Yoshlik dahosi farzandlarimiz siyrati va tiynatida aks etsin

    Abdurauf Fitrat “Najot yoʻli”da “Bolalar axloqiy tarbiyani muhitdan (yaʼni, atrofdan) oladilar, boshqacha qilib aytganda, bolalar suvga oʻxshaydilar, suv idishning shaklini olganidek, bolalar ham muhitning odob-axloqini qabul qiladilar”, deydi.

    Oʻz Murojaatnomasida: “Taʼlim sifatini oshirish — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir”, deya taʼkidlagan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev, “Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzgʻunchi yot gʻoyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, maʼrifat oʻrnini jaholat egallashiga yoʻl qoʻymaymiz”, deydi va “Buning uchun nafaqat masʼul tashkilotlar, balki barchamiz birgalikda muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini ochib berish, farzandlarimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash boʻyicha oila, mahalla va taʼlim maskanlarida ish olib borishimiz zarur”ligini kuyunchaklik bilan uqtiradi.

    Millatimizning ikki fidoyisi ilgari surgan bu daʼvatkor fikrlar har birimizni yosh avlod tarbiyasi haqida qaygʻurishga chorlaydi. Chunki bugungi zamon talabi shunday.

    Agar atrof-muhitimizda yuz berayotgan voqea-hodisalar mohiyatini tahlil qiladigan boʻlsak, mamlakatlar taqdirini yoshlar siyosati va maʼnaviy-maʼrifiy jabhadagi islohotlar belgilab berayotganiga amin boʻlamiz.

    Tarbiya yoʻli – hayot yoʻli

    Yaqinda jurnalist Salim Doniyorovning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida “Ruh va axloq tarbiyasi – hayot gʻoyasining asosi” sarlavhali jiddiy tahliliy maqolasini oʻqidik. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “XXI asrga kelib axborot makoni – haqiqiy jang maydoniga aylandi. Gʻoyalar, mafkuralar gʻolibligi, maʼnaviy qurbonlik jangi.

    Bu jang qahramonlari ham, jabrdiydalari ham, qurbonlari ham oʻzimiz boʻlishi har birimizni jiddiy tashvishga solmoqda. Bunda yana bir juda muhim haqiqatni aslo unutmasligimiz zarur va shart. Gap shundaki, bugun dunyoda “Yosh avlod ongi uchun jang” ketmoqda. Buni teran anglashimiz, aziz farzandlarimizga boʻlayotgan har bir tahdidni oldindan sezishimiz lozim.

    Shunday murakkab vaziyatda najot yoʻlini qayerdan izlamogʻimiz kerak, degan tabiiy savol tugʻiladi. Albatta, xavf va tahdidlarning chorasi ham bor. Buning uchun, avvalo, yosh avlod ongiga qanday tashqi tahdidlar xavf solayotganini oʻrganib chiqishimiz kerak boʻladi.

    Jurnalist, bu oʻrinda, yoshlarimiz ongiga oltita xavfli taʼsirni sanar ekan, ularga qarshi Bilim va Vatan gʻoyasini mustahkamlashimiz kerakligi haqida asosli fikrlarni ilgari suradi.

    Agar yoshlarimiz tarbiyasi bilan bogʻliq joriy vaziyatga shu nuqtayi nazardan yondashadigan boʻlsak, avvalo, taʼkidlash joizki, XXI asrda maʼrifat va maʼnaviyat masalasi har qanday davlatning buguni va kelajagini belgilab beradi. Yaʼni, yoshlarga maqsadli va sifatli taʼlim-tarbiya bermasdan turib, boshqa sohalarni rivojlantirish mumkin emas.

    Albatta, Yangi Oʻzbekiston islohotlarining aniq maqsadi ham shu. Bu borada keyingi yillarda koʻp saʼy-harakatlar boʻlyapti. Har jabhada yoshlarimizga keng imkoniyatlar beryapmiz, zarur sharoitlar yaratib, ularning qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlashga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda.

