Yoshlar uchun imkoniyat: safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badali qoplab beriladi

    Harbiy 28 Oktabr 2022 2997

    Bu ham koʻplab yoshlarimizni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yana bir yaxshi tizimdir

    Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev oʻzining telegramdagi sahifasida “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari va oilaviy bolalar uylarida tarbiyalangan yoshlar, shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning “Yoshlar daftari”ga kiritilgan farzandlari uchun safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badali qoplab berilishini maʼlum qildi.

    Ushbu imkoniyatdan foydalanish uchun yuqorida sanalgan toifalarga kiruvchi yoshlar https://yoshlardaftari.uz platformasi orqali onlayn murojaat qilishlari mumkin.

    Taʼkidlanishicha, 2022-yil 1-oktyabr holatiga koʻra, mazkur imkoniyatdan 12 349 nafar yosh foydalangan. Hududlar miqyosida esa eng koʻp Samarqand viloyatiga (2 094 nafar), Toshkent viloyatiga (1 299 nafar) va Surxondaryo viloyatlariga (1 298 nafar) toʻgʻri kelmoqda.

    "Oʻylaymizki, bu ham koʻplab yoshlarimizni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yana bir yaxshi tizimdir, deydi Alisher Saʼdullayev oʻz xabarida.