Oʼquvchi va talaba-yoshlarning boʼsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ular oʼrtasida kitobxonlik darajasini oshirishga Toshkent viloyatida ham alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Koʼrik-tanlovning 2021-yilgi mavsumida qatnashish uchun viloyatdan jami 31 ming 206 nafar hudud yoshlari onlayn roʼyxatdan oʼtgan edi. 2021-yilning 27–29-dekabr kunlari viloyatning barcha shahar va tumanlarida 10-14, 15-19 va 20-30 yoshdagi jami 73 nafar kitobsevar yoshlar belgilangan shart boʼyicha elektron test shaklida saralash bosqichlaridan oʼtib, viloyat bosqichida ishtirok etdi.

"Hakamlar hayʼatining yakuniy xulosalariga koʼra, “Yosh kitobxon” koʼrik-tanlovining viloyat bosqichida 10-14 yosh toifasida Boʼstonliq tumanidan Shodiyor Ermakboev, 15-19 yoshlilar oʼrtasida Oqqoʼrgʼon tumanidan Dilshoda Аbduhoshimova va 20-30 yosh toifasida Oqqoʼrgʼon tumanidan Farrux Fayzullaev gʼolib boʼlib, tanlovning respublika bosqichiga yoʼllanmani qoʼlga kiritdi", deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Gʼolib va sovrindorlar maxsus sertifikat, sara asarlardan iborat kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.