Prezidentimiz raisligida 27 yanvar kuni oʻtkazilgan Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash boʻyicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishida masʼul idoralar uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyot boʻyicha jilovni qoʻlga olishi shartligi qayd etib oʻtildi. Ogʻir jinoyatlar qatorida yashirin iqtisodiyotning sanab oʻtilishi bejiz emas. Boisi, ushbu jinoyatlarning urchishiga ayni shu illat zamin yaratadi. Uning davlat va jamiyat taraqqiyotiga yetkazadigan iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy zarari bundan ham haybatliroq.
Albatta, yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan bu holatlarni yaxshilashning keng qamrovli, taʼsirchan yoʻl-yoʻriqlari, usullari koʻrsatib oʻtildi, bu boʻyicha zarur vazifalar belgilandi. Shubhasizki, ayni ushbu illat — yashirin iqtisodiyot bilan kurashishning eng taʼsirchan yoʻllaridan biri kuchli jamoatchilik nazoratidir. Shu bois, quyida bu tushunchaning mohiyati, uning qanday holatlarda xalqimiz hayoti sifatiga zarar yetkazishi, bu illat ortidan yana qanday muammolar boʻy choʻzishi haqida fikr yuritamiz.
Yashirin iqtisodiyot ishtirokchilar oʻrtasida oshkora amalga oshirilmaydigan, davlat va jamiyat nazoratidan tashqari, soliqlar toʻlanmaydigan, davlat statistika organlarida koʻrinmaydigan xufiya iqtisodiy faoliyat turidir. U koʻpincha mol-mulk oldi-sotdi amaliyoti, norasmiy ishlash, xizmatlarga pul toʻlash jarayonlarida namoyon boʻladi.
Bu illatning koʻlami, davlat iqtisodiyotidagi ulushini aniq raqamlarda ifodalash mushkul. Uni asosiy qismi suv ostiga yashiringan muztoqqa qiyoslasa boʻladi. Ammo uning taraqqiyotga zararini aniq misollarda keltirish mumkin. Bunga doir raqamlar salmogʻi katta. Shu bois, taraqqiyot yoʻlini tutgan davlatlar muntazam iqtisodiyotdagi yashirin faoliyat ulushini kamaytirish choralarini koʻradi. Bunday qilmasa, mamlakat iqtisodiyoti halokatga uchragan kema kabi suv ostiga gʻarq boʻladi. Chunki u oʻz ortidan taraqqiyot ildiziga bolta uruvchi korrupsiya, qogʻozbozlik, firibgarlik, noteng raqobat muhiti kabi qator illatlarni yetaklab keladi. Xalq farovonligi, davlat va jamiyat taraqqiyotining asoslariga putur yetkazadi.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda dunyo boʻyicha yashirin iqtisodiyot hajmi 12 trillion dollar atrofida. Bu borada yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori foiz koʻrsatkich ayrim davlatlarda 64,5 foizga yetadi. Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Singapur, Vengriya esa eng kam yashirin iqtisodiyotga ega davlatlar sifatida eʼtirof etiladi.
Ular bu natijaga turli yoʻllar bilan erishgan. Masalan, arab mamlakatlari eng zamonaviy texnologiyalar orqali qattiq nazorat tizimini yaratgan boʻlsa, Singapur raqamli iqtisodiyot, tuzilmali bozor orqali bu masalani hal qilgan.
Xoʻsh, Oʻzbekiston bu borada qanday yangicha mexanizm, tashabbus va loyihalarni ilgari surmoqda? Ularning samarasi real hayotda qay darajada namoyon boʻlayotir?
Bunda sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish, qogʻozbozlikni kamaytirish, oqilona soliq siyosati yuritish, jumladan, turli imtiyoz va ragʻbatlantirishlarni hayotga tatbiq etish va soliq yukini kamaytirish orqali norasmiy faoliyat yurituvchilarni rasmiy ish faoliyatiga oʻtkazish amaliyoti olib borilmoqda. Shu yoʻnalishda hayotga tatbiq etilgan yangi tashabbus va loyihalar natijasida yashirin iqtisodiyot ulushi 2019-yildagi 45-50 foizdan 2025-yilda 35 foizgacha tushdi.
