Shunday insonlar boʻladiki, oʻz hayotini, ilmini, mehnatini vatan va millat ravnaqiga baxshida etadi. Jahon taraqqiyotiga oʻzining benazir hissasini qoʻshadi. Mana shunday ulugʻ ajdodlarimizdan biri Abdurauf Fitratdir.

Buxoroning isteʼdodli farzandi Fitrat 1886-yilda Abdurahimboy oilasida tavallud topgan. Otasi oʻz zamonining oʻqimishli kishilaridan boʻlib, sarroflik, keyinchalik savdogarlik bilan shugʻullangan. Onasi Nastar bibi esa 1940-yillarda “xalq dushmani”ning onasi sifatida juda ham xorlikda hayot kechirgan.

Fitrat oilada toʻngʻich farzand boʻlib, ukasi Abdurahmon oʻtgan asrning 10-yillarida Kogon bosmaxonasida harf teruvchi boʻlib ishlagan. Singlisi Mahbuba Rahimova isteʼdodli shoira boʻlgan va goʻzal sheʼrlar bitgan, ammo akasi tufayli isteʼdodi shuhrat tutmagan. Sheʼrlarini chop etish ham taqiqlangan.

Ijodiy diapozoni keng boʻlgan Fitrat dastlab eski maktabda, keyin Mir arab madrasasida tahsil olgan. 1909-yilda Buxoroda tashkil etilgan “Tarbiyati atfol” jamiyatining yordami tufayli bir necha buxorolik yoshlar bilan Turkiyaga borib, Istanbuldagi dorulmualliminda oʻqiydi. Oʻz iqtidori va bilimini doimo oshirib boradi. Izlanishdan, kitob mutolaa qilishdan sira charchamaydi. Ayrim manbalarga koʻra, Istanbuldagi oʻquv yurtlaridan birida dars ham beradi. Zakiy va yurtparvar shoir “Buxoro tamimi (umumiy) maorif jamiyati”ni tashkil etib, Turkiyaga oʻqishga kelgan vatandoshlarining shu jamiyat atrofida uyushishi va tahsil koʻrishiga rahbarlik qiladi. Ana shunday fidoyi va xalqparvarligi bilan butun turk olamini zabt etadi. U ilmi, ijodi, faoliyati bilan oʻz davrida alohida ajralib turgan eng yorqin siymodir. Bu borada Sadriddin Ayniy shunday deydi: “Bu davrning ochiq fikrli yoshlaridan biri Abdurauf Fitrat edi. U buxorolik talabalar ichida eng qobiliyatli va fozillaridan biri hisoblanar edi”.

Darhaqiqat, Turkiyadagi tahsil va ijtimoiy-siyosiy vaziyat Fitrat dunyoqarashida tub burilish yasadi. U “Munozara”, “Hind sayyohi bayonoti”asarlari, “Sayha” sheʼrlar toʻplamini yaratib, nashr ettirdi. Shoirning bu asarlari Buxorogacha yetib keldi va buxorolik yoshlarni ilm-maʼrifatga, yuksalishga undadi.

1913-yilda Fitrat Buxoroga maorif va madaniy-ijtimoiy qurilish haqidagi yangi gʻoyalar bilan qaytib keldi. Qisqa muddatda Buxoro jadidchilik harakatining yetakchi vakillaridan biriga aylandi. Uning “Rahbari najot”, “Oila”, “Begijon”, “Mavludi sharif”, “Abo Muslim” kabi asarlari XX asr oʻzbek publitsistikasi va dramaturgiyasi rivojiga muhim hissa qoʻshdi. Fitrat pedagog sifatida “Muxtasar islom tarixi”, “Oʻqu” kabi darsliklarni yaratdi. Islohotchi va publitsist sifatida “Hurriyat” gazetasida keskir maqolalari bilan chiqish qildi.

Taʼkidlash joizki, Fitratning Toshkentdagi eng katta xizmatlaridan biri “Chigʻatoy gurungi” jamiyatini tashkil etishi edi. Mazkur ­jamiyat­ uch yilgina faoliyat olib borgan boʻlsa-da, faqat oʻzbek tili va adabiyotinigina emas, umuman, oʻzbek madaniyatining shakllanish va taraqqiyot tarixini boshlab berdi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Fitrat Toshkentda yashab faoliyat koʻrsatgan davrlarda “Oʻgʻuzxon”, “Chin sevish”, “Hind ixtilolchilari”, “Temur sagʻanasi” kabi asarlarni yozdi. Ushbu asarlarda ham mamlakatimizda hukm surayotgan mustamlakachilik siyosati va uning millat taraqqiyotidagi xavfi haqida ramziy-majoziy ishoralar asosida mulohazalarini bayon etdi.

Fitrat nafaqat ijodkor, balki isteʼdodli davlat arbobi edi. U 1921-yildan Xalq maorifi noziri, bir yil oʻtgach, xorijiya noziri, xalq xoʻjaligi yigʻilishining raisi, jumhuriyat Markaziy ijroiya komiteti raisi oʻrinbosari, Xalq Nozirlari Shoʻrosi raisining muovini, Hukumat plan va smeta tashkiliy hayʼatining raisi, Buxoro xalq shoʻrolar jumhuriyati mehnat kengashining Prezidium aʼzosi vazifalarida faoliyat olib borgan. Xususan, uning gʻayrat va tashabbusi bilan Buxoroda sharq musiqa maktabi ochiladi.

Adib oʻz uyini shu maktabga beradi va bir qancha mashhur maqomchi va hofizlarni toʻplaydi. Yoshlar tarbiyasi va kelajagi bilan jiddiy qiziqqan Fitrat hamda Fayzulla Xoʻjayev 60 dan ortiq yoshlarni Germaniyaga oʻqishga yuboradi. Fitratning saʼy-harakatlari bilan bir qancha xayrli ishlar amalga oshiriladi. Jumladan, Buxoroda davlat teatrining ochilishida ham uning xizmatlari katta edi. Vatan va millat ravnaqi uchun kurashgan alloma, Moskva, Leningrad oliygohi talabalariga ham tahsil berdi, Sharqshunoslik ilmiy-tadqiqot institutida ishladi. Shuningdek, Leningrad davlat universiteti uni professorlikka sayladi. U mazkur universitetning sharq fakultetida professor sifatida Sharq xalqlari tili, adabiyoti, madaniyatidan maʼruzalar oʻqidi. Shu bilan birga, Moskvada, “Abulfayzxon” nomli birinchi oʻzbek tragediyasini yozdi va nashr etdi.

Moskvadan Oʻzbekistonga qaytgach, tilshunos olim sifatida “Oʻzbek tili qoidalari toʻgʻrisida bir tajriba: Sarf (1-kitob), Nahv (2-kitob)”, “Sarfi zaboni tojik” kabi ilmiy asarlarni yaratdi. Adabiyotshunos olim sifatida esa “Adabiyot qoidalari”, “Eng eski turkiy adabiyot namunalari”, ­“Oʻzbek adabiyoti namunalari”, “Fors shoiri Umar Xayyom”, “Aruz haqida” kabi bir qancha ilmiy risolalar yaratdiki, bular hozir ham oʻz ilmiy qiymatini yoʻqotmagan.

Abdurauf Fitrat qomusiy olim sanaladi. Chunki “Sharq shaxmati”, “Oʻzbek klassik musiqasi va uning tarixi” nomli asarlari uning serqirra faoliyat sohibi ekanini koʻrsatib turadi. ­Abdurauf Fitrat nafaqat turk olamida, balki Ovrupo va Rossiyada ijodi qizgʻin bahslarga sabab boʻlgan daho allomadir. Binobarin, olmon olimasi Ingeborg Baldauf oʻzining “XX asr oʻzbek adabiyotiga chizgilar” nomli kitobida maʼrifatparvarlik va jadidchilik ijtimoiy-siyosiy harakatiga keng baho berib, mazkur harakat taraqqiyotida Fitratning oʻrniga munosib baho beradi. Ijodkorning “Shaytonning tangriga isyoni” asarini tahlil etdi. Akademik A.N.Samoylovich esa “Turk xalqlari adabiyoti” kitobidagi bir qancha maqolalarda Fitrat faoliyati va ijodi haqida toʻxtalib, unga yuksak baho beradi.

Oʻz davridan boshlab to hozirga qadar ­eʼtiroflarga sazovor boʻlayotgan qomusiy olim Abdurauf Fitratning hayot yoʻli, millat taraq­qiyotidagi xizmatlari biz uchun oʻrnak, ­albatta. Ayniqsa, hozirgi globallashuv jarayonida uning asarlarini oʻrganish va tatbiq etish oʻta muhim sanaladi. Biz yoshlarimizga shunday buyuk yurtdoshimiz, millat va Vatan yoʻlida fidoyi ajdodlarimiz borligidan faxrlanish tuygʻusini shakllantirishimiz zarur. Qolaversa, yoshlarni ularga munosib farzand boʻlishga oʻrgatish — masʼuliyatli vazifamizdir.

Obidjon HAMIDOV,

Buxoro davlat universiteti rektori