Dunyoda globallashuv jarayonlari shiddat bilan kechayotgan hozirgi paytda yoshlar taʼlim-tarbiyasi va kelajagiga eʼtiborni kuchaytirish mamlakat taraqqiyoti, yurt kelajagi va xalq farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Shu maʼnoda soʻnggi yillarda mamlakatimizda maʼnan yetuk, jismonan sogʻlom yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash, izlanish va isteʼdodini qoʻllab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
Soʻnggi yillarda oliy taʼlim muassasalarida ham Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari boʻlgan talaba-yoshlarning chuqur bilim olishi va isteʼdodini keng namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratildi.
Tarbiya jarayoni deganda nimani tushunamiz?
Tarbiya jarayonining mohiyati shu jarayon uchun xarakterli boʻlgan va muayyan qonuniyatlarda namoyon boʻladigan ichki aloqa va munosabatlarni aks ettiradi. Shaxsni maqsadga muvofiq takomillashtirish uchun uyushtiriladi, tarbiyalanuvchining shaxsiga muntazam va tizimli taʼsir etish imkoniyatini beradi.
U oʻzaro bogʻliq ikki faoliyatni — oʻqituvchi va oʻquvchi faoliyatini oʻz ichiga oladi. Tarbiya jarayonida oʻquvchining ongi shakllana boradi, his-tuygʻulari va turli qobiliyatlari rivojlanadi, gʻoyaviy, axloqiy, irodaviy, estetik xislatlari shakllanadi.
Tabiatga, jamiyatga ilmiy qarashlar tizimi tarkib topadi, jismoniy kuch-quvvatlari mustahkamlanadi. Tarbiya jarayonida oʻquvchida jamiyatning shaxsga qoʻyadigan axloqiy talablariga muvofiq keladigan xulqiy malaka va odatlar hosil qilinadi.
Bunga erishish uchun oʻquvchining ongiga (taʼlim jarayonida), hissiyotiga (darsda va turli sinfdan tashqari ishlarda), irodasiga (faoliyatni uyushtirish, xulqni idora qilish jarayonida) tizimli va muntazam taʼsir etib boriladi. Tarbiyalash jarayonida bulardan birortasi (ongi, hissiyoti, irodasi) eʼtibordan chetda qolsa, maqsadga erishish qiyinlashadi.
Biror bir maqsadga qaratilgan tarbiya jarayonining mohiyati va vazifalari tarbiyachi tomonidan rejalashtiriladi va tartibga solinadi.
Tarbiya jarayoni qanday xususiyatlarga ega, u taʼlimdan nimalari bilan farq qiladi, degan haqli savol tugʻilishi mumkin. Tarbiya koʻp qirrali jarayondir. Uzoq muddat davom etadi. Yaxlit holda va konsentrik asosda amalga oshadi.
Taʼlim-tarbiya va rivojlanish oʻrtasidagi oʻzaro munosabat jarayonida turli xil savollar yuzaga kelishi tabiiy. Jumladan, taʼlim qanday mavqega ega, rivojlanishga nisbatan yetakchi vazifani bajaradimi yoki aksinchami kabi savollarga javob berish taʼlim jarayonining mazmuni va metodikasini, oʻquv dasturlari va darsliklarining mazmunini belgilab beradi.
Taʼlim bizga koʻp imkoniyat va koʻp tajriba beradi. Bu esa oʻz shaxsimizni koʻrsatish va uni yanada yaxshilashga zamin hozirlaydi.
Taʼlim bizga toʻgʻri yoʻldan borishga va toʻgʻri narsalarni qabul qilishga yordam beradigan axloqni oʻrgatadi. Keyin biz muvaffaqiyatga erishish uchun hamma narsani adolatli tarzda qilamiz. Shunday qilib, etika har doim shaxsiyatimizni ijobiy tomonga yaxshilaydi. Shuningdek, shaxs rivojlanishiga muhitning taʼsiri ham muhim. Bu ham tarbiya tizimi orqali amalga oshiriladi.
Birinchidan, tarbiya taʼsirida muhit bera olmagan bilim, maʼlumot egallanadi, mehnat va texnik faoliyat bilan bogʻliq koʻnikma va malakalar hosil boʻladi.
Ikkinchidan, tarbiya tufayli tugʻma kamchiliklar ham oʻzgartirilib, shaxs kamolga yetadi.
Uchinchidan, tarbiya yordamida muhitning salbiy taʼsirini ham yoʻqotish mumkin.
Toʻrtinchidan, tarbiya kelajakka qaratilgan maqsadni belgilaydi.
Tarbiya umr boʻyi davom etadigan jarayon. Hayotdagi har bir kishi tarbiyaviy taʼsirga ega. U hayot maktabida tarbiyalanar ekan, tarbiyachi sifatida, tarbiya vositasi sifatida oʻzi ham ijtimoiy muhit yaratishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda taʼlim olish huquqi va imkoniyati ham kengaytirilib, oliy taʼlim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy maʼlumot olinishi, nodavlat taʼlim tashkilotlari qoʻllab-quvvatlanishi toʻgʻrisidagi qoidalar yosh avlodning hayotini yaxshilash, orzu-intilishlarini roʻyobga chiqarish, zamonaviy mutaxassisliklarni egallab, jamiyatda munosib oʻrin topishiga shart-sharoit yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Mamlakatimiz aholisining oltmish foizidan ortigʻi yoshlardan iborat ekanligini hisobga oladigan boʻlsak, yosh avlodga davlat tomonidan berilayotgan eʼtibor bundan keyin yanada kuchaytirilishiga amin boʻlamiz. Chunki yoshlar yangi Oʻzbekiston kelajagi. Shu bois, kelajak yoshlar qoʻlida.
Akmal NAZAROV,
Buxoro davlat universiteti
Psixologiya va sotsiologiya kafedrasi mudiri,
psixologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori,
professor.