    Mohiyatan olganda, Oʻzbekistonda inson huquqlarini, ayniqsa, vijdon erkinligi va dinga eʼtiqod huquqini targʻib etish va himoya qilish borasida samarali ishlar qilinmoqda. Oʻzbekiston sanoqli davlatlar qatorida muammolarni bartaraf etishda xalqaro institutlar va ekspertlar hamjamiyati bilan konstruktiv muloqotga mutlaqo ochiq ekanini namoyish etmoqda. Ayniqsa, yoshlar siyosatiga doir mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari keng siyosiy doirada alohida eʼtibor qozonib, qizgʻin qoʻllab-quvvatlanmoqda.

    Bu ham Oʻzbekistonning yangicha siyosiy makonga intilishi va dunyo xalqlari hamjihatlik, oʻzaro tushunish va tinchlikparvar yoʻlda birlashishi tarafdori ekanini anglatadi.

    Taʼkidlash joizki, soʻnggi olti yilda Oʻzbekiston aholisi 13 foizga koʻpaydi. Bu yil nufusimiz 36 milliondan oshdi. Har yili safimizga qariyb 900 ming yosh avlod qoʻshilmoqda. Bu esa davlat va hukumat oldiga yangi-yangi vazifalar qoʻyishi tabiiy.

    Shu bois, 2023-yilga yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb nom berildi. Yil nomi bilan bogʻliq inson hurmati bevosita maktab, bogʻcha va shifoxonalarni koʻpaytirish, taʼlim va tibbiyot sifatini oshirish, mahallada yoʻl, suv, elektr, transport muammolarini hal qilish, ish oʻrinlarini koʻpaytirish, tadbirkorlikka yangi imkoniyatlar yaratish bilan chambarchas bogʻliq.

    Mana shunday bir sharoitda oldimizda yana bir juda muhim vazifa borki, u soʻzsiz – farzandlarimizni bugungi zamon ruhi va yangilanayotgan dunyo tamoyillariga bardoshli qilib tarbiyalash. Bu oʻrinda bizni mushohadaga chorlaydigan, tashvishlantiradigan masalalar ham oz emas.

    Jadid bobomiz Abdulla Avloniy tarbiya xususida shunday deydi: “Bolaning salomati va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmak, tanini pok tutmak, yosh vaqtidan maslakini tuzatmak, yaxshi xulqlarni oʻrgatmak, yomon xulqlardan saqlab oʻsdurmakdur. Tarbiya qilguvchilar tabib kabidurki, tabib xastaning badanidagi kasaliga davo qilgan kabi tarbiyani bolaning vujudidagi jahl maraziga “yaxshi xulq” degan davoni ichidan, “poklik” degan davoni ustidan berub, katta qilmogʻi lozimdur. Zeroki, “Hassinu axloqikoʻm” amri sharifi uzra xulqimizni tuzatmakgʻa amr oʻlinganmiz. Lekin xulqimizning yaxshi boʻlishining asosiy panjasi tarbiyadur”.

    Bu fikrlar farzand tarbiyasida qanday yoʻl tutmogʻimiz va hozir qaysi yoʻlda ekanimizni roʻy-rost anglatib turadi. Masalan, aytaylik, bugungi kunda katta avlod tomonidan bot-bot “yoshlar tarbiyasi sayozlashib qoldi, biz boshqacha edik”, qabilidagi eʼtirozli fikrlar bildirilayotganini eshitib qolamiz. Bundan tashqari, hozirda dunyoning turli nuqtalarida geosiyosiy muammolar kuchayi, davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch yoʻqolib borayotgan bir davrda radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar kuchaymoqda.

    Bunday tahlikali davrda maʼrifat oʻrnini jaholat egallashiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida ziyolilar amaliy harakatlari bilan faollik koʻrsatishi suv va havodek zarur. Ayniqsa, raqamlashtirish sharoitida yoshlarni turli zararli xurujlardan himoya qilish boʻyicha yangicha samarali vositalarga ehtiyoj sezilmoqda.

    Tabiiyki, yoshlarimiz ongini buzgʻunchi yot gʻoyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga qarshi qaratilgan kontentlarni aniqlash va ularni taqiqlash juda zaruriy talab. Lekin ularning oʻrniga axborot makonini milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga oid foydali kontent bilan toʻldirish masalasi turibdi.

