Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva videokonferensaloqa orqali xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari raislari hamda kotibiyatlari mudirlari bilan uchrashdi.

Unda bir qator muhim masalalar muhokama qilindi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshiriladigan ishlar ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, mahalliy byudjetni shakllantirish, shuningdek, “Tashabbusli byudjet” natijalari boʻyicha gʻolib deb topilgan loyihalar ijrosi ustidan nazorat oʻrnatish hamda ijtimoiy daftarlar bilan ishlash masalalari shular jumlasidandir.

Dastlab Senat Raisi barchaning eʼtiborini ekologik barqarorlikka yetkazilayotgan zarar, koʻkalamzorlashtirish, oʻsimlik dunyosini asrash, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish, yashil maydonlarni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar, ularni bartaraf etishda mahalliy Kengashlar va keng jamoatchilik vakillarining tutgan oʻrniga qaratdi.

Taʼkidlanganidek, bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari qabul qilingan. Mazkur farmonlar bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi tatbiq etilib, daraxtlarni kesish boʻyicha moratoriy talablarini buzganlik uchun maʼmuriy jarimalar miqdori besh baravarga, daraxtlarni noqonuniy kesish va shikastlantirish bilan oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undiriladigan mablagʻ miqdori ikki baravarga oshirildi.

Shunday boʻlsa-da, ayrim hududlarda ishlar sifatli bajarilmay kelmoqda. Xususan, “Yashil makon” umummilliy aksiyasi doirasida shu yil bahorda daraxt koʻchatlarini ekish ishlarida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.

Jumladan, daraxt ekish ishlarini tizimli tashkil etmasdan, sugʻorish va parvarishlash uchun tegishli masʼullar biriktirilmagan. Haqiqatda ekilmagan 6,2 mln dona koʻchat hisobotlarga qoʻshib yozilgan, 3,4 mln dona koʻchat sugʻorish tizimi boʻlmagan joylarga ekilgan. 2,4 mln dona koʻchat suvsizlik va yetarli parvarish boʻlmaganligi sababli bahor tugamasdan qurib nobud boʻlgan. Yerning tabiiy iqlim xususiyatlarini inobatga olmagan holda 341 ming dona koʻchat yaroqsiz yerlarga ekilgan.

Oʻz navbatida, Senat Raisi bu boradagi kamchiliklar va muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olish maqsadida mahalliy Kengashlar oldiga qator vazifalarni belgilab berdi.

Shundan soʻng “Tashabbusli byudjet” loyihasi natijalari muhokama qilindi.

Bu borada Senat Raisi “Tashabbusli byudjet” loyihasi oʻz natijalarini berayotganiga toʻxtaldi. Xususan, joriy yil ikkinchi yarmida ushbu loyihada 9 201 ta yoki 98 foiz mahalla ishtirok etgan. Ovoz berish yakunlariga koʻra, 1 221 ta mahalladagi 1 418 ta loyiha gʻolib deb topilib, ular uchun jami 1 trln soʻm mablagʻ oʻtkazib berilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 342 ta mahalladagi 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib boʻlmagan 364 ta loyiha uchun qoʻshimcha 335 mlrd soʻm ajratiladigan boʻldi.

Shu oʻrinda T.Narbayeva “Tashabbusli byudjet” loyihasida odamlar qanchadan-qancha muammoli masalalarni koʻtarib chiqayotgani, mahalliy byudjetni shakllantirish jarayonida mahalliy Kengashlar deputatlari yetarlicha faol boʻlmayotganiga toʻxtaldi. Real holatdan kelib chiqib, Senat Raisi mahalliy Kengashlar oldiga bir qator aniq vazifalarni belgiladi.

Mahalliy Kengash deputatlari “Tashabbusli byudjet” boʻyicha gʻolib deb topilgan loyihalar ijrosini nazorat qilishi, kelgusi yil byudjetini shakllantirish jarayonlarida faol ishtirok etishi, mahallalardagi muammolarni aniqlash va hal etish boʻyicha mahalla raislari, ayniqsa, hokim yordamchilari imkoniyatidan unumli foydalanishi kerakligi shular jumlasidandir.

Shuningdek, uchrashuvda ijtimoiy daftarlar (“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”) bilan ishlash masalasida mahalliy Kengashlarning tutgan oʻrni muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, bu borada ijtimoiy daftarlarga kiritish ham, ulardan chiqarish ham mahalliy Kengashlar qarori asosida amalga oshiriladi. Deputat oʻz hududidagi ushbu daftarlarga kiritilgan xotin-qizlarning muammolari toʻliq bartaraf etilishi ustidan deputatlik nazoratini olib borishi lozimligi belgilangan.

Ammo joylardagi oʻrganishlar jarayonida bu boradagi ishlarni tashkil etishda deputatlarning oʻrni deyarli sezilmayotganligi kuzatilmoqda. Afsuski, ijtimoiy daftarlarni shakllantirishda yoki ularga kiritilganlar muammolarini hal etishda mahalliy Kengashlar faqat roʻyxatni tasdiqlab beruvchi organga aylanib qolgan.

Oʻz navbatida, Senat Raisi bu kabi holatlarga chek qoʻyish, muammolarni bartaraf etish va kelgusida yuz berishi mumkin boʻlgan bunday holatlarga loqayd boʻlmaslikka chaqirdi hamda qator tavsiya va aniq vazifalarni belgilab berdi.

Muloqot soʻnggida deputatlik odobi masalasi ham muhokama qilinib, har bir deputat “xalq vakili” nomini oqlashi, xalqning ishonchini qozonishi zarur ekanligi aytib oʻtildi.