Kun tartibidagi asosiy masala — Prezidentimizning “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, yoshlarning kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi, umuman, hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish.

Yigʻilish davomida Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini jadal ishga tushirish va ularning hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga yoshlarni faol jalb etish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kungacha respublika boʻyicha 185 ta Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etildi. Ularda umumiy qiymati 2,7 trillion soʻmlik 1 561 ta loyiha amalga oshirilyapti. Natijada 36 mingga yaqin ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyihalarning aksariyati hozirda amalga oshish jarayonida. Misol uchun, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida esa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlab chiqarish boʻyicha korxonalar ishga tushirilyapti. Eʼtiborlisi, ushbu sanoat zonalarida tashkil etilayotgan yangi ish oʻrinlarining kamida 70 foizi yoshlar uchun moʻljallangan boʻladi.

Yigʻilish yakunlari boʻyicha mutasaddi rahbarlarga yer uchastkalari, kredit resurslari ajratish bilan bogʻliq masalalarni tezroq hal etib, yosh tadbirkorlarga biznes-rejalar tayyorlash, loyiha hujjatlari va loyihani amalga oshirish boʻyicha amaliy koʻmak berish boʻyicha ishlarni jadallashtirish topshiriqlari berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.