Xalqaro reyting agentliklari maʼlumotiga koʻra, 2035-yilgacha boʻlgan davrda zamonaviy global mehnat bozori avtomatlashtirish va maqbullashtirishdan iborat boʻladi. Ishchi kuchiga ehtiyoj yoʻqoladi. 2025-yilga borib faoliyati robotlarga bogʻliq boʻlgan korxonalardagi ish oʻrinlari 10-30 foiz qisqaradi. Ayniqsa, qishloq joylar va kichik shaharlarni ishsizlik xavfi qamrab oladi.
HR funksiyasi ham oʻzgaradi. Ular ham avtomatlashtiriladi. Frilanserlar ishchi kuchining 50 foizini tashkil etib, global bandlikning 44 foizi ularning ulushiga toʻgʻri keladi. Bu esa, oʻz navbatida, inson kapitalini rivojlantirish iqtisodiy taraqqiyotning asosiy omili sifatida yuzaga chiqishi shartligini koʻrsatmoqda. Rivojlangan davlatlarda inson kapitalining milliy boylikdagi ulushi 80 foizni tashkil etadi. Shu bois, jahonning taraqqiy etgan mamlakatlarida inson kapitalini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jahondagi bu oʻzgarishlar, shubhasiz, bizning yurtimizda ham aks-sado beradi. Shu maʼnoda, yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonida iqtisodiy oʻsish surʼatini oshirish, yoshlarni ish bilan taʼminlash va turmush sifatini yana-da yaxshilash, inson kapitalini rivojlantirish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas.
Aholining yoshlar qatlami koʻpligi davlatimiz uchun ham afzallik, ham masʼuliyatdir. Har yili mehnat bozoriga kirib kelayotgan yigit-qizlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratish dolzarb masalaga aylanmoqda. Statistikaga nazar soladigan boʻlsak, 2021-yilning fevral oyi holatiga koʻra, yoshlar oʻrtasida (18–30 yosh) ishsizlik darajasi 17 foizni tashkil etgan. Hozirgi paytda ortiqcha ishchi kuchi miqdori sezilarli darajaga yetgan. Buning natijasida ishsiz yoshlarning katta qismi norasmiy iqtisodiyotda ham ishlamoqda.
Mamlakatimizda roʻy berayotgan oʻzgarishlar ibtidosi sifatida, birinchi navbatda, malakali kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Binobarin, yoshlar ish topishda koʻplab qiyinchiliklarga duch kelmoqda va bu ularning eng zaif nuqtalaridan biri hisoblanadi. Shu sababli yoshlarning mehnat bozoridan joy topishi, oʻzini, oilasini barqaror daromad manbai bilan taʼminlashi uchun yetarli sharoit yaratilayotir.
Oʻtgan yil avgust oyida yoshlar oʻrtasida ishsizlikni kamaytirish va ularga manzilli yordam koʻrsatishning yangi mexanizmi ishga tushirildi — “Yoshlar daftari” joriy etildi. Unga barcha viloyat va tumanlardagi ishsiz yoshlar kiritilib, ularga individual ijtimoiymoliyaviy yordam koʻrsatilmoqda. Ushbu yigit-qizlarni ish bilan taʼminlash va “Yoshlar daftari”dan chiqarishga urgʻu berilmoqda. Xususan, 2021-yilda mazkur daftarga kiritilgan fuqarolarga zarur uskuna va mehnat qurollari xarid qilish uchun 7 million soʻmgacha subsidiyalar ajratilishi belgilandi.
1-iyundan boshlab professional taʼlim tashkilotlari tomonidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan talabalarga korxonalarda amaliyot oʻtagan davrida 500 ming soʻmgacha har oylik subsidiya ajratiladi. Birinchi marta ishga kirgan kasb-hunar markazi bitiruvchilari 6 oygacha daromad soligʻi toʻlashdan ozod etiladi.
Tadbirkorlik tashabbusini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan yoshlar ham ragʻbatlantirilmoqda. Masalan, oʻz biznesini boshlash doirasida ijaraga bino olayotgan yoshlarga bir yillik ijara summasining 30 foizigacha qismi qoplab beriladi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigitlar va Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga haydovchilik guvohnomasini olish, bir oylik harbiy xizmatni oʻtash xarajatlari byudjetdan toʻlab berilishi belgilandi.
Shuningdek, 1-iyundan boshlab “Yoshlar daftari”ga kirganlarning xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlari boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlarida oʻqish xarajatining bir qismi qoplab beriladi. Bundan tashqari, yoshlarning professional taʼlim maktablari, texnikumlarda oʻqishi uchun toʻlanadigan kontrakt summasi daromad soligʻidan ozod qilinadi.
Yoshlar bandligini taʼminlash borasida barqaror poydevor yaratilayotganiga barchamiz guvoh boʻlib turibmiz. Poydevor qancha mustahkam boʻlsa, uning ustiga shunchalik muhtasham bino quriladi va u uzoq yillar xizmat qiladi.
Bugun yoshlar jamiyatni orqasidan ergashtiruvchi qudratli kuchga aylanmoqda. Yaratilayotgan qulay raqobat muhiti, tadbirkorlik rivoji uchun ajratilayotgan yer, kredit tufayli yigit-qizlar oʻzini oʻzi moddiy va maʼnaviy taʼminlayapti. Hademay, bundan jamiyat ham, davlat ham katta naf koʻradi.
Nigora ABDURAHMONOVA,
Nodira SIROJIDDINOVA,
Pedagogik innovatsiyalar va kadrlarni qayta tayyorlash va
malakasini oshirish instituti bosh mutaxassislari