Yurtimizda bayramlar koʻp, lekin yoshlarga bagʻishlangan alohida tantana, yaʼni, 30-iyun — Yoshlar kunini alohida taʼkidlab oʻtish oʻrinlidir. Uning zamirida yangi Oʻzbekiston yoshlarining porloq kelajagiga qaratilayotgan ulkan eʼtibor va gʻamxoʻrlik mujassam. Mana shunday quvonchli kunda, avvalo, yurtimizda yoshlar bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratilgani, ularning ijtimoiy faolligi, Vatan va xalq taqdiriga daxldorlik hissi kuchayib borayotgani, zamonaviy, demokratik davlatni barpo etishda navqiron avlodning munosib ishtirok etayotganini mamnuniyat bilan eʼtirof etishimiz lozim.

Darhaqiqat, yoshlar — innovatsiyalar, gʻoya va yechimlarning bitmas-tuganmas manbai. Bugungi kunda yoshlar faolligi har qachongidan ham muhim, zero, ular jamiyat taraqqiyotini harakatlantiruvchi asosiy kuchdir. Shu sabab, kelajagimiz egalari boʻlgan yoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini roʻyobga chiqarish davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yoʻnalishi boʻlib, bu yoʻlda ulkan ishlar amalga oshirilayotganiga guvohmiz. Jumladan, oʻtgan olti yilning oʻzida yoshlar hayotiga bevosita taalluqli boʻlgan 106 ta qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani ham fikrimizni yaqqol tasdiqlab turibdi.

Jumladan, Prezidentning 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi tarixiy qarori asosida mahallalarda tashkil etilgan vertikal boshqaruv tizimi natijasida mahalla yoshlariga keng imkoniyatlar yaratildi. Yoshlar murojaatlarini koʻrib chiqish muddati 30 kundan 5 kunga, yordam koʻrsatish 40 kundan 16 kunga qisqartirilishiga erishildi. Yoshlar yetakchilar 14–30 yoshdagi 9,1 million nafar yoshlarning ijtimoiy holati, bandligi va salomatligi bilan bogʻliq maʼlumotlarni jamlab, “Yoshlar balansi”ni shakllantirdi. Aynan yoshlar yetakchilari tavsiyasi asosida koʻrsatiladigan yordam turlari esa 11 tadan 25 taga yetkazildi.

Shu asosda uka-singillarimizni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, xalqaro maydonda raqobatga kirisha oladigan barkamol shaxslar etib tarbiyalash boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, yoshlar bilan doimiy muloqot olib borish, ularning bandligini taʼminlash, hayotda oʻz oʻrnini topishi, jamiyatning munosib aʼzolariga aylanishi, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash vazifasi barchamizning kundalik faoliyatimiz mezoniga aylandi. Jumladan, yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratish, yosh tadbirkorlarga, ayniqsa, qizlarimizga hunarmandlik bilan shugʻullanishlari uchun kredit ajratish, ularni kasbga tayyorlash va malakasini oshirish, fermerlikni qoʻllab-quvvatlash, farzandlarimizning taʼlim-tarbiyasi, ularni sogʻlomlashtirish va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha muhim qadamlar qoʻyildi.

***

Bu borada Yoshlar ishlari agentligi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, yoshlar bandligini taʼminlash, ularni ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlash borasida “Yoshlar daftari” tizimi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joriy yilning oʻzida mazkur daftar orqali 300 ming nafar yoshlarga qariyb 600 milliard soʻmlik yordam koʻrsatildi. Quvonarlisi, 1-iyundan boshlab “Yoshlar daftari”ga kirgan talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi toʻlanadigan stajirovka tizimi joriy qilindi.

 “Yoshlar daftari” bilan ishlashda yoshlarni animatsiya, dizayn, logistika operatori, gid kabi zamonaviy kasblarga oʻqitishga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Bu tizim bilan maktablarning 10–11-sinf oʻquvchilari ham qamrab olinadi.

 “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari mablagʻining kamida 40 foizi aynan kasb-hunarga oʻqitishga yoʻnaltiriladi. Joriy yilda zamonaviy kasblarga kamida 25 ming nafar yoshlar oʻqitiladi. Ushbu daftar orqali taqdim etiladigan ijtimoiy-iqtisodiy xizmat turlari 2023–2024-yillarda 1,5 barobargacha oshiriladi.

***

Shu oʻrinda 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan “Yoshlar oyligi” doirasida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilgan yoshlar festivallari va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar haqida ham toʻxtalib oʻtish zarur.

 “Yoshlar oyligi” doirasida mahalla va tumanlarda boʻlib oʻtgan turli tadbir, loyiha, ommaviy sayillar va gala-konsertlarda 2,4 million nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi. Shuningdek, “Harbiy-vatanparvarlik”, “Intellektual oʻyinlar”, “Sport-salomatlik”, “Madaniyat, sanʼat va turizm” haftaliklari tashkil etildi.

Oylik doirasida oʻtkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichlarida stol tennisi, shashka, yengil atletika, stritbol, stritvorkaut musobaqalari,  kasblar tanlovi (tikuvchilik, qandolatchilik, oshpazlik, hunarmandlik va sartaroshlik) va raqs musobaqalari yorqin taassurotlarga boy boʻldi.  Gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 900 nafardan ortiq ishtirokchi munosib ragʻbatlantirildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Andijon, Jizzax viloyatlari mahallalarida maʼnaviyat-maʼrifat targʻibot guruhlari tomonidan “Maʼrifat soati”, “Milliy qadriyatlar”, “Mehr-muruvvat va saxovat”, “Siz sevgan qahramon”, “Maʼrifat oqshomlari” loyihalari orqali 184 mingdan ortiq yoshlar qamrab olindi.

Hududlarda “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida oʻtkazilgan yirik gala-konsert va ommaviy yoshlar sayillarida 1 milliondan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

 ***

Imkoniyati cheklangan insonlarning maʼlum sohalarda yetuk kadr boʻlib yetishishi, faoliyat yuritishiga koʻmak berish har bir davlatning ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Shu bois, mamlakatimizda nogironligi boʻlgan yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligiga koʻmaklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, chin yetim, nogiron, Mehribonlik uyida tarbiyalangan va boquvchisini yoʻqotgan 729 talabaning 2,1 milliard soʻmlik toʻlov shartnoma mablagʻlari qoplab berildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning muddatli harbiy xizmatni oʻtash badali, ogʻir kasallikka chalingan va psixologik maslahatga muhtoj yoshlarga davolanish bilan bogʻliq xarajatlari uchun subsidiya ajratilgani yoshlarga qaratilgan eʼtiborning yana bir yorqin namunasidir.

Shuningdek, nogironligi boʻlgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda iqtidorli yoshlar uchun “Inklyuziv Oʻzbekiston” bepul sayohati hamda  Mehribonlik uyi, “SOS Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari uchun “Iqtidor” kasb-hunar oromgohi loyihalari oʻtkazilmoqda.

***

Oʻzbekistonda olib borilayotgan yoshlarga doir davlat siyosati va uning amaliy natijalari jahon hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotayotir. Natijada Oʻzbekiston 2018-yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti Yoshlar kengashiga, 2020-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlarning Yoshlar ishlari boʻyicha Kengashiga, 2021-yilda esa Osiyoda oʻzaro ishonch choralari boʻyicha Kengashning Yoshlar boʻyicha Kengashiga teng huquqli aʼzo sifatida qabul qilindi.

Davlat rahbarining tashabbuslari bilan mamlakatimizda “Markaziy Osiyo yoshlar forumi, SHHTga aʼzo mamlakatlar Yoshlar Kengashining 15-yigʻilishi, SHHT mamlakatlari yoshlari oʻrtasida eng yaxshi startap loyihasi” tanlovi, Turkiy davlatlar tashkilotining IV Yosh liderlar forumi oʻtkazilib, Buxoro shahri birinchi turkiy dunyo yoshlar tashabbuslari poytaxti, 2022-yil turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilindi.

Shuningdek, Prezidentining 2021-yil BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida Pandemiyaning yoshlar huquqlariga taʼsiri toʻgʻrisidagi rezolyusiyani ishlab chiqish va qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifi oʻsha yildayoq qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etildi.

Joriy yil AQSHning Nyu-York shahridagi BMT bosh qarorgohida 193 ta davlatning yoshlar siyosatiga masʼul vazirlik va idora rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi – “ECOSOC-2023” yoshlar forumida Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Mazkur forum yoshlarning BMTdagi siyosiy munozaralarga hissa qoʻshishi uchun asosiy platforma boʻlib, qatnashchilar oʻz tajribalarida duch kelayotgan muammolarga innovatsion yechimlar berish yuzasidan fikr almashishlari mumkin. Biz forumdagi chiqishimizda Oʻzbekistonda qizlar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularni ish bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, jumladan, yangilangan konstitutsiyamizda yoshlarning huquqlari mustahkamlanayotgani, umuman yurtimizdagi yoshlar bilan ishlash tajribasi xususida maʼlumot berdik.

Bundan tashqari, dunyo miqyosida katta yutuqlarga erishgan oʻzbekistonliklar faoliyatini yoshlarga yetkazish maqsadida “Oʻzbekistonlik” loyihasi yoʻlga qoʻyilib, “Speys-iks”, “Tesla” kompaniyalarida ishlayotgan vatandoshlar haqida ikkita film tasvirga olinib, efirga uzatildi.

***

Ilk bor 2016-yil 14-sentyabr kun imzolangan “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun yangi Oʻzbekiston yoshlarining huquq va erkinliklarini taʼminlashda mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda. Biroq, mamlakatimizda barcha sohalardagi kabi yoshlar siyosati sohasida ham amalga oshirilayotgan tub islohotlar, qonun hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar mazkur qonunni zamon talablaridan kelib chiqib, takomillashtirishni taqozo etmoqda. Shularni inobatga olgan holda “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, yanada takomillashtirildi.

Yoshlarga oid davlat siyosatini samarali tashkil etish hamda yoshlar bilan ishlash va ularning intilishlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari taraqqiyoti” strategiyasi ham ishlab chiqilmoqda. Strategiya mazkur sohani 2030-yilgacha rivojlantirish, ushbu yoʻnalishda erishiladigan aniq maqsadli indikatorlarni belgilash hamda yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan vazifalarni oʻz ichiga oladi.

***

Bunday islohotlar tobora takomillashib, yangicha bosqichda davom etmoqda. Jumladan, yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida yoshlar bilan ishlash boʻyicha yanada samarali tizim joriy qilindi. Yaʼni, 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan 9 million nafar yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari oʻrganilib, ular 3 toifaga ajratildi. Endilikda ular bilan manzilli, aniq mezonlar asosida “mahalladan vazirlikkacha” tizimi asosida ishlanadi.

 Birinchi bosqichda “ahvoli ogʻir” toifasiga kiritilgan, davlatning gʻamxoʻrligi va eʼtiboriga muhtoj 396 ming nafar yoshlar har bir vazir va uning oʻrinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, rektorlar, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga nomma-nom biriktirildi. Ular endi oʻz himoyasidagi oʻgʻil-qizlarning kasb-hunar oʻrganishiga, kredit, subsidiya va kafillik olish orqali bandligiga koʻmaklashadi.

Ikkinchi bosqichda “oʻrta” toifadagi – turmush taqozosi bilan rasmiy sektordan ish topa olmagan, lekin iqtisodiy faol 4,6 million yoshlarimizning hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashiladi.

Uchinchi bosqichda “yaxshi” toifaga kiritilgan: yaxshi oʻqiyotgan, tadbirkorligini yoʻlga qoʻygan, rasmiy sektorda ishlaydigan, qobiliyati bor, ijtimoiy faol boʻlgan 4,4 million yoshlar bilan ham alohida ishlaymiz. Yoshlar bilan ishlashning amaldagi tizimini takomillashtirish, yangilashga doir oʻzgarishlar nihoyatda hayotiy boʻlib, oʻtgan vaqt davomida toʻplangan tajribalarning mahsulidir.

***

Bunday islohotlar toʻxtab qolmaydi, aksincha, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga yanada koʻproq imkoniyat va sharoitlar yaratish borasida yangicha yondashuvlar asosida keng koʻlamli islohotlar olib boriladi. Fursatdan foydalanib, barcha Oʻzbekiston yoshlarini Yoshlar kuni bilan samimiy qutlayman. Ularga sihat-salomatlik, ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Ilm oʻrganishdan, koʻzlagan maqsadlaringiz sari dadil qadam tashlashdan aslo charchamang!

Alisher SAʼDULLAYEV,

Yoshlar ishlari agentligi direktori.