiga yiliga 2 mln kVt.soat elektr energiyasi iqtisod qilinmoqda.
Kombinat boʻyicha 2025-2030-yillarda elektr energiyasiga boʻlgan talab va uni qoplash manbalarini tahlil etadigan boʻlsak, 2026-yilda 4,3 mlrd kVt.soat, 2030-yilda 7,6 mlrd kVt.soat elektr energiyasi isteʼmoli koʻzda tutilgan. Bunda Pop, Xonobod, Ohangaron va Boʻka quyosh fotoelektr stansiyalari hamda Shouksin va Forish shamol elektr stansiyalari ishga tushirilishi evaziga 2025-yilda 1,2 mlrd kVt.soat, 2030-yilda 7,6 mlrd kVt.soat “yashil” energiya isteʼmol qilinadi.
Shuningdek, kombinatning obyektlarida oʻrnatilgan jami 9 MVt quvvatli quyosh panellari orqali yiliga 10 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Yangi qurilayotgan 2-mis eritish zavodida bugʻ turbinasi oʻrnatilishi hisobiga qoʻshimcha 64 mln kVt.soat energiya olinadi.
“Yashil” energetikaga oʻtish borasida amalga oshiriladigan ishlar natijasida mahsulotlar ishlab chiqarish tannarxi ham tushib boradi. Asosiy mahsulotimiz boʻlgan mis katodi misolida olib qaraydigan boʻlsak, 2025-yilda 1 tonna mis katodini ishlab chiqarish tannarxi 4 ming AQSH dollarini tashkil etsa, 2026-yilda 3,5 ming AQSH dollari, 2028-yilda 3,1 ming AQSH dollarini, 2030-yilda esa 2,7 ming AQSH dollarini tashkil etishi prognoz qilinmoqda.
Yana bir qiziq solishtirma maʼlumot bilan boʻlishmoqchiman. Yashil energetikaga oʻtishimiz natijasida konlarda maʼdan qazib olishda, Mis boyitish fabrikasida boyitishda hamda Mis eritish zavodida mis katodi ishlab chiqarish jarayonida elektr energiyasi sarfi yildan yilga kamayib borishini kuzatishimiz mumkin.
Mazkur sohada amalga oshirayotgan ishlarimiz bardavomlik kasb etib, ikkilamchi energiya resurslaridan elektr energiyasi ishlab chiqarish kengaytiriladi. Xususan, 10ta turbouzatmalar oʻrnatilishi evaziga sutkasiga 24 ming kVt.soat, yiliga 7,9 mln kVt.soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi. Shuningdek, 5 ta bugʻ generatori oʻrnatilib, yiliga 1,5 mln kVt.soat tejaladi.
Bundan tashqari, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishchi-xodimlarining xonadonlariga quyosh panellarini joriy qilish maqsadida alohida tizim yaratilmoqda. Bu tizim natijasida ishchi-xodimlarimizning xonadonlarida quyosh panellari oʻrnatiladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ushbu topshiriqlarni bajarish orqali xalqimiz farovonligini taʼminlashga, yashash sharoitini yaxshilashga erishamiz. Shu bois ham kombinat barcha kuch va resurslarni ishga solgan holda yashil energetikaga oʻtish ishlarini yanada jadallashtirish harakatida.
Abdulla Xursanov,
“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi
Hamkorlik materiali