    Choʻpchak aytsak ham oʻylab aytaylik!

    Ertaklar kichik yoshdagi bolalar ongining shakllanishida muhim oʻrin tutadi. Aynan shu yoshda bolalar ongiga ezgulik urugʻi qadaladi. Lekin bugungi kunda bolalar adabiyoti mazmuni ham koʻngildagiday emas.

    Bugun milliyligimizga yot gʻoyalar va axloqsiz qarashlar targʻib qilinayotgan ertaklar bot-bot bolalarimiz kitob javoniga yetib borayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Mentalitetimiz va insoniylikka mos kelmaydigan epizodlar, syujetlar, qahramonlar, diologlar va boshqa salbiy jihatlarni koʻrib beixtiyor yoqa ushlaysiz.

    Masalan, ertaklarda bolasini oʻrmonda adashtirib kelayotgan otani tasavvur qiling. Shunday holatni oʻqigan murgʻak qalb qay holatga tushadi. Yoki boshqa koʻplab ertaklarda oilaviy xiyonatlar, nayrangbozlik, fitna va fasodni oddiy holdek oʻquvchiga yetkazishga harakat qilinadi. Bunday nobop kitoblar nima maqsadda va kim tomonidan yozilayotgani eʼtibordan chetda qolmoqda.

    Shunday ekan, ertaklarning mazmunini qayta koʻrib chiqish ham juda muhim. Oddiy misol, ertakda shoh yoki boyning qizi uchun uch ogʻa-ini raqib boʻlib, yakunda kenja botir saltanatning yarmini qoʻlga kiritishi gʻoyasi oʻgʻil bolalarga notoʻgʻri tarbiya berishga omil boʻladi. Bunday misollarni juda koʻplab keltirish mumkin.

    Shuningdek, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda tarix, adabiyot va sanʼat kabi sohalar boʻyicha yoshlarning umumiy dunyoqarashini oshiradigan platformalar deyarli yoʻq. Yon qoʻshnimiz Qozogʻistonda Youtube kabi eng ommabop platformalarda davlatchilik tarixi, buyuk tarixiy shaxslar va milliy mafkuraviy kontentlar soni tobora ortib bormoqda.

    Toʻgʻri, mazkur 2–3 daqiqalik videoroliklar yoshlar uchun badiiy yoki ilmiy asar oʻqishning oʻrnini bosa olmaydi. Lekin mazkur yondashuv yoshlarning tafakkurini oshirishi bilan bir qatorda kitob oʻqishga ragʻbatlantira oladi.

    Milliy axborot makonida milliy birdamlik gʻoyalari asosida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur, Abdullaxon kabi davlat arboblari hayoti va ularning milliy davlatchiligimizga qoʻshgan hissasini kreativ tarzda yoshlarga yetkazib borish muhim hisoblanadi.

    Bundan tashqari, bugungi kunda biz tarixni oʻrganishda zamonaviy Oʻzbekiston hududidan kelib chiqib emas, balki oʻzbek xalqining shakllanishida muhim boʻlgan koʻplab turkiy xalqlarning tarixini mukammal oʻrganishimiz lozim. Bu, oʻz navbatida, qardosh xalqlar umumiy tarixga egaligi, oʻtmishi ham, ertasi ham bir-biri bilan uzviy bogʻliqligini oʻrganishga yordam beradi.

    Saboq ham, oʻrnak ham oʻzimizda

    Davlatimiz rahbarining 2020-yilda Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻzlagan nutqida amaldagi meʼyoriy hujjatlarga asosan oʻquvchini taʼlimning navbatdagi bosqichiga tayyorlashga yoʻnaltirilgani tanqid qilinib, asosiy maqsad oʻquvchilarni erkin fikrlash va mustaqil hayotga tayyorlash boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.

    Tan olishimiz kerak, yoshlar axborot olishda asosan uyali aloqa vositalari va raqamli texnologiyalardan foydalanishda ancha ilgʻor. Shu sababli, innovatsion usulda yosh psixologiyasidan kelib chiqqan holda farzandlarimizga amaliy darslarni turli infografikalar, videolar, rasmlar, testlar va mantiqiy savollarni vizual koʻrinishda taqdim etib borish maqsadga muvofiq.

    Oddiy misol, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida bolalar psixologiyasidan kelib chiqib, superqahramonlar ishtirokidagi komikslardan foydalanish mumkin. Bunda mazkur personajlar orqali bolalar ongiga boshqalarga gʻamxoʻrlik qilish yaxshi ekani, boshqa shaxslarning huquqlarini buzish yomonligi singdirib boriladi.

    Yana bir muhim masala, bolalar oʻziga qahramon yoki ideal qidiradi. Tan olaylik, bugungi kunda shunday vazifani estrada xonandalari, turli ijtimoiy tarmoq blogerlari yoki boshqalar bajarmoqda. Lekin jamiyatga foyda keltiradigan shifokor, oʻqituvchi, axborot texnologiyalari sohasi mutaxassisi yoki arxitektor kabi kasb egalari zamonamiz qahramoni sifatida koʻrilmaydi.

    Yoki yosh avlodga ularning tengdosh qahramonlarini ham oʻrnak qilib koʻrsatish mumkinmi? Ha, albatta. Mana, shu kunlarda butun dunyo ikki oʻzbek oʻgʻloni – Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorovga havas bilan boqmoqda. Oʻzimiz ham ularning har bir gʻalabasidan gʻurur hissini tuyamiz. Lekin buni farzandlarimizga namuna sifatida aytib berishimiz, oila, maktabda ular erishgan gʻalabalarni, ingliz tilida bergan intervyularini qoʻyib berib, havas hissini shakllantirimiz kerak emasmi?! Xalqimizda bejizga “Hasad bilan emas, havas bilan yasha”, degan aqida yurmaydi. Buning zamirida juda katta tarbiyaviy xulosalar turibdi. Shunday ekan, biz – ota-onalar, avvalo, oʻzimizni isloh qilish fursati allaqachon kelgan.

    Yana bir gap. Agar biz farzandlarimizning muayyan maqsad yoʻlida harakatlanishini ragʻbatlantirmoqchi boʻlsak, avvalo, shu kasbga nisbatan mehr uygʻotishimiz zarur.

    Biz oʻzimizni “bolajon xalqmiz” deb atasak-da, lekin oxirgi vaqtlari shu nisbatga mos boʻlmagan holatlarga ham duch kelayapmiz. Bolalarga shavqatsizlarcha munosabat ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez koʻrinish bermoqda.

    Bugungi dunyodagi global oʻzgarishlar qachonlardir muqaddas sanalgan “oila” tushunchasiga ham taʼsir oʻtkazmoqda.

    Tan olib aytaylik, bugun ayrim ota-onalar ishga berilib, pul ketidan quvib bolalar tarbiyasini esdan chiqarib qoʻymoqda. Biror kor-hol boʻlsa, ota-onalar maktabni, oʻqituvchini ayblash odatiy holga aylandi. Bu toʻgʻri emas, farzandni dunyoga keltirdingmi, tarbiyasiga ham, oʻqishiga ham oʻzing masʼulsan. Boshqacha boʻlishi ham mumkin emas.

    Darhaqiqat, sharq mutafakkirlari xalqlarning buyukligi uning maʼnaviy darajasiga va oila qadriyatlariga bogʻliq, degan fikrni aytgan. Axloqiy va madaniy fazilatlar, dunyoqarash hamda tafakkur esa bolalar tarbiya oladigan oilada, yaqinlari yashaydigan muhitda shakllanadi, kurtak yozadi.

    Oʻqituvchi maqomi – taʼlimga berilayotgan eʼtibor koʻzgusi

    Har qanday rivojlangan jamiyatda oʻqituvchining maqomi va mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, maʼnan va jismonan barkamol avlodni tarbiyalashning asosiy omili hisoblanadi.

    Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, 20 yil oldin savodxonlik asosan faqat kitob yoki biror matnni oʻqish, deb tushunilgan. Bugungi kunda bilim bilan birgalikda uni amaliyotga joriy eta olishingiz lozim. Yaʼni, biz yashayotgan shiddatli axborot zamonida kechagi bilim bugungi kunga toʻgʻri kelmayapti. Bugungi kunda zamonaviy kadrning asosiy indikatori, bu – malaka.

    Yaponiya, Xitoy kabi Osiyo davlatlaridagi iqtisodiy moʻjiza taʼlim islohoti bilan bogʻliq. Yoki oʻtgan asrning 60-yillarida Koreya va Singapur juda qashshoq mamlakat boʻlgan. Ular investitsiyani taʼlimga juda oqilona sarflagan. Xalqona aytsak, bizda ham eng iqtidorli yoshlarni oʻqituvchilik kasbiga jalb qilsakkina vaziyat tubdan oʻzgarishi mumkin.

    Tan olish kerak, soʻnggi yillarda bu borada salmoqli oʻzgarishlar amalga oshirildi. Birinchi navbatda, oʻqituvchilar majburiy mehnatdan – paxta terimi, obodonlashtirish ishlariga jalb qilishdan ozod qilindi.

    Bu borada oʻqituvchilarning maqomini, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash ham taklif etilmoqda.

    Oʻzbekistonda 2 milliondan ziyod pedagog faoliyat yuritmoqda. Innovatsion rivojlanish va “axborot jamiyati”ning asosiy manbasi hisoblangan sifatli taʼlim-tarbiya berishga erishish bevosita oʻqituvchining maqomiga bogʻliq, desak yanglishmaymiz. Bu borada nemis olimi Andreas Shlyayxer aytgan quyidagi fikr juda oʻrinli: “Taʼlim sifati hech qachon oʻqituvchi sifatidan oshib ketolmaydi”.

    Taʼlim — jamiyat kelajagi va millat ishi hisoblanadi. Oʻzbekiston 2030-yilga borib PISA tadqiqotlari boʻyicha kuchli 30 talikka kirishni maqsad qilgan. Bu maqsadlarga erishishda oʻqituvchilik kasbini nafaqat moliyaviy, balki intellektual jihatdan ham jozibador qilish muhim hisoblanadi. Yaʼni, taʼlim siyosati doimo iqtisodiy siyosat bilan chambarchas bogʻliq. Bu esa, oʻz oʻrnida, oʻqituvchilarning mehnatini munosib ragʻbatlantirish boʻyicha barcha kuch va resurslar, saʼy-harakatlarni safarbar etish zaruratini koʻrsatmoqda. Bu borada, xorij tajribasi asosida har bir taʼlim muassasasida bitiruvchilarning taʼlim va innovatsiyani rivojlantirishga qaratilgan investitsiya fondlarini (ENDOWMENT FUNDS) tashkil etish amaliyotini yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga ega.

    Masalan, dunyoning mashhur universitetlari boʻlgan Stenford, Harvard kabi universitetlarda ham investitsiya fondi tashkil etilgan boʻlib, ushbu universitetni tamomlagan, oʻz karyerasida katta muvaffaqiyatlarga erishgan bitiruvchilar oʻz ixtiyori bilan oʻzlaridan keyin taʼlim olayotgan avlod uchun moddiy yordam koʻrsatish maqsadida pul mablagʻlarini xayriya qiladi.

    Agar universitet yoki maktab huzurida shunday fond tuzilsa, donorlarning jamgʻarma fondi faqat stipendiyalar, professorlar yoki tadqiqot dasturlarini moliyalashtirish uchun ishlatilishi mumkin.

    Xulosa sifatida aytish mumkinki, ilm-maʼrifat, tarbiya berishda tanaffus boʻlishi mumkin emas. Bunda biz eskicha ishlashga, eskicha fikrlashga haqqimiz yoʻq. Bunday deyishimizga juda katta sabab va mustahkam asos bor. Zero, biz “Yangi Oʻzbekiston orzusi” bilan yashayapmiz. Qolaversa, yoshlarni – Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari safida koʻrmoqdamiz. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, biz yoshlar siymosida umrimiz mazmunini, hayotimizning asosiy samarasini koʻramiz. Yangi Oʻzbekistonni azmu shijoatli yoshlar bilan birga bunyod etamiz!

    Bekzod NARIMONOV,

    Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti