Bugungi globallashuv va bilim iqtisodiyoti davrida inson kapitali davlat taraqqiyotining eng muhim mezoniga aylangan. Yangi texnologiyalar, tezkor axborot oqimlari, sunʼiy intellekt kabi jarayonlar ishlab chiqarish va iqtisodiyot qatorida taʼlim tizimining ham tubdan yangilanishini talab etmoqda. Shunday sharoitda har qanday mamlakatning ertangi kuni bugun qanday taʼlim konsepsiyasini tanlashi, qaysi qadriyatlarni yoshlar ongiga singdirishi bilan belgilanadi. Mamlakatimizda ham taʼlimning barcha boʻgʻinlari izchil rivojlantirilyapti. Yangi taʼlim maskanlari qurilmoqda va zamonaviy jihozlanib, yoshlarning bilim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Biroq bu uzluksiz jarayon. Iqtidorli bolalarga ixtisoslashgan bilim berish, yoshlarning qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash, kasbga yoʻnaltirish doimiy eʼtiborni talab etadi. Videoselektor kun tartibidan oʻrin olgan masalalar yurtimizda bu jarayonning davomiyligini, tizimli yondashuv aso­sida kechayotganini koʻrsatdi.

Jamiyatda oʻz oʻrnini topadigan, mustaqil fikr­laydigan, kasbiy koʻnikmalarga ega va eng muhimi, yuksak maʼnaviyatli shaxsni shakllantirishga bu­gungi kunning asosiy vazifasi sifatida qaralar ekan, taʼlim sohasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilanishi bejiz emasligi koʻri­nadi. Negaki taʼlim nafaqat bilim berish, balki yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalashdek ulkan masʼuliyatni ham zimmasiga oladi. Shu bois, maʼna­viy-tarbiyaviy ishlar taʼlimning ajralmas qismi­dir. Ammo hozirgi kungacha bu borada yagona yonda­shuv boʻlmaganini tan olish kerak.

Bu boʻshliqni toʻldirish uchun muhim tashabbus ilgari surilmoqda. Yaʼni bolalar bogʻchasidan tor­tib, oliy taʼlimgacha qamrab oladigan yagona mil­liy gʻoya konsepsiyasi ishlab chiqildi. Endi turli idoralar oʻzicha “tadbir” oʻtkazish bilan ovora boʻlmaydi. Bir butun konsepsiya asosida ishlangan namunaviy rejalar taʼlim muassasalariga yoʻlla­nadi, ularning ijrosi muntazam nazorat qilinadi.

Eng muhimi, bu tizim yoshlarni ortiqcha tad­birlarga jalb etmaydi. Aksincha, har bir tadbir mazmunli, saviyali va yoshlarning qiziqishiga mos boʻladi. Masalan, kimdir kitobxonlikka, kimdir sanʼatga, yana kimdir sportga qiziqsa, milliy gʻoya konsepsiyasi ularning har bir yoʻnalishdagi isteʼ­dodini qoʻllab-quvvatlashga qaratiladi. Bu orqali yoshlarning boʻsh vaqti ham mazmunli tashkil etila­di, taʼlim-tarbiya jarayoni esa yagona maqsad — bar­kamol inson tarbiyasiga yoʻnaltiriladi.

Eng koʻp yoʻqotishlarga olib keluvchi maydon

Boʻsh vaqt — taʼlim tizimida eng koʻp yoʻqotishlarga olib keladigan maydon. Bola kim boʻlib voya­ga yetishida darsdan keyingi muhit muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sabab markazdan tortib, maktabgacha boʻlgan boshqaruv zanjiri bitta maqsadga xizmat qiladigan, masʼuliyat va vazifalari aniq yagona ver­tikal tizim zarur edi.

“Barkamol avlod” bolalar maktabi, Respublika oʻquvchi yoshlar markazi hamda “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati negizida tashkil etilayot­gan “Kelajak” markazlari ayni shu gʻoyaning tayanchi boʻlib xizmat qilishi koʻzda tutilmoqda.