Albatta, qisqa fursatda yaxshi natijaga erishilgan. Ammo bundan ham samarador usullardan foydalanish bugungi kun davr talabi. Xususan, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida “natijaga yoʻnaltirilgan byudjetlashtirish” amaliyotiga oʻtish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali soliq bazasini qoʻshimcha kengaytirish imkoniyatidan foydalanish vazifalari belgilangan. Bu borada ortga qaytmas islohotlar jadal kechmoqda.
Ayniqsa, oʻtgan yillarda joriy etilgan oʻzini oʻzi band qilish tizimi koʻplab kichik biznes va xususiy tadbirkorlar, turli hunar egalari faoliyatini soyadagi iqtisodiyotdan real iqtisodiyotga olib chiqdi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda oʻzini oʻzi band qilgan 6 millionga yaqin shaxs mavjud. Shuningdek, tadbirkorlar va fuqarolarga turli imtiyoz va ragʻbat berish orqali ularning yashirin iqtisodiyot ishtirokchisi boʻlib qolishining oldi olinmoqda. Xususan, kichik va oʻrta biznes vakillaridan bir foizli daromad soligʻi undirilishi ham ularning faoliyatini rasmiy oʻzanga solishga zamin yaratmoqda.
Muhim va samarador uslublardan yana biri aholini elektron toʻlov tizimlaridan faol foydalanishga jalb etishdir. Chunki har qanday elektron oldi-sotdi amaliyotlaridan, albatta, iz qoladi. Bu zamonaviy mexanizmning hayotga tatbiq etilishi iqtisodiyotda yashirin faoliyat ulushi kamayishiga olib keladi. Bunga turli sohalardagi islohotlar natijasida guvoh boʻlyapmiz.
Masalan, Toshkent shahrida jamoat transporti toʻliq avtomatlashgan toʻlovga oʻtkazilgani natijasida aslida yoʻlovchilar soni 30 foiz koʻp ekani koʻrindi. Raqamlashtirilgan dehqon va buyum bozorlarida tushum 2-3 karra oshdi. Real natijalar elektron toʻlov tizimini boshqa sohalarda ham ommalashtirish, sodda shaklga oʻtkazib, yanada qulaylashtirishni taqozo etadi. Muhimi, bu borada yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Prezidentimizning 2025-yil 10-dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bu yoʻnalishdagi ishlar rivojini yangi bosqichga olib chiqadi. Hujjatda yalpi ichki mahsulotga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 1,3 baravar qisqartirish, savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida aholi tomonidan toʻlovlarni naqd pulsiz amalga oshirish ulushini 75 foizga, iqtisodiyotning rasmiy sektorida band aholining jami iqtisodiy faol aholiga nisbatan ulushini 64 foizga yetkazish, Iqtisodiy erkinlik indeksi va Korrupsiyani idrok qilish indeksida Oʻzbekistonning oʻrni kamida 30 pogʻonaga koʻtarilishiga erishish kabi vazifalar 2030-yilga qadar yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilangan.
Lekin keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu hujjatga asosan yoʻlga qoʻyiladigan yangi tashabbuslar faqatgina soliq tushumlarini koʻpaytirishdan iborat degan turlicha talqinlar uchramoqda. Buning asosiy sababi yangi loyihalar mazmuniga toʻliq kirib borilmagani hamda yashirin iqtisodiyotning davlat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsiri koʻlamini koʻpchiligimiz toʻliq anglab yetmaganimizdir.
Halol raqobat boʻlsa...
Ijtimoiy himoya kushandasi. Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekani mustahkamlandi. Bu islohotlar markazida inson manfaatlari turadi, davlat byudjetining katta qismi ijtimoiy sohalarga yoʻnaltiriladi degani. Shunga mos ravishda 2026-yilgi davlat byudjeti xarajatlarining 50 foizidan ortigʻi ijtimoiy sohaga qaratilgan. Jumladan, taʼlim xarajatlari ulushi 25,5 foiz, sogʻliqni saqlashga ajratiladigan mablagʻ esa 12 foiz oshishi rejalashtirilgan.
Yashirin iqtisodiyot davlat byudjetida oʻz ifodasini topmasligi hisobiga davlatning ijtimoiy himoya qobiliyatini susaytiradi. Bu kam taʼminlangan oilalar, yoshlar, mehnatga layoqatsiz fuqarolarga toʻgʻridan toʻgʻri zarar yetkazadi.
Yomonliklar “onasi”. Yashirin iqtisodiyot, birinchi navbatda, korrupsiya, tanish-bilishchilik illatlarini kuchaytiradi. Shuning uchun iqtisodiyotda bu illat ulushini kamaytirish korrupsiyaga qarshi kurashning asosiy talablaridan biri.
Prezidentimiz oʻtgan yili 10-dekabrda korrupsiyaga qarshi kurashish, komplayens nazoratini takomillashtirish va raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi. Unda korrupsiyaga qarshi kurashishning yangi mexanizmlarini hayotga tatbiq etish boʻyicha taʼsirli tashabbuslar ilgari surildi. Bu, oʻz navbatida, sohalardagi yashirin iqtisodiyotni ham kamaytiradi.
Yana bir jihat — moliyaviy firibgarliklarning tegirmoniga ham aynan shu unsur suv quyib turadi. Bundan tashqari, kontrabanda mahsulotlar yoki sotishi taqiqlangan, cheklangan narkotik, psixotrop moddalar hamda sifatsiz mahsulotlarning ichki bozorga chiqarilishiga yoʻl ochib berayotgan illatlardan biri ham yashirin iqtisodiyotdir.
Sogʻlom raqobat muhiti muvozanati buzilishi. Yashirin iqtisodiyot mamlakatdagi sogʻlom raqobat muhitini muvozanatdan chiqaradi. Ayrim tadbirkorlar norasmiy faoliyat yuritish orqali soliqlardan qochishga urinadi. Ular aslida soliq sifatida toʻlanishi zarur boʻlgan daromadni ham oʻzining foydasi sifatida koʻradi. Demak, qingʻir yoʻldan borayotgan “uddaburon” qonuniy faoliyat yuritayotgan tadbirkordan koʻra koʻproq daromad topadi. Shu orqali u raqobatda halol tadbirkorga nisbatan ustunlikka ham ega boʻlmoqda.
Bundan tashqari, soliq toʻlamaslik uchun daromadning muayyan qismi pora yoki boshqa norasmiy mablagʻ koʻrinishida sarflanadi. Bu pul aylanmasiga zarar keltirib, aholining isteʼmol qobiliyati pasayishiga olib keladi. Shu bois, raqobat muhiti bor joyda taraqqiyot va oldinga siljish boʻladi.
Ishchilar huquqi xavf ostida qolishi. Yashirin iqtisodiyotning yana bir koʻrinishi aholining norasmiy ravishda band boʻlishidir. Bunday holatlar ishchilar uchun doim zarar keltiradi. Masalan, rasmiy ravishda ishlamay, ish haqini qoʻldan oluvchi ishchilar koʻp hollarda aldanishi, ortiqcha mehnatga jalb qilinishi, sugʻurta va pensiya pullaridan quruq qolishi hech gapmas. Yuqorida qayd etganimizdek, bu borada oʻzini oʻzi band qilish tizimi koʻpchilikning joniga oro kirdi.
Inflyatsiyani kuchaytiradi. Yashirin iqtisodiyot pul aylanmasi barqarorligini buzib, inflyatsiyani kuchaytiradi, milliy valyuta qadrsizlanishiga omil boʻladi. Natijada iqtisodiy barqarorlik yoʻqoladi. Bu aholining kelajakka ishonchini susaytiradi.
Xulosa qilib aytganda, yashirin iqtisodiyotning jamiyatga taʼsiri kundalik hayotimizda sezilmaydigandek koʻrinadi. Ammo uning kuchayishi koʻplab iqtisodiy muammolarni keltirib chiqaradi.
Elektron toʻlovlar uchun yagona QR-kod: ham vaqtingiz, ham naqdingiz tejaladi
Prezidentimizning yuqoridagi farmoniga muvofiq, joriy 2026-yildan boshlab elektron toʻlov tizimini ommalashtirish orqali yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, urchishining oldini olish uchun nazoratni yanada kuchaytirish tartiblari belgilandi.
Hujjatga binoan, 2026-yil 1-yanvardan barcha savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi yuridik shaxslar tomonidan banklarda generatsiya qilingan yagona QR-kod orqali elektron toʻlovlarni qabul qilish yoʻlga qoʻyildi. Shu yilning 1-iyulidan agar tadbirkorlik subyektlari yagona QR-kodlardan foydalanmasa, savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi. Ushbu tartib isteʼmolchilarga yanada qulaylik yaratadi.
Bundan tashqari, ularning huquqlari himoyasini sezilarli mustahkamlaydi. Masalan, keyingi yildan biror savdo shoxobchasiga borganingizda sotuvchilar sizga terminalimiz ishlamayapti degan bahonani ayta olmaydi. Yoki bizda faqat “Payme” “Click” ilovasi ishlaydi deb ortiqcha ovora qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Yo boʻlmasa, tijoratchilar plastik kartasiga xaridingizdan tashqari oʻtkazma uchun yana bir foiz pul sarflashingizga hojat qolmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, bu xaridorlarning ham naqdi, ham vaqti tejalishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, olgan mahsulotingiz sifatsiz yoki amal qilish muddati oʻtib ketganini bilib qolsangiz, isteʼmolchilar huquqini himoya qilish tashkilotlariga asosli murojaat qila olishingiz mumkin.
2026-yil 1-apreldan ayrim mahsulotlar hamda xizmatlar savdosi faqatgina elektron toʻlov tizimiga oʻtkazilmoqda. Bu qator illatlarning ijtimoiy hayotimizda urchishiga toʻsqinlik qiladi. Masalan, davlat organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning barchasi elektron shaklga oʻtkaziladi. Shuningdek, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvdan foydalanganlik uchun toʻlovlar elektron amalga oshiriladi. Bu davlat xizmatchilarining fuqarolardan qoʻshimcha mablagʻ undirishining oldini oladi, korrupsion holatlar kamayishiga xizmat qiladi.
Alkogol, tamaki mahsulotlari savdosi faqat elektron shaklda boʻladi. Bu amaliyot voyaga yetmagan shaxslar sogʻliq uchun zararli mahsulotlarni yashirincha sotib olishini cheklaydi. Elektron toʻlov hisobotiga koʻzi tushgan ota-onalar farzandini bu illatdan olisroqda tutishga urinadi. Bu tartib ichki bozorda kontrabanda va sifat nazoratidan oʻtmagan mahsulotlar koʻpayishining oldini oladi. Aksiz soligʻi toʻlamasdan tujjorlik qilayotganlar endi qonunni chetlab oʻtolmaydi.
Shuningdek, transportlarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni quvvatlash boʻyicha xizmatlar toʻlovi ham faqatgina elektron shaklda boʻladi. Keyingi yillarda mamlakatimizda kuz-qish mavsumida yoqilgʻi quyish shoxobchalarida turli cheklov va talablar joriy etilmoqda. Bu talablar, albatta, aholini bir xil darajada energetika resurslari bilan taʼminlash, yaʼni adolatli taqsimot uchun muhim. Ammo ayrim hollarda bu talablarning buzilishi koʻzga tashlanyapti. Elektron toʻlov tizimi esa bunday holatlarga barham beradi.
Qiymati 25 million soʻmdan oshadigan tovar va xizmatlar faqat elektron toʻlov orqali amalga oshiriladi. Xususan, koʻchmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish toʻliq elektron shaklga oʻtkazilmoqda.
Asorati ogʻir boʻlgan firibgarlik holatlarining eng koʻpi uy-joy va mashina savdosida uchraydi. Koʻp insonlar yolgʻonga ishonib, yillab jamgʻargan pulini firibgarlar qoʻliga berib qoʻymoqda. Yangi tizim esa bunday holatlarning qisman oldini oladi. Farmonning mana shu qismi koʻpchilikni xavotirga solmoqda. Ular ehtiyoj uchun oʻz mulkini sotayotganlar soliqdan jabr koʻrmaydimi deyishmoqda. Ammo Soliq kodeksiga koʻra, barcha ham bunday holatda soliq toʻlash majburiyatini olmaydi. Bunda koʻproq uy-joy va mashina oldi-sotdisi bilan shugʻullanuvchilar boshqa kasb egalari kabi daromad soligʻini toʻlaydi.
Bir soʻz bilan aytganda, elektron toʻlov tizimini ommalashtirish, aholiga qulaylik yaratish bilan birga uning huquqlarini ham mustahkamlaydi. Xufiya faoliyatning oldini oladi va xalq farovonligi, davlat taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Naqdsiz toʻlovlar hajmi 75 foizga yetkaziladi
Ushbu yangi mexanizmlar va belgilangan qatʼiy nazorat orqali qator natijalarga erishish kutilmoqda. Xususan, 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulotga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 1,3 baravar qisqartirish hamda savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida aholi tomonidan toʻlovlarni naqd pulsiz amalga oshirish ulushini 75 foizga yetkazish koʻzda tutilgan. Iqtisodiyotning rasmiy sektorida band aholining jami iqtisodiy faol aholiga nisbatan ulushini 64 foizga koʻtarish ham pirovard maqsadlardan biri.
Shu bois, sohalardagi yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish choralari natijasini doimiy ravishda kuzatib borish masʼullarning asosiy vazifalaridan bir sifatida belgilandi.
Umuman olganda, yashirin iqtisodiyot qisqarishi davlat va jamiyat rivoji, xalq farovonligiga katta foyda keltiradi. Yana bir muhim jihat, yashirin iqtisodiyot boʻlmasa, bozor aylanmasi muvozanati barqarorlashadi. Barchaga birdek foyda keltirib, kelajakka ishonchimizni orttiradi. Shu maʼnoda, yangi Oʻzbekistonni barpo etishda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash hammamizning birdek vazifamizdir.
* * *
Bozor aylanmasi barqarorligining barchaga foydali ekanini quyidagi hikoyadan ham anglasa boʻladi.
Qarz
Kichkina shaharchaga bir sayyoh keldi va kichkinagina mehmonxonaga kirdi. Mehmonxona egasiga 100 dollar garov puli qoldirdi va xonalar bilan tanishishga kirishib ketdi. Mehmonxona egasi qoʻliga tushgan naqd puldan zudlik bilan foydalanishga ahd qildi. U yugurib borib qassobdan qarzini uzish uchun 100 dollarni uzatdi.
Qassob ham tezda borib fermerdan qarzini uzdi. Fermer traktorini tuzatib bergan ustadan qarzini uzolmay xunob boʻlib oʻtirgandi. Shaxdam qadamlar bilan ustaga pulni uzatdi. Usta oziq-ovqat olaverib, doʻkonchidan 100 dollar qarz boʻlib qolgani esiga tushdi va doʻkonchining oldida yuzi yorugʻ boʻldi.
Doʻkonchi anchadan beri doʻkonini tozalab yurgan farroshning oyligini berolmayotgandi. 100 dollarni olgan farrosh ijara pulini toʻlash uchun mehmonxonaga yugurdi va xoʻjayinga pulni uzatdi. Xoʻjayin pulni olgan paytda yuqori qavatdan sayyoh tushdi va bu xonalar unga toʻgʻri kelmasligini aytib, pulini qaytarib olib, joʻnavordi. Hech kim hech narsaga ega boʻlmagan boʻlsa-da, butun shaharcha qarzlaridan qutulgan va kelajakka ishonch bilan qarayotgan edi...
Sanjar ESHMURODOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri