Binobarin, unda koʻtarilgan har bir masala, har bir tashabbus yurtimiz ravnaqiga, xalqimiz farovonligiga daxldor. Inson kapitali, yoshlar salohiyati, innovatsiya, sport va jamiyat birdamligini mustahkamlashga qaratilgan dolzarb fikrlar ilm yoʻlida faoliyat yuritayotgan inson sifatida shaxsan meni juda ruhlantirdi.
Oʻzbekiston — yoshlar mamlakati. Bu katta kuch va kelajak degani. Eng asosiysi, bizda ana shu kuch har doim eʼtiborda. Shu bois, kelajakka mustahkam poydevor qoʻyilmoqda. Oʻz navbatida, yoshlar ham yurtimiz sharafini ulugʻlab, ardoqlab dunyoga tanityapti. Deylik, bu yil Oʻzbekiston futbol terma jamoasi ilk bor jahon chempionatida ishtirok etadi. Milliy terma jamoamiz safida Jizzax davlat pedagogika universiteti talabasi Ruslanbek Jiyanov ham bor. Bu biz uchun yuksak faxr, albatta.
Murojaatnomada davlatimiz rahbari oʻquvchi va talabalarning xalqaro olimpiadalardagi ishtirokiga toʻxtalib, Uchinchi Renessans poydevorini qoʻyadigan avlodning intellektual salohiyati jahonga yuksak darajada namoyon boʻlayotganini taʼkidladi.
Yangi Oʻzbekistonda kelajakka yoʻnaltirilgan strategik vazifalar mamlakatimizning intellektual va texnologik taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilmoqda. Muhimi, jarayon izchillik bilan davom ettiriladi. Jumladan, 2030-yilga borib, AT xizmatlari eksporti qiymatini 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun Toshkent shahri, Buxoro, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida 4 ta data markaz, 2 ta super kompyuter hamda 15 ta oliygohda sunʼiy intellekt laboratoriyasi ishga tushiriladi. Bu muhim infratuzilma loyihalari tibbiyot, transport, qishloq xoʻjaligi, geologiya, bank-moliya va jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sunʼiy intellekt loyihalarini amalga oshirish imkonini beradi. Bugun yurtimizda minglab iqtidorli yoshlar AT va sunʼiy intellekt boʻyicha faol tadqiqot oʻtkazmoqda. Ular kvant texnologiyalar, dronlar, robototexnika va boshqa zamonaviy yoʻnalishlardagi konstruktorlik loyihalarini amaliyotga tatbiq qilish imkoniga ega. Shu maqsadda tashkil etilishi rejalashtirilgan “Raqamli texnologiyalar markazi” yoshlarning innovatsion salohiyatini mustahkamlash, ilmiy loyihalarni tizimli amalga oshirish va raqamli texnologiyalar sohasida milliy kadrlarga talabni taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Yoshlarning talab yuqori kasblar boʻyicha dunyoda raqobatbardosh va hatto oldinda boʻlishini taʼminlash mamlakatimiz uchun strategik ahamiyatga ega. Shu sababli Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarning ilgʻor taʼlim dasturlari joriy etilgan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi.
Mamlakatimizda kasbiy taʼlim tizimi 2026-yilda 7 ta viloyatda, 2027-yilda esa qolgan hududlarda Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” modellari asosida yoʻlga qoʻyiladi. Bu yerda ish beruvchilar bilan hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilib, dual taʼlimni samarali tashkil qilgan korxonalarga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi, tadbirkorlik reytinglarida qoʻshimcha ballar beriladi va ijtimoiy soliq imtiyozi uzaytiriladi.
Shu bilan birga, joriy yildan boshlab dual taʼlim asosida oʻqiyotgan 100 ming oʻquvchiga ilk bor stipendiya toʻlanadi. Yuqori natija koʻrsatgan talabalar uchun esa yanada oshirilgan miqdordagi moddiy ragʻbat beriladi. Bu yoshlarning oliy taʼlimga intilishini kuchaytiradi hamda ularni kasbiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Yangi raqamli ekotizimni joriy etish orqali oliygoh bitiruvchilari hamda ish beruvchilar oʻrtasida koʻprik vazifasini bajaradigan tizim barpo etiladi. Unda talabalarning akademik koʻrsatkichlari va korxonalardagi boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumotlar onlayn joylashtiriladi. Bunday innovatsion yondashuv talabalarning mos ish topishi, ish beruvchilarning esa malakali kadrlarni tez va samarali jalb qilish imkonini oshiradi. Ushbu keng qamrovli islohotlar va strategik tashabbuslar mamlakatimiz taʼlim, texnologiya, iqtisodiyot va tadbirkorlik sohalarida yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi.
Davlatimiz rahbarining “Tarix davomida qanday ogʻir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh boʻlib qiyinchiliklarni yenggan. Oila — oilaga, qoʻshni — qoʻshniga koʻmak berib yashagan”, degan gapi barchamizning qalbimizga chuqur oʻrnashgan haqiqatdir.
Bugungi demokratiya sharoitida turli fikrlar boʻlishi tabiiy, ammo 38 million nufusli xalqimizni birlashtiruvchi yagona ulugʻ gʻoya Vatan va xalq manfaatidir. Shu ulugʻ maqsadga erishishda Prezidentimiz mahalla tizimining oʻrni va taʼsiri beqiyos ekanini alohida taʼkidlab, 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qildi. Ushbu tashabbusni butun jamoatchilik qizgʻin qoʻllab-quvvatladi.
Mahalla millionlab yoshlar va oila degani. Bu yerdagi oʻzgarishlar kelajak avlodlar hayotiga ham taʼsir koʻrsatadi. Shu maʼnoda, mahallalar qiyofasini yangi Oʻzbekiston qiyofasiga moslashtirish borasidagi saʼy-harakatlar yoshlar hayoti, taʼlim-tarbiyasida aks etadi. Zero, har bir fuqaro islohotlar natijasini kundalik hayotida his qilishi kerak. Biz ham universitetda taʼlim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni jamiyat manfaati bilan uygʻunlashtirish, mahalla, oila va qoʻshnichilik muhitiga xizmat qiladigan maʼnaviy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etamiz.
Maqsadimiz aniq: Prezidentimiz aytgan yuksak marraga erishish — Oʻzbekistonni daromadi oʻrtadan yuqori mamlakatlar qatoriga olib chiqish, Uchinchi Renessans avlodini tarbiyalash va jamiyatni birdamlik asosida yuksaltirishdir.
Maqsudjon YULDASHEV,
Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori, professor