Yo'qolgan plastik kartadan echib olingan pullarni qaytarsa bo'ladimi?

    Moliya 25 Iyun 2020 2378

    Markaziy bank plastik kartani yo'qotganda nimalar qilish kerakligi haqida to'liq ma'lumot berdi.

    O'zbekiston Respublikasining “To'lovlar va to'lov tizimlari to'g'risida”gi Qonuniga muvofiq:

    • bank kartalarini chiqarish va ulardan foydalanish bank kartasining emitenti hamda bank kartasini saqlovchi o'rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilishi, bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchi bilan shartnoma tuzilguniga qadar bank kartasi saqlovchisini bank kartasidan foydalanish chog'idagi xavfsizlik shartlari va choralari, e'tirozlarni berish usullari va ularni ko'rib chiqish tartibi to'g'risida xabardor qilishi shart ekanligi qayd etilgan;
    • bank kartasining yo'qolganligi yoki undan ruxsatsiz foydalanilganligi fakti aniqlanganda, bank kartasini saqlovchi bank kartasining emitentini bu haqda xabardor qiladi. Bank kartasining emitenti bank kartasi yo'qolganligi yoki bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi to'g'risida xabardor qilinmagan taqdirda, barcha tavakkalchiliklar bank kartasini saqlovchining zimmasida bo'lishi belgilangan;
    • bank kartasining emitenti bank kartasi yo'qolganligi yoki bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi to'g'risida xabarnoma olinganidan keyin bank kartasini darhol blokirovka qiladi. Bank kartasining emitenti bank kartasi yo'qolganligi va (yoki) bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi to'g'risida xabarnoma olinganidan keyin bank kartasidan ruxsatsiz foydalanganlik uchun javobgar bo'ladi.

    SHu bilan birga, “Banklar tomonidan bank kartalarini chiqarish va ularni O'zbekiston Respublikasida muomalada bo'lishi tartibi to'g'risida”gi nizomga ko'ra, PIN-kod – bank kartasi egasining shaxsiy identifikatsiya raqami bo'lib, u karta hisobvarag'idagi pul mablag'larini boshqarish huquqini hamda mablag'larni boshqarishga bank kartasining egasi tomonidan ruxsat berilganligini tasdiqlashi bayon etilgan.

    O'z navbatida, bugungi kunda mijozlar bank kartasini blokirovka qilish bo'yicha bevosita bankka (veb-sayt yoki koll-markaz orqali) murojaat qilishi yohud banklarning mobil` ilovalaridan foydalangan holda, kartani blokka qo'yish imkoniyati mavjud.

    Savolda ko'tarilgan masala yuzasidan, yo'qotilgan kartani begona shaxslar tomonidan foydalanish holati yuzaga kelgan taqdirda (bankka xabar berilmaganda yoki foydalanuvchining o'zi blokirovka qilmaganda), bu haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda tezkor xabar berilishi kerak.