Davlatimiz rahbari 2021-yilning 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrif davomida viloyatdagi Baxshichilik maktabi oʻquvchilari uchun “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatiga 150 oʻrinli yotoqxona qurib berish topshirigʻini bergan edi.
Joriy yilning 28-dekabr kuni ushbu zamonaviy va koʻrkam yotoqxona foydalanishga topshirildi. Temiryoʻlchilar tomonidan koʻrkam, zamonaviy sharoitlarga ega holatda bunyod etilib, barcha qulayliklar mujassam boʻlgan ushbu yotoqxona mazkur maktab oʻquvchilari uchun Yangi yil sovgʻasi boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
4 qavatli bino 150 oʻrinli boʻlib, loyiha qiymati 9 milliard 666 million 127 mingni tashkil etadi. Mazkur loyihani qurishda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati buyurtmachi, “Oʻztemiryoʻlqurilishmontaj” unitar korxonasi esa bosh pudratchi boʻlib faoliyat olib bordi.
Oʻtgan bir yil mobaynida qurilish obyektida malakali quruvchilardan iborat mutaxassislar zamonaviy texnikalarni jalb qilib, loyiha boʻyicha binoni sifatli va mustahkam qurib, yakuniga yetkazishdi.
Bino kutubxona, oshxona, sport zali, dars xonasi, maʼnaviyat xonasi, kir yuvish va quritish xonalari hamda yotoqxonalardan iborat. Suv isitish zamonaviy ariston moslamalari bilan jihozlangan. Bundan tashqari 2 ta nogironligi boʻlgan oʻquvchilar uchun ham xonalar mavjud.
Bino tarxida ikki tomonlama zina loyihalangan va kuzatuv kameralari bilan taʼminlandi. Turar joy binosining har bir xonasi yangi mebel jihozlari bilan ham taʼminlandi. Xususan, har bir yotoq xonasi oynalariga jalyuzi pardalar, kravatlar, istitish va sovitishga moslashtirilgan konditsionerlar hamda har oʻrinda alohida yorituv chiroqlari, isitish radiatorlari oʻrnatilib, har bir oʻquvchi uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Bundan tashqari, bino orqa tomonida 400 m2-maydonga 32 kvt.lik quyosh batareyasi oʻrnatiladi, jumladan yotoqxona binosi sarflaydigan eletr energiyaning 25 foizini taʼminlab berish kuvvatiga ega boʻladi. Shuningdek, alohida koʻmir va gaz yordamida ishlaydigan qozonxona ham tashkil etilgan boʻlib, suv tanqisligini oldini olish uchun 100 tonnalik yopiq suv xavzasi va 25 m3 hajmga ega suv minorasi qurildi.
Bino hovlisi obodonlashtirilib, koʻkalamzorlashtirilgan qismida turli manzarali daraxt koʻchatlari hamda anvoyi gullar ekildi.
Rustam HAYDAROV