Kuni kecha “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda davra suhbati tashkil etildi.
Unda “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqoti natijalari, shuningdek, buguning dolzarb masalalari: yashil iqtisodiyotga oʻtish, ekologik barqarorlik, hududiy iqtisodiy rivojlanish, iqlim oʻzgarishi va uning oqibatlari kabi masalalar muhokamalar markazida boʻldi.
Davra suhbatida Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi Б.Алиханов tomonidan yashil iqtisodiyotga oʻtish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xalqaro va milliy darajada qabul qilingan strategiyalar va boshqa hujjatlar muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Shuningdek, maʼruzachi tabiiy resurslar cheklanganligini hisobga olib barcha tarmoq va sohalarda innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, qonun hujjatlarni ishlab chiqishda tabiiy resurslardan samarali foydalanish talablarini inobatga olish, atrof muhitni ifloslantirish darajasini pasaytirishning muhimligi toʻgʻrisida aholi xabardorligini oshirish, atrof muhit va tabiatdan samarali foydalanish jarayonlarini tashkil etishda jamoatchilikni keng jalb etish lozimligi qayd etib oʻtdi.
Davra suhbati yashil iqtisodiyotga oʻtish borasida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi chora-tadbirlarga ham toʻxtalib oʻtildi. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga asosan mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 2030-yilga qadar 25 ming MVt ga hamda jami isteʼmoldagi ulushini 40 foizga yetkazish, issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan 2010-yildagi darajadan 30 foizga qisqartirish kabi choralar koʻzda tutilganligi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Davra suhbati soʻnggida Jahon banki ekspertlari tomonidan iqlim oʻzgarishi va ekologik omillarning aholi farovonligi va salomatligiga taʼsiri boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqot natijalari taqdim etildi.
Oʻz vaqtida iqlim oʻzgarishining oldini olish va uning salbiy oqibatlarini yumshatish, iqlim oʻzgarishiga moslashish choralari koʻrilmasa, bu milliy iqtisodiyotga jiddiy taʼsir etishi mumkinligi qayd etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Iqlim oʻzgarishiga moslashish va mamlakatning yashil iqtisodiyotga oʻtish jarayonini tezlashtirish, turli sohalarda suv va energiya resurslarini tejash, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish boʻyicha tezkor chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish lozim degan xulosaga kelindi.