Ekologiya vazirligi davlat inspeksiyasi va Bosh prokuratura maʼlumotlariga koʻra, oʻrganishlar davomida Toshkent viloyati hamda shahar hududidagi pitomniklar hamda yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash joylarida 9 turdagi 80 dan ortiq sut emizuvchi hayvonlar va parrandalar, jumladan, 4 dona Afrika sherlari ruxsatnomadan tashqari, noqonuniy saqlab kelinayotganligi aniqlandi. Ushbu hayvonlarning bir qismi belgilangan tartibda saqlash uchun Toshkent shahar hayvonot bogʻiga topshirildi. Oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda.
Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi 736-son qaroriga asosan, 2025-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan koʻpgina (roʻyxat asosida) yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash hamda sirk tomoshalarida yovvoyi hayvonlardan foydalanish taʼqiqlandi.