Yuqorida nomi qayd etilgan muassasa hamda jamiyatlar alohida-alohida ishlaganda kuch va resurslar taqdimotida noaniqliklar yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emasdi. Bir brend ostida birlashtirish esa dasturlarni yagona standartga keltirish, ustozlar malakasini tizimli oshirib borish, jihozlash ishlarini izchil yoʻlga qoʻyish, takrorlanayotgan toʻgaraklarni optimallashtirish demakdir. Har bir tumanda bitta markaz atrofida robototexni­ka, AT, sport, sanʼat, teatr, mediasavodxon­lik, debat, startap laboratoriyalari yoʻlga qoʻyilsa, isteʼdodlarni erta kashf etib, ularni qiziqishlari boʻyicha yoʻnaltirish mumkin.

Intizomga oʻrgatuvchi omillar

Bunday tizim yoshlar siyosatining profi­laktik chorasi hamdir. Zero, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil qilish, toʻgʻri yoʻnaltirish radikal gʻoyalar, koʻcha submada­niyati va zararli odatlarga qarshi eng kuchli vosita. Sport va sanʼat bolani intizomga oʻrgatadi, texnik yoʻnalishlar esa mehnat bozorida kerak boʻladigan koʻnikmalarni be­radi. Erta kasbga yoʻnaltirish migratsiya bo­simini kamaytiradi, mahalliy iqtisodiyotga mos kadrlar yetishtiradi.

Amaliy mexanizmlar ham aniq boʻlishi kerak: ixtiyoriylik tamoyili, qizlar ishti­rokini oshirish uchun xavfsiz muhit va kech­ki qatnov masalasi, nogironligi boʻlgan bolalar uchun moslashtirish, oʻqituvchilarga ortiqcha yuklama bermaslik, toʻgarak rah­barlariga qoʻshimcha haq va sertifikatlash tizimi shular jumlasidan. Raqamli plat­forma orqali roʻyxatdan oʻtish va jadvalni koʻrish qulay boʻlsa, qamrov oshadi. Mahalla, oliy taʼlim va biznes bilan hamkorlik esa amaliy loyihalarni koʻpaytiradi.

— Shu vaqtga qadar bogʻcha, maktab va oliy taʼlim oʻrtasidagi bogʻliqlikni taʼminlov­chi yaxlit tizim yoʻq edi. Shu nuqtayi nazardan, ularni bir-biriga bogʻlaydigan, biri ikkinchi­sini mantiqan davom ettiradigan yagona maʼna­viy-maʼrifiy ishlar rejasi yaratildi: oylarga nom berildi, uni amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqildi, — deydi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari Farhod Boqiyev. — Oʻzbekistonda milliy tarbiya modelini yaratish boʻyicha ham aniq vazifalar belgilab olindi. Xususan, joriy oʻquv yili oʻziga xos yangilik bi­lan boshlandi. Yaʼni barcha bogʻcha, maktab va oliy­gohlarda har dushanba “Kelajak soati” darslari oʻtilmoqda. Mazkur darslardagi har bitta mavzu videokontentlar bilan boyitilib, barcha uchun ochiq boʻlgan milliytarbiya.uz platformasiga joy­lashtirildi.

Umuman olganda, “Kelajak” markazlari va maktab maslahatchisi institutini joriy etish boʻsh vaqtni jamiyat kapitaliga aylantirish yoʻlidagi muhim strategik qadamdir. Mazkur tashabbus, shubhasiz, taʼlimning tarbiyaviy qismiga tayanch boʻladi, mamlakatning inson re­sursini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Besh kun ish, bir kun oʻqish

Soʻnggi yillarda maktabgacha taʼlim tizi­mida kechgan islohotlar katta natijalarni koʻrsatmoqda. Sohada keyingi 8 yilda bo­lajonlar uchun qoʻshimcha 2,5 million oʻrin yaratilib, koʻrsatkich 78 foizga yetgani davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida oʻzini oqlayotganini bildiradi. Shu bilan birga, jarayonning uzluksizligini taʼ­minlash maqsadida har yilgi demografik oʻz­garishlarga mutanosib ravishda yangi oʻrinlar ochish rejalashtirilmoqda. Bu esa aholining oʻsib borayotgan ehtiyojlarini qondirish, mak­tabgacha taʼlimni yanada kengaytirish va sifa­tini oshirishga xizmat qiladi. Yangi qurilayot­gan koʻp qavatli uylar tarkibida aholi soniga mutanosib bogʻcha barpo qilinishi ham navbat muammosini bartaraf etish, ota-onalarga qu­laylik yaratish hamda bolalarning maktabgacha taʼlimdan chetda qolmasligini taʼminlash uchun muhim choradir.

Infratuzilma kengayishi bilan birga tar­biyachilar malakasini oshirish masalasi ham dolzarb boʻlib turibdi. Bugungi kunda davlat bogʻchalarida tarbiyachilarning 38 foizi, xusu­siy bogʻchalarda esa atigi 24 foizi oliy maʼ­lumotli. Shu bois, yangi oʻquv yilidan boshlab “1+5” modeli — bir hafta davomida besh kun ishlash va bir kun oʻqish shaklidagi bakalav­riat dasturi joriy qilinmoqda. Bu tizim orqali har yili oliy maʼlumotli qariyb 10 ming tarbiyachi tayyorlanishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, bu yil bogʻcha oʻrinlarini 182 mingtaga koʻpaytirish rejalashtirilmoqda: 82 ming oʻrin yangi bogʻchalar hisobiga, qolgan 100 ming oʻrin esa mavjud muassasalarni taʼmir­lash va xususiy sektorni jalb qilish orqali yaratiladi. Qamrov darajasi 80 foizdan past boʻlgan tuman va shaharlarda esa xususiy sek­torning faol ishtiroki ragʻbatlantiriladi. Endi bogʻcha va maktablarning boʻsh maydonla­rida davlat-xususiy sherikligi asosida yangi maktabgacha taʼlim tashkilotlari barpo etish mumkin. Tadbirkorlarga yer maydonlari tekin ajratilishi, faoliyatni boshqa maqsadlarga oʻzgartirmaslik sharti bilan 7 yilgacha imtiyoz­li kredit berilishi ularga qoʻshimcha imkoniyat yaratadi, natijada maktabgacha taʼlim sohasi biznes uchun jozibador yoʻnalishga aylanadi. Bu esa yangi ish oʻrinlari ochish, hududlar kesi­mida qamrovni kengaytirish va sifatni oshi­rishga zamin yaratadi.

Kelgusi uch yilda 14 hududda “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻi yoʻl­ga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda. Ularning tarkibida Bolalarni rivojlantirish innova­sion markazlari faoliyat yuritadi. Ushbu mar­kazlar zamonaviy metodikalarni tatbiq etish, ijodkorlik va mantiqiy tafakkurni erta ri­vojlantirishga qaratiladi. Natijada oddiy bogʻcha modeli emas, balki kelajak jamiyatiga tayyorlovchi, innovatsion yondashuvlarga asoslangan muassasalar shakllanadi.

Qamrov kengayib bormoqda

— Bugungi kunda maktabgacha taʼlim tash­kilotlariga qamrov 78 foizni tashkil qila­yotgan boʻlsa, har yilgi demografik oʻsishlar 180 mingdan ziyod yangi oʻrin yaratishni talab etmoqda. Videoselektorda bu borada xususiy sektorni jalb qilish boʻyicha mexanizmlar xu­susida batafsil maʼlumot berildi, — deydi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi de­partament direktori Lola Berdiyeva. — Dav­lat-xususiy sheriklik loyihalariga koʻra, xu­susiy sherikka maktab yoki bogʻcha hududidan yer maydonlari toʻlov shartlarisiz ajratiladi va ularga oʻttiz yil muddatga maktabgacha taʼlim tashkiloti sifatida foydalanishga ruxsat beriladi. Bunga qoʻshimcha ravishda har bir bo­laga ketadigan xarajatlarning 50 foizi sub­sidiya shaklida toʻlab berilishi, shuningdek, bunday faoliyatni yoʻlga qoʻyish uchun imtiyozli kreditlar nazarda tutilgan. Muhim yangilik har bir hududda Prezident maktablari tajri­basi asosida yangi avlod bogʻchalari ochilishi boʻldi. Bu orqali biz bolalarning taʼlimning keyingi bosqichiga tayyorligi va ishtiyoqini oshirib boramiz.

Bogʻcha taʼlimida faqat joy va kadr emas, taʼlim mazmunining oʻzi ham zamon talabiga mos boʻlishi lozim. Ayni maqsadda hafta­lik tematik paketlar ishlab chiqish, bolalar kontentini “Milliy tarbiya” platformasiga joylashtirish va interaktiv vositalar bilan boyitish rejalashtirilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, qamrovni kengay­tirish, sifatni taʼminlash, xususiy sektorni jalb etish va innovatsion markazlar tashkil etish orqali maktabgacha taʼlim tizimini yangi bosqichga koʻtarish maqsad qilingan. Bu jarayon bolalarning erta yoshdan boshlab bilim, tar­biya va koʻnikmalarni egallashiga sharoit, ota-onalar uchun ijtimoiy qulayliklar yaratadi. Iqtisodiy jihatdan esa yangi imkoniyatlarni yuzaga chiqaradi. Shu tariqa maktabgacha taʼlim sohasidagi keng qamrovli islohotlar kelajak avlod tarbiyasi va mamlakat taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Maktab taʼlimi: imkoniyat va muammolar

Oxirgi uch yilda mamlakatimizda 201 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi. Bu iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va ularga chuqurlashtirilgan taʼlim berish uchun katta imkoniyat. Ammo 12 ta maktabda qurilish-taʼ­mirlash ishlari hanuz yakunlanmagan, bu esa hu­dudiy boshqaruvdagi sustkashlikni koʻrsatadi.

Maktabga qatnov ham muhim masalalar­dan. Uzoq hududlardagi 74 ming oʻquvchi 5-7 kilometr masofani bosib maktabga qatnashga majbur. Qashqadaryo va Surxondaryoda 100 ta maktabga bepul avtobus ajratilgani ijo­biy yechim sifatida baholanmoqda. Bunday amaliyot boshqa hududlarda ham joriy etili­shi kutilyapti.

Maktab taʼlimini mazmun jihatidan yan­gilash borasida sezilarli oʻzgarishlar kuza­tilmoqda. Oʻtgan yil 1-sinflarda informa­tika darslari yoʻlga qoʻyildi. Keyingi oʻquv yilidan esa yuqori sinflarda sunʼiy intel­lekt boʻyicha maxsus darslar kiritilishi re­jalashtirilgan. Buning uchun 2 ming sinfxo­nani kompyuter va interaktiv doskalar bilan jihozlash koʻzda tutilgan. Bu tashabbus faqat texnik taʼminot bilangina emas, balki oʻqi­tuvchilarni tayyorlash, metodik qoʻllanmalar ishlab chiqish va baholash tizimini takomil­lashtirish bilan birgalikda amalga oshirili­shi lozim.

Oʻqituvchilarning kasbiy salohiyati taʼlim sifatida hal qiluvchi omil boʻlib qolmoqda. Shu sababdan ularga metodik yordam beruvchi hududiy markazlar, mentorlik dasturlari va malaka oshirish kurslari yoʻlga qoʻyilishi za­rur. Shuningdek, oʻquv dasturlarini loyiha­viy ishlarga yoʻnaltirish, fanlararo integratsiyani kuchaytirish ham bugungi kunda dolzarb masala.

Maktablar oʻrtasidagi sifat farqi esa ijtimoiy tengsizlikni kuchaytiradi. Bu tafo­vutni kamaytirish uchun resurslarni adolatli taqsimlash, raqamli monitoring tizimini jo­riy etish va qamrov koʻrsatkichlarini real vaqt rejimida kuzatish muhim. Tezkor choralar si­fatida yakunlanmagan 12 ta maktab qurilishini tugatish, avtobuslar tarmogʻini kengaytirish, 2 ming sinfxonani jihozlash va informatika hamda sunʼiy intellekt kurslarini bosqich­ma-bosqich joriy etish belgilangan.

Zamonaviy dunyo tobora texnologik taraqqiyot yoʻliga chiqmoqda

Yigʻilishda davlatimiz rahbari iqti­sodiyot tarmoqlarining bugungi va ertangi talablari haqida soʻz yuritib, texnika hamda muhandislik yoʻnalishlarini rivojlanti­rish masalasiga alohida toʻxtaldi. Bu bejiz emas. Chunki zamonaviy dunyo tobora texno­logik taraqqiyot yoʻlidan borar ekan, yangi avlodning raqobatbardosh boʻlishi, mamla­katning sanoat salohiyati ham shunday mu­taxassislar tayyorlashga bevosita bogʻliq. Shu bois, mutasaddi idoralar tashabbusi bilan Ixtisoslashtirilgan taʼlim muas­sasalari agentligi tizimida 14 ta hududda muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Bu maktablarga oʻquvchilar imtihon asosida saralab olinadi va taʼlim jarayoni toʻliq davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiri­ladi. Shuningdek, bu muassasalarda “Yangi Oʻzbekiston” universiteti hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashgan maktab tajribasiga tayangan holda muhandislik dasturi yoʻlga qoʻyiladi. Darslar 5 yillik maxsus dastur asosida, STEM modeli boʻyicha oʻtilishi belgilangan.

Muhandislik taʼlimining ommalashuvi uchun ragʻbatlantiruvchi mexanizmlar joriy etilmoqda. Xususan, 2026-yildan eʼtiboran har yili umumtaʼlim maktablari oʻrtasida Prezident sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovi oʻtkazilishi reja­lashtirilgan. Bu tanlov nafaqat maktablararo sogʻlom raqobatni kuchaytiradi, balki bola­larda texnika va tabiiy fanlarga qiziqishni yanada oshiradi.

Tabiatshunoslik fanlarini chuqur oʻqitish­ga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Barcha hudud­larda ixtisoslashgan maktablar tashkil eti­lishi, Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab esa shu yoʻnalishda tayanch maktab sifatida xizmat qilishi koʻzda tutil­gan. Bu orqali ilm-fan va taʼlim uzviyligi taʼminlanadi, yoshlarimizning fundamental bilimlari mustahkamlanadi.

Ayni paytda texnika oliy taʼlim muassa­salari safi kengaymoqda. Jumladan, mashhur N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, “ToshTech” texnika universiteti hamda Olmaliq davlat texnika instituti ochilishi belgilangan. Bunday ta­shabbuslar xalqaro taʼlim tajribasini jalb etishga, zamonaviy kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Avloniy izdoshlari ragʻbatlantiriladi

Yana bir yangilik oʻqituvchilikka mehr qoʻygan yoshlarni ragʻbatlantirishga qara­tilgan. Hozirgi kungacha bu sohada alohi­da davlat stipendiyasi yoʻq edi. Shu bois, joriy oʻquv yilidan boshlab pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun Abdulla Avloniy nomi­dagi davlat stipendiyasi taʼsis etilmoqda. Stipendiya bakalavriatning 3-4-kurslari uchun boʻladi, yoshlarni oʻqish va ilmiy izla­nishlarga undaydi.

Shuningdek, yigʻilishda fan va innovatsiya­lar sohasida amalga oshirilishi rejalashti­rilgan ishlar taqdimot qilindi. Bu ikki soha­dagi islohotlar bir-biriga chambarchas bogʻliq. Vatanimiz kelajagini tasavvur qilarkanmiz, bu yoʻnalishlarni ajratib qarashning imkoni yoʻq. Negaki jamiyat taraqqiyoti, iqtisodiyot modernizatsiyasi, yangi texnologiyalar joriy etilishi — bularning barchasi, avvalo, ilmiy salohiyatga tayanadi.

Oliy taʼlimdan keyingi bosqich — dok­torantura tizimining takomillashtirilishi ham dolzarb masala sifatida ilgari surildi. Hozircha kvotalar umumiy ehtiyojga qarab bel­gilanayotgan boʻlsa, endilikda ular mamlakat rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq taqsimlanadi. Bu shuni anglatadiki, iqtisodiyotning qaysi sohasiga ilmiy yonda­shuv, yangi ishlanma zarur boʻlsa, oʻsha yerda mala­kali ilmiy kadrlar koʻproq tayyorlanadi. Ma­salan, energetika, qishloq xoʻjaligi, sunʼiy intellekt, sogʻliqni saqlash kabi yoʻnalishlar­da chuqur tadqiqotlar olib borishga ehtiyoj bor. Demak, bundan buyon ilmiy resurslar aniq maqsad sari yoʻnaltiriladi.

Shu bilan birga, Fanlar akademiyasining jamiyat hayotidagi roli qayta belgilab olin­moqda. Avvallari akademiya koʻproq ramziy nufuz bilan bogʻlangan, endi esa u mamlakat taraqqiyotining ilmiy markazi sifatida may­donga chiqmoqda. Fundamental, amaliy va in­novatsion tadqiqotlar akademiyaning uch asosiy yoʻnalishi etib belgilangan. Fundamental ilm yangi nazariyalar, yangi ilmiy konsepsiyalar tugʻiladigan manbadir. Amaliy tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar esa aynan bugungi bozor ehtiyojiga mos, daromad keltiradigan texnologiyalarni yaratadi. Shu uchala yoʻnalish­ni uygʻunlashtirmasdan turib iqtisodiy oʻsish, ijtimoiy rivojlanish haqida gapirish mush­kul.

Albatta, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish masalasi ham eʼtibordan chetda qolmadi. Koʻp hollarda bizda ilmiy tadqiqot­lar qogʻozda qolib ketar, laboratoriya natija­lari esa ishlab chiqarish sexiga yetib bormas­di. Endilikda bu boʻgʻin qatʼiy nazorat ostiga olinadi, ilmiy gʻoyalar real hayotga xizmat qila boshlaydi. Shu jarayon samarali yoʻlga qoʻyil­sa, iqtisodiy koʻrsatkichlar oʻsadi, yosh olim­larda ham mehnatining qadriga ishonch hissi kuchayadi.

Kelajak taʼlim va muallimga bogʻliq

Yigʻilishda eng koʻp urgʻu qaratilgan masa­lalardan biri oʻqituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi mavqeini oshirish boʻldi. Chunki taʼlimga qanday islohot, qanday infratuzil­ma yoki texnologiya joriy etilishidan qatʼi nazar, baribir inson omili — pedagog shax­si orqali hayotga tatbiq etiladi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, iqtisodiyot rivoji, yurtimiz va farzandlarimiz kelajagi faqat va faqat taʼlim va muallimga bogʻliq.

Keyingi uch yilda oʻqituvchilarning moddiy taʼminoti sezilarli darajada oshdi. Maosh tizimiga 10 dan ortiq ustama kiritildi, bu esa faol va natija koʻrsatgan pedagoglarni alohida ragʻbatlantirish imkonini berdi. Bu­gungi kunda oʻz ustida tinimsiz ishlagan 60 mingdan ortiq oʻqituvchi 10-12 million soʻmga­cha maosh olmoqda. Yangi baholash tizimi ham oʻz natijasini bera boshladi: dastlabki bosqichda 1,5 ming maktab qamrab olindi, ularning 300 tasi ijobiy koʻrsatkichga erishdi va nati­jada butun jamoa 40 foizgacha ustama olish imkoniyatiga ega boʻldi. Bundan tashqari, jo­riy oydan boshlab maktab direktorlari, bogʻcha mudiralari va ularning oʻrinbosarlari maoshi 10 million soʻmdan oshdi. Demak, islohot endi rahbar xodimlar uchun motivatsion mexanizmni taqdim etmoqda.

Qoʻshimcha ustamalar, moddiy ragʻbatlar faqat oylik daromadni koʻpaytiribgina qol­may, kasbning ijtimoiy nufuzini ham oshi­radi. Oʻqituvchining jamiyatdagi obroʻsi kuchay­gan sari yoshlarning pedagogikaga qiziqishi ortadi. Bu esa kelajakda malakali kadrlarga ehtiyojni tabiiy yoʻl bilan qondiradi.

“Kasb-hunarga oʻrgatish yili”

Yurtimizda 450 ming oʻquvchini qabul qila oladigan 598 ta texnikum mavjud boʻlsa-da, ularga yoshlarning qiziqishi va bandlik koʻr­satkichlari yetarli darajada emas. 2024-yilda 9-sinfni 608 ming oʻquvchi tamomlagan boʻlsa, ularning atigi 182 ming nafari texnikumlar­ga yoʻnaltirilgan. Demak, bor-yoʻgʻi uchdan bir qismi kasbiy taʼlim tizimiga qamrab olin­gan, qolganlari esa umumtaʼlimni davom et­tirish yoki mehnat bozorida rasmiy malakasiz faoliyat yuritish yoʻlini tanlagan. Bu esa ikki tomonlama xavf tugʻdiradi: bir tomondan, yoshlarning barqaror daromad topish imkoni­yatlari cheklanadi, ikkinchi tomondan, ishlab chiqarish tarmoqlarida malakali ishchi kuchi tanqisligi kuchayadi. Shu bois, joriy yilni amalda “Kasb-hunarga oʻrgatish yili”ga aylan­tirish tashabbusi ilgari surildi.

Mavjud texnikumlarning koʻpi oʻz dasturlarini zamonaviy ishlab chiqarish talabla­ri bilan uygʻunlashtira olmagan. Shu sababli taʼlim sifati bilan bozor ehtiyoji oʻrtasida katta tafovut yuzaga kelmoqda. Buni bartaraf etish uchun barcha texnikumlarni bosqichma-bosqich zamonaviy kasbga oʻqitish muhiti bi­lan taʼminlash, oʻquv dasturlarida amaliyot ulushini oshirish, dual tizimni keng joriy etish va oʻquvchilarning kamida 30-40 foiz dars soatlarini bevosita korxonalarda amaliyot sifatida oʻtkazish belgilandi. Shuningdek, investorlardan kelayotgan buyurtmalarga mos kadr tayyorlash imkoniyatlari yaratiladi, yaʼni texnikumlarda oʻquv dasturlarining uchdan bir qismi bevosita bozor talabi asosida shakllan­tiriladi.

Prezidentimizning yaqinda Xitoyga tashrifi chogʻida 35 milliard dollarlik istiq­bolli loyihalar paketi imzolangan edi. Bu loyihalar uchun yuzlab yangi texnologiya va minglab malakali kadr zarur boʻladi. Shu bois, har bir viloyatda kamida ikkita “Oʻzbekiston — Xitoy ustaxonasi” tashkil etilishi bel­gilandi. Bu ustaxonalar bir vaqtning oʻzida zamonaviy texnologiyalarni yoshlar amaliyotida oʻrgatish, xorijiy tajribani, xususan, Xitoy­ning ishlab chiqarish metodlarini yoshlar on­giga singdirish imkonini beradi. Shuningdek, texnikumlarda va oliy taʼlim muassasalarida xitoy tili oʻqitilishi kengaytiriladi, yuzdan ortiq til egasi va volontyor jalb etilishi re­jalashtirilgan. Bu tashabbus yoshlarning bevo­sita xalqaro hamkorlik loyihalariga kirishi­ni taʼminlaydi.

Mamlakat miqyosida kasbiy taʼlimni yago­na siyosat asosida rivojlantirish uchun yangi Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etilishi belgilandi. Agentlik barcha texnikumlarni yagona boshqaruv ostida rivojlantirish, dasturlarni zamonaviylashtirish, moliyaviy re­surslarni muvofiqlashtirish va bozor ehtiyo­jiga asoslangan standartlarni ishlab chiqish bilan shugʻullanadi.

Yigʻilishda bir muhim jihat ochiq tanqid qilindi: koʻplab tarmoq uyushmalari hali ham oʻzlariga aʼzo boʻlgan korxonalarning malaka talablarini tayyorlab bera olmayapti. Nati­jada korxonalar ham, texnikumlar ham aniq yoʻnalishsiz qolmoqda. Bu esa taʼlim mazmu­nining bozor talabiga mos kelmasligiga olib kelyapti. Shu sababli yil yakuniga qadar yangi agentlik bilan birgalikda har bir tarmoq boʻyicha kasblar kesimida standart va talablar ishlab chiqilishi topshirildi.

Kasbiy taʼlim iqtisodiyot va taʼlim oʻr­tasidagi koʻprikdir. Agar u mustahkam boʻlsa, yoshlar kelajagini aniq koʻradi, korxonalar malakali ishchi kuchiga ega boʻladi, mamla­kat iqtisodiyoti esa barqaror oʻsadi. Bugungi topshiriqlar — mavjud texnikumlarni za­monaviylashtirish, duallik tizimini joriy qilish, xalqaro ustaxonalar ochish va yagona boshqaruv agentligini tashkil etish qisqa muddatda katta samaralar berishi mumkin. Eng muhimi, 9-sinf bitiruvchilarining kamida yarmi texnikumlar bilan qamrab olinishi va­zifasi qoʻyilgan. Mazkur natijaga erishilsa, yoshlarning bandlik masalasi va iqtisodiyot uchun zarur kadrlar taʼminoti ancha yengilla­shadi.

Taʼlim va fan sohalaridagi bunday keng koʻlamli islohotlar mamlakatimizning intellektual qudratini oshirish, xalqaro maydonlarda munosib oʻrin egallashi uchun qoʻyilayotgan poydevordir. Oʻzbekiston bugun oʻz taraqqiyot yoʻlining yangi bosqichi sari yuz tutmoqda. Bu yoʻlda maktabgacha taʼlim­dan tortib, oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot­lar tizimigacha boʻlgan har bir boʻgʻin uygʻun ishlashi kerak. Ana shunda “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi nafaqat siyosiy shior, balki amaliy hayot tarziga aylanadi.

Asliddin ABDURAZZOQOